BUDAPESHT, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. "Eurasia Magazine" jurnalida "Xalqaro parlamentarizm kuni: global demokratik kun tartibidagi ahamiyati, muammolar va istiqbollar" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Parlamentlar demokratik boshqaruv tizimida fuqarolar manfaatlarini ifodalash, ijro etuvchi hokimiyat ustidan nazoratni amalga oshirish va qonunchilik funksiyalarini bajarish orqali muhim rol o'ynaydi. Shu boisdan, har yili 30 iyun sanasi xalqaro parlamentarizm kuni sifatida keng nishonlanadi.
"BMT rasmiy hujjatlarida ta'kidlanganidek, kuchli parlamentlar demokratiyaning asosidir, chunki ular xalq irodasini aks ettiradi, qonunlar qabul qiladi va hukumatlar ish faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi", – deb yoziladi maqolada.
Shuningdek, materialda shu yil aprel oyida O'zbekiston poytaxtida ilk bor tashkil etilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tarixiy voqea bo'lgani qayd etilgan.
"Ijtimoiy rivojlanish va adolat yo'lida parlament faoliyati" mavzusida bo'lib o'tgan forumda 130 ga yaqin mamlakatdan 1400 ga yaqin delegat, jumladan, 100 dan ortiq milliy parlament spikerlari va ularning o'rinbosarlari ishtirok etdi.
"Eurasia Magazine" jurnaliga ko'ra, bugungi kunga qadar Parlamentlararo Ittifoq 181ta milliy va 15 ta mintaqaviy parlamentni birlashtirgan parlament diplomatiyasining markaziy instituti hisoblanadi. U gender tengligini ilgari suradi, inson huquqlarini himoya qiladi va barqaror rivojlanishga ko'maklashadi.
Maqola yakunida "2025-yilda Parlamentarizm kuni tartibidagi yo'nalishlar ayniqsa dolzarbdir. Xalqaro miqiyosidagi sa'y-harakatlar va erishilgan yutuqlarga qaramay, siyosatda gender tengligi ko'pchilik mamlakatlar uchun hali ham amalga oshirib bo'lmaydigan maqsad bo'lib qolmoqda. Faqat barcha fuqarolarning – jinsi, yoshi, etnik kelib chiqishi yoki ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar – teng ishtirokini ta'minlabgina parlamentlar haqiqatan ham demokratik va yashovchan institutlarga aylana oladi. Ularning jamiyatning ko'p qirrali tabiatini aks ettirish, inqirozlarga javob berish va barqaror yechimlarni ishlab chiqish qobiliyati XXI asrda muvaffaqiyatli parlamentarizmning asosiy mezoni bo'ladi", – deb ta'kidlangan.
- Qo'shildi: 01.07.2025
- Ko'rishlar: 281
- Chop etish