INSON HUQUQLARI BO‘YICHA 2030 YILGACHA MILLIY STRATEGIYA LOYIHASI YUZASIDAN ELCHIXONALAR VA XALQARO TASHKILOTLAR VAKILLARI BILAN MASLAHATLASHUVLAR

20-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi” loyihasi yuzasidan xalqaro hamjamiyat va diplomatik korpus vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Muloqot BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda asosiy e’tibor inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etuvchi 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasining asosiy jihatlarini muhokama qilishga qaratildi. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashilib, milliy va xalqaro ekspertlarning taklif hamda tavsiyalarini inobatga olgan holda ushbu strategiyani yanada takomillashtirish masalalari ham alohida diqqat markazida turdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar namoyandalari hamda inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq xorijiy ekspert qatnashdi.

Maslahatlashuvlarning kirish qismida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Mahl so‘zga chiqdi.

Akmal Saidov 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish jarayonining ahamiyati, uning milliy va xalqaro miqyosdagi inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli maqsadlarini alohida ta’kidladi. Ushbu hujjat O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi asosiy dasturiy manba hisoblanib, mamlakatning uzoq muddatli islohotlar strategiyasi bilan uzviy bog‘liq ekani qayd etildi.

Shuningdek, A. Saidov O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyunda qabul qilingan Farmoni bilan tasdiqlangan inson huquqlari bo‘yicha ilk Milliy strategiya 2020–2024-yillar mobaynida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni belgilagan muhim tarixiy bosqich bo‘lganini e’tirof etdi. O‘z navbatida, Prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan yangi loyiha “yashil iqtisodiyot” va inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi ustuvor maqsadlarni mujassam etgani bilan ajralib turadi.

Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishda aniq maqsadlarga ega, manzilli va hisobdor yondashuvlar ustuvor etib belgilangan. Milliy markaz direktorining fikricha, mazkur hujjat nafaqat milliy darajadagi islohotlarni tizimli ravishda muvofiqlashtiradi, balki xalqaro maydonda O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi pozitsiyasini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Sabine Mahl inson huquqlari sohasida Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish jarayoniga xalqaro tashkilotlarni jalb etish, ochiq va inklyuziv muloqotni ta’minlash O‘zbekistonning bu sohadagi yangilangan siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon global miqyosdagi inson huquqlari standartlariga muvofiq milliy siyosatni shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi.

S. Mahlning fikricha,, mazkur strategiya inson huquqlari sohasidagi milliy siyosatni aniq maqsadlar asosida yo‘naltirishga, samarali monitoring va baholash mexanizmlarini joriy etishga hamda barcha fuqarolar, ayniqsa, aholining zaif guruhlari huquqlarini to‘liq ta’minlashga xizmat qilishi kerak.

Tadbirning amaliy qismida inson huquqlari sohasidagi 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlarda batafsil muhokama qilindi. Mazkur ishchi guruh sessiyalari Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zolarining moderatorligi ostida tashkil etildi va har bir guruh belgilangan yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalarni muhokama qildi.

1-ishchi guruh fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi. Ishtirokchilar so‘z erkinligi, adolatli sudlov, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha Milliy strategiya loyihasida belgilangan maqsadlarni qo‘llab-quvvatladi va jamoatchilik ishtiroki mexanizmlarini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar bildirdi.

2-ishchi guruhda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarni himoya qilish sohasidagi vazifalar bo‘yicha fikr almashildi. Ishtirokchilar teng iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatga bo‘lgan huquqni ta’minlash, shuningdek, ekologik adolat masalalari yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etdi.

3-ishchi guruh faoliyati ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar tomonidan ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar kabi toifalarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni institutsional darajada mustahkamlash, davlat xizmatlariga teng va inklyuziv kirishni ta’minlash yuzasidan aniq takliflar bildirildi.

4-ishchi guruhda milliy inson huquqlari institutlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish, ta’lim tadbirlari samaradorligini oshirish, inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Unda inson huquqlari bo‘yicha ta’limni barcha darajadagi ta’lim muassasalarida tizimlashtirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi xabardorligini oshirish va xalqaro tajribani tatbiq etish yuzasidan amaliy va manzilli takliflar ilgari surildi.

Ishchi guruhlarda olib borilgan muhokamalar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosiy taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, taqdimot orqali ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Taqdimot jarayonida har bir ishchi guruh nomidan spikerlar so‘zga chiqib, muhokama qilingan ustuvor masalalar, bildirilgan dolzarb fikrlar va loyihani takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflarni bayon etdilar.

Tadbir yakunida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher so‘zga chiqdi. U Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasini takomillashtirish yuzasidan qator qo‘shimcha tavsiyalarni taqdim etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech