BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi hisobotining taqdimoti

5-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida BMTning Munosib turar joy masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Radjagopalning 2024-yil 19-30-avgust kunlari O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobotining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Taqdimotda urbanizatsiyaning tez sur’atlarda kechayotgan jarayonlari sharoitida inson huquqlariga rioya etish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi, jumladan, majburiy ko‘chirishga duch kelgan shaxslarni himoya qilish kafolatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, BMT maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha natijalardan jamoatchilikni xabardor qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda sohaga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, sud organlari, munosib turar joy huquqini ilgari surish va himoya qilishga qaratilgan nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov taqdimotni ochar ekan, O‘zbekiston BMTning fuqarolarning munosib va xavfsiz uy-joyga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan barcha tashabbuslariga doimo hurmat bilan yondashishni ta’kidladi. BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B. Radjagopal janoblarining urbanizatsiya va turar-joy masalalariga qaratilgan konstruktiv tavsiyalariga alohida to‘xtaldi.

Ayni vaqtda ushbu tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan Milliy harakatlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” loyihasi ustida keng qamrovli ishlar boshlangan. Shu bilan birga, sudyalar, huquqshunoslar va huquq himoyachilari uchun qo‘shma o‘quv dasturlari hamda treninglarni amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda.

Bu tadbirlar davomida uy-joy nizolarini hal etishning xalqaro standartlari, tamoyillari va ilg‘or amaliyoti o‘rganilishi rejalashtirilgan. A. Saidov ta’kidlaganidek, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik fuqarolarning uy-joy munosabatlari sohasidagi huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher davra suhbatida nafaqat davlat sektori, balki fuqarolik jamiyati vakillari ham to‘planganiga e’tiborni qaratdi. Bunday dolzarb masalalarni muhokama qilishda inklyuziv yondashuv muhimligini ta’kidladi.

Munosib turar joyga bo‘lgan huquq — inson qadr-qimmati va farovon hayot kechirish huquqining ajralmas qismidir. Ushbu masalada BMTning tegishli tuzilmalari va milliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat huquqiy, balki amaliy yechimlar ishlab chiqishda ham muhim o‘rin tutadi.

Omer Fisher, jumladan, B. Radjagopalning O‘zbekistonga safari davomida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganini e’tirof etgan holda, ayrim aniq tavsiyalariga ham e’tibor qaratdi, ularni hayotga tatbiq etishda barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtirokini ta’minlash lozimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan u BMT tomonidan mazkur yo‘nalishda ko‘rsatiladigan texnik va ekspert yordamlari davom ettirilishini ma’lum qildi.

Tadbir doirasida BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi kotibiyati xodimi Gunnar Taysen so‘zga chiqib, B. Radjagopalning hisobotini taqdim etdi. U tashrif davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar, amaliy muloqotlar va joylardagi monitoring natijalari asosida ishlab chiqilgan xulosalar va tavsiyalarga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur hisobot O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda mamlakatda munosib uy-joy huquqini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Taqdimot chog‘ida Gunnar Taysen BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B. Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi doirasida olib borilgan tahlillar va xulosalarni qamrab olgan asosiy yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldi.

Birinchidan, tegishli uy-joy huquqini himoya qilish – munosib turar joyga ega bo‘lish inson qadr-qimmati va hayot sifati bilan uzviy bog‘liq ekani, bu huquqni ta’minlash barqaror ijtimoiy rivojlanishning asosiy shartlaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, uy-joy siyosati: mavjudligi, arzonligi, sifati va yashash imkoniyati – O‘zbekistonda uy-joy fondi kengayib borayotgani ijobiy baholanib, turar joylar aholining barcha qatlamlari uchun iqtisodiy jihatdan imkoniyatga mos bo‘lishi, sanitariya va xavfsizlik me’yorlariga javob berishi zarurligi qayd etildi.

Uchinchidan, majburiy ko‘chirish va ekspropriatsiya masalalari – bunday hollarda qonuniy asoslarga tayanish, adolatli va shaffof kompensatsiya mexanizmlarini joriy etish, inson huquqlarini to‘liq himoya qilish muhim.

To‘rtinchidan, uysizlik masalasi – uysiz fuqarolarni aniq hisobga olish, ularni vaqtinchalik va doimiy turar joy bilan ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Beshinchidan, aholining alohida toifalari uchun uy-joy huquqi – ayollar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va etnik ozchiliklar (xususan, roma/lo‘lilar)ning uy-joyga teng va adolatli sharoitda ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Oltinchidan, odil sudlovdan foydalanish – uy-joy huquqi buzilgan holatlarda fuqarolarning sud-huquq tizimi orqali o‘z huquqlarini tiklash imkoniyati mavjud bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Yettinchidan, BMTning maxsus ma’ruzachisi tomonidan O‘zbekiston hukumatining bu sohadagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida huquqiy, institutsional va amaliy yo‘nalishlarda bir qator aniq tavsiyalar berildi. Shuningdek, mazkur tavsiyalar asosida milliy “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbir davomida Gunnar Taysen ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Shuningdek, dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi va amaliy muhokamalar o‘tkazildi.

Taqdimot yakunida ishtirokchilar uy-joy siyosati sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech