O‘tganlarni xotirlash, safimizdagilarni qadrlash ayyomi

9-may – Xotira va qadrlash kuni

 

Ajdodlarni xotirlash va keksalarni e’zozlash millatimiz tiynatiga xos ulug‘ qadriyatdir. Mamlakatimizda har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida yoshi ulug‘ insonlar, nuroniylarimizga bo‘lgan hurmat-e’tibor doimo diqqat markazida turibdi.

O‘zbek xalqi azaldan tinchliksevar xalqdir. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan boy milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.

9-may – Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad mujassam. Bu sana mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati tinchlik-totuvlik tarafdori ekanining yana bir yaqqol tasdig‘idir.

Ushbu kunda 1941-1945-yillar urush va mehnat frontida tinchlik uchun kurashib halok bo‘lgan jasur va matonatli o‘g‘lonlar xotirasi yod etiladi. Jang maydonida jasorat ko‘rsatgan va front ortida matonat bilan mehnat qilgan nuroniylarimiz e’zozlanishi xalqimizga xos qadriyatlar ko‘zgusi sanaladi.

Kunlar izidan kunlar, yillar izidan yillar, asrlar izidan asrlar o‘tmoqda, charxi falak aylanmoqda. Binobarin, o‘tganlarni xotirlash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, oramizda yashab turgan insonlarni qadrlash, ertangi yorug‘ kelajakka ishonch bilan qarash – mohiyatan bir-biriga chambarchas bog‘liq tushunchalardir.

Shu ma’noda, yurtimizda nuroniylarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash an’anaga aylanganligini ta’kidlash joiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1 million 951 mingdan ortiq aholi ishtirok etgan. Bu o‘sha vaqtda yurtimizda yashagan 6 million 551 ming nafar aholining uchdan biri, mehnatga yaroqli insonlarning qariyb 50 foizini tashkil qilgan.

Urush maydonlaridan 870 ming nafardan ziyod hamyurtimiz nogiron bo‘lib qaytgan, 538 mingdan ortig‘i esa qonli janglarda halok bo‘lgan. Hozirgi vaqtda 158 mingdan ko‘proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.

El-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 200 mingdan ortiq O‘zbekiston farzandi jangovor orden va medallarga sazovor bo‘lgan. Ularning 301 nafari Sovet ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 70 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.

Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.

Istiqlol yillarida Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Bu kunda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, umuman, o‘tganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan buyuk zotlar: Spitamen va Shiroqdan – Turkon Xotun va Mahmud Torobiygacha, Sohibqiron Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekdan – Zahiriddin Muhammad Boburgacha, Jaloliddin Manguberdidan – Najmiddin Kubrogacha bo‘lgan shonli ajdodlarimiz yodga olinadi.

Toshkent shahrining markazida – Xotira maydonida ochilgan qaddi dol Motamsaro ona siymosi poyiga bitilgan: “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!” – degan so‘zlarni o‘qib, har bir kishining yuragi hapqirib ketishi tayin. Chunki Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan har bir inson, shak-shubhasiz, kimningdir jigarporasi, dardi va armoni...

Yurtimizning barcha mintaqalarida, ko‘plab shahar va tumanlarda ham shunday Xotira maydonlari barpo etildi. Bu maydonlarga o‘rnatilgan temir “daftar”larga urush qurbonlarining nomlari zarhal harflar bilan bitib qo‘yildi. Urushda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga bag‘ishlab  35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi.

Zero, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Xotira va qadrlash deganda biz, avvalo, o‘zimizni inson sifatida anglashni, odamiylik fazilatlarini ulug‘lashni nazarda tutamiz”, degan so‘zlari zamirida ana shunday hayotiy mohiyat yotibdi.

Ma’lumki, har yili mamlakatimizda Xotira va qadrlash kunini o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli farmon va qarorlar qabul qilinadi. Bu qonunosti hujjatlar asosida 1941 – 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga bir martalik pul mukofoti topshirish, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli vazirlik, idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda Vatanimiz ozodligi va sha’ni-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy, badiiy kechalar o‘tkaziladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 23-oktyabrdagi qarori ijrosi doirasida 2020-yili Toshkent shahri markazida G‘alaba bog‘i bunyod etildi. O‘sha yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligi munosabati bilan ushbu muhtasham maskan tantanali tarzda ochildi.

O‘zbekiston Prezidenti joriy yil 19-fevral kuni bu borada muhim bir Farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Davlat byudjeti mablag‘lari xisobidan:

  • Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari 10.000  (o‘n ming) AQSH dollari miqdorida;

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar 25 mln. (yigirma besh million) so‘m miqdorida;

  • 1941-1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilari 3 mln (uch million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga puxta tayyorgarlik ko‘rish, uni yuksak darajada o‘tkazish, O‘zbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulug‘lash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalashni nazarda tutuvchi Prezident qarori ham qabul qilindi.

Shu kunlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimiz tinchligi, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni xotirlash, ayni vaqtda hayot bo‘lgan mehnat faxriylari va keksalarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tadbirlari izchil o‘tkazilmoqda.

Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining yashash joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, ushbu toifadagi shaxslar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi" yubiley medali va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini tantanali ravishda topshirish jarayonlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, mazkur toifadagi shaxslarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularni parvarish qilish bo‘yicha tegishli xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Faxriylarimizning xohishlariga ko‘ra, ularga yurtimiz hududidagi sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan bir martalik bepul yo‘llanmalar taqdim etilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, BMT Bosh Assambleyasi 2004-yil 24-noyabrda 8 va 9-mayni Xotira va yarashuv kunlari deb e’lon qildi. Bosh Assambleyaning tegishli rezolyutsiyasida ushbu tarixiy voqea kelajak avlodni urush balosidan qutqarish maqsadida BMTni tashkil etish uchun sharoit yaratgani alohida ta’kidlandi.

Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Xalqimiz, jumladan, yoshlarimiz bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, kerak bo‘lsa, jonini tikkan jasoratli ajdodlarimizni hech qachon unutmaydi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak. Bu tarixiy haqiqatni navqiron avlodimizga to‘la yetkazish, farzandlarimizni milliy g‘urur va iftixor, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishida barcha mutasaddi tashkilotlar, olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz faol ishtirok etishlari farzu qarzdir.

 

Otabek NORBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech