“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Insonning insonligini belgilaydigan eng asosiy mezon, uning ma’naviyatidir. Kishi qanchalik boy yoki qudratli bo‘lmasin ma’naviy dunyoqarashsiz u mukammal emas!
Agar ma’naviyatga berilgan ilmiy ta’riflarga yana bir bor e’tibor qaratsak, ma’naviyat – inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha ekanligiga voqif bo‘lamiz. Bunga shubha qilmagan holda alohida ta’kidlash joizki, ma’naviyat kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini ham o‘z ichiga oladi. Uning asosida “ma’no” tushunchasi yotadi.
Insonning tashqi va ichki olami mavjud. Bo‘y-bastimiz, ko‘rinishimiz, kiyinish-u, xatti-harakatlarimiz tashqi olamimiz belgilari bo‘lsa, maqsadlarimiz, fikr yuritishimiz va orzu-istaklarimiz, intilishlarimiz-u his-tuyg‘ularimiz ichki olamimizning qay darajada ekanligidan dalolat beradi. Insonning ana shu ichki olami ma’naviyatdir. Oziq-ovqat odamga jismoniy quvvat bersa, ma’naviyat unga ruhiy oziq va qudrat bag‘ishlaydi.
Ming afsuski, ma’naviyat odamlarda shunchaki vujudga kelmaydi. U insonning tomonidan shakllantiriladi, ulg‘aytiriladi, boyitiladi. Ma’naviyat insonga ochlig-u yo‘qchilikka go‘zal sabrni, jahl-u nafsni tiyish va yengishni, xullas barcha illatlarga qarshi tura olishni ko‘rsatadi, o‘rgatadi.
Har bir inson dastlabki tarbiyani, ya’ni ma’naviy ozuqani oilada ota-onadan oladi. Keyin esa maktabga boradi. Jamoada o‘zini qanday tutishni o‘rganadi. Ma’naviy ozuqa olishning, chin inson bo‘lib yetishishning birdan bir yo‘li bu kitob mutolaasi hisoblanadi. Inson kamoloti va bilimining manbai kitob bilan bog‘liq. U insonni komillik sari yetaklaydi. Darhaqiqat, bu ma’naviy sarchashma farzandlarimizning, nafaqat farzandlarimizning, balki kitob o‘qishdan orlanmaydigan, zorlanmaydigan o‘rta yoki keksa kishilar uchun ham tayyor ma’naviyat sarchashmasidir.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning Prezidenti sifatida ish boshlagan davrdagi imzolagan dastlabki normativ-huquqiy hujjatlardan biri ham kitob va kitobatchilik to‘g‘risida edi. Ya’ni, 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi imzolangandi. O‘tgan vaqt ichida bu yo‘nalishda juda katta ishlar amalga oshirildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ayni sohadagi islohotlarning izchilligiga keng yo‘l ochdi.
O‘z navbatida, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini ommalashtirishga, aholida kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish va barcha uchun kutubxona va axborot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Quyida kitob va ma’naviyat birligini teran anglab bu yo‘nalishda olib borilayotgan ayrim jarayonlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi keyingi yillarda bu borada juda katta xayrli ishning boshini tutdi. 2020 yillardan boshlab sudyalar hayotiga, bevosita ularning faoliyatlariga bag‘ishlangan kitoblar nashr qilish borasida katta loyihaga qo‘l urildi va uning natijasi o‘laroq o‘tgan qisqa davrda mamlakatimiz mustaqil sudyalar korpusini shakllantirishga muhim hissa qo‘shadigan ko‘plab kitoblar o‘z o‘quvchilari qo‘liga yetib bordi. Bundan ko‘zlangan maqsad bitta — mazkur kitoblarni mutolaa qilgan o‘quvchi kim bo‘lishidan qat’i nazar kitob qahramonlar hayotidan o‘rnak olsin. Unga ergashishga harakat qilsin. Ayniqsa, sud-huquh sohasida ishlayotgan, insonlar taqdiriga daxldor qarorlar qabul qiladigan sud tizimi xodimlari bu yerdagi hikmat durdonalaridan bahramand bo‘lsin.
Keyingi to‘rt-besh yil davomida Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan xuddi shu ezgu maqsadga xizmat qiluvchi 10 yaqin badiiy, ilmiy, huquqiy kitoblar dunyo yuzini ko‘rdi. Xususan, “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati”, “ Uch mashhur o‘zbek ayoli”, “Matonatli ayol qissasi”, “Munosib yashamoq baxti”, “Sharafli yo‘l sohibi”, “Sahroday keng, daryoday toshqin” va “Umrim saboqlari” kitoblari huquqshunoslik sohaning darg‘alariga aylangan mashhur insonlarning hayoti va faoliyatidan hikoya qiladi.

Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Xolmo‘min Yodgorov umumiy tahriri ostida nashr etilgan “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” kitobi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2021.) mohiyat e’tiboriga ko‘ra, nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu kitobning o‘ziga xos xususiyati shundaki, birinchidan kitob sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyatiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, u faqat sudyalargagina emas, balki huquqshunoslik sohasining barcha vakillari (prokurorlar, ichki ishlar organlari xodimlari, advokatlar, notariuslar)ga ham amaliy qo‘llanma vazifasini o‘taydi.
Chunki, kitobda yaqin va uzoq tariximizda qozilik ishlarining qanday tashkil etilganligi bilan birgalikda, ajdodlarimizning huquqiy qarashlari tarixi, ularning adolat, haqiqat va insonparvarlik tamoyillari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritiladi;

ikkinchidan, kitobning badiiy saviyasi nihoyatda yuksak deb aytishga to‘la asos bor: “Navoiy nazdidagi qozi”, “Badiiy adabiyotda adolat talqini”, “Bobolar tafakkuridagi adolat”, “Qozining halolligi”, “Vatanni sevmaganlar, bizdan emasdirlar”, “Nafs, jism, ruh”, “Dasturilamal hidoya” kabi boblarida keltirib o‘tilgan ibratli rivoyat, hikoyat, naql, masal va matallar har qanday insonni mulohaza qilishga chorlaydi;

uchinchidan, nihoyatda samimiy ruhda yozilgan maqolalar mutolaasi sudyalarimiz tafakkuri, dunyoqarashi va albatta, kasbiy malakasi hamda insoniy axloqining toblanishida yaqin yordamchiga, maslahatchiga va amaliy ko‘makchiga aylanishi muqarrar. Zero, kitobda alohida qayd etilganidek, “tom ma’nodagi adolat insonni sevishgina emas, balki uni tushunish, tushungan holda o‘zga inson ustidan xolis huquqiy hukm chiqarishdan iboratdir.”
Ushbu kitob xalqimizning sevimli adibi, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Adolat, haqiqat va poklik istagi” sarlavhali So‘zboshisi bilan boshlanadi. Xurshid aka, o‘zining So‘zboshisini bejiz bunday nomlamagan. Darhaqiqat, kitob nashr etish tashabbuskorlari ushbu risola orqali sudyalarning ADOLAT, HAQIQAT va POKLIK tarafdori bo‘lishlarini chin dildan istashadi. Ramziy ma’noda kitobda berilgan g‘oya va fikrlar orqali sudyalarni adolatga da’vat etadi...

Xurshid Do‘stmuhammad So‘zboshisida quyidagi fikr-mulohazalarini bayon etadi:
“Sudya u yoki bu jinoiy xatti-harakat yoxud nizoli ishga huquqiy baho berar ekan, qanchadan qancha omillarni, sabab-oqibatlarni tosh-taroziga solib ko‘radi, tahlil qiladi, shundan so‘nggina hukm yoki qaror e’lon qilar ekan... o‘zining ustidan ham hukm chiqarayotgan hisoblanadi. Tasavvur qilaylik, har bir sud majlisining yakunida o‘qiladigan hukm nafaqat aybdorlar jinoyati yoki qilmishiga berilgan huquqiy baho, balki, ayni chog‘da, sudyaning o‘zi tomonidan o‘ziga berilgan baho hamdir! Qo‘limizdagi kitob mohiyatan ushbu holat-hodisani “ma’naviyat, odob va mas’uliyat” deb atamoqda”.
Kitobda uzoq va yaqin tariximizda qozilik va sud tizimi qahramonlarining faoliyati, hayoti katta bir ibrat maktabi sifatida ko‘rsatiladi. Ularning ba’zilari oramizda yo‘q. Ba’zilari keksalik gashtini surib izdoshlariga namuna bo‘lib yuribdilar. Tarix faqatgina dunyodan o‘tgan kishilarning qilgan ishlarini gapirish, ularni yod etishdangina iborat emas. Oramizda o‘zida katta tarixni jamlagan, o‘tmishi ne-ne kitoblarga jo bo‘lguvchi yurtdoshlarimiz ham oz emas. Keksalik gashtini surib yonimizda yashayotgan, hayotiy tajribalari va donishmandliklari bilan atrofdagilarga kuch-quvvat berayotgan kishilar ham talaygina. Ularning olayotgan har bir nafasi, aytayotgan har bir gapi bugungi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir.

Kitoblar bizga dunyoni jaholatdan, yovuzlikdan qutqarib qolishni o‘rgatadi. Kimdan yo nimadan? Albatta, insondan, dunyoni insondan qutqarib qolish, ya’ni insonlarga inson bo‘lib yashashni o‘rgatadi. Biz zamon o‘zgardi deya noliymiz aslida zamon emas, inson o‘zgardi. Yaxshi tomonga bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p. Yomon tomonga bo‘lsachi... Zamon joyida turibdi, lekin bugun Inson o‘z joyi — insoniylikni topolmayapti...
Kitoblar bizga hayotni o‘rgatadi, har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi. Ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro: “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zeb-u ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”, deb bejizga ta’kidlamagan.
Huquqshunos olim sifatida ushbu kitobni faqat sudyalar emas, balki barcha huquqshunoslar, ayniqsa bo‘lajak yuristlar mutolaa qilishini tavsiya etgan bo‘lardim.
Yaxshisi, ushbu kitobni o‘zingiz o‘qing.
Xulosa chiqarish ham o‘zingizdan...
Akmal Saidov, akademik
- Qo'shildi: 05.05.2025
- Ko'rishlar: 138
- Chop etish