KO‘ZI OJIZLAR KUTUBXONALARI O‘GAYMI?

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolarining Qashqadaryo viloyatida o‘tkazgan o‘rganishlari hududdagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonalari faoliyatida o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, Kitob tumani kuzi ojiz­lar kutubxonasiga tegishli bino tuman hokimining 2020-yil 5-iyundagi 49-f-sonli farmoyishiga asosan buzib tashlangan. Ustiga-ustak farmoyishda kutubxonani yangi bino bi­lan ta’minlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilanmagan. Oqibatda oradan 5-yil o‘tganiga qaramasdan tuman ko‘zi ojizlar kutubxonasi o‘z binosiga ega bo‘lmay, 22-bolalar musiqa va san’at maktabining ikkinchi qavatida faoliyat yuritib kelyapti. Bu ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun qanchalik noqulaylik tug‘dirayotganini tasavvur qilish qiyin emas.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari tugrigida”gi Qonunning 23-moddasida respublika ijro etuvchi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga moneliksiz ki­rishi uchun shart-sharoitlar yaratishi va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini oqilona moslashtirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishi shartligi belgilangan. Biroq Kitob tumani hokimligi mazkur talabga panja ostidan karaganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Afsuski, tuman hokimligining qonun talablariga befarqligi bu bilan cheklanmagan. Aslida-ku, yuqorida aytib o‘tilgan farmoyishning o‘zi qonunga zid. Amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan tuman hokimi yaroqsiz deb topilgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini buzib tashlash tugrigida qaror qabul qilish vakolatiga ega emas. “Mahalliy davlat hokimiyati tugrigida”gi Qonunning 7-moddasi hamda Prezidentning 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari xulosasiga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan davlat kuchmas mulk obyektlarini buzish tugrigidagi qarorlar, viloyatlar va Toshkent shaxri xokimlari, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi.

Senat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar viloyatda ko‘zi ojizlar kutubxonalari bilan bog‘liq ayanchli holat yagona emasligini ko‘rsatdi.

Masalan, Dehqonobod va Koson tumanlarida kuzi ojizlar kutubxonalari xususiy tadbirkorlarga tegish­li bo‘lgan binolarga majburiy joylashtirilgan. Natijada tadbirkorlar tomonidan kutubxonalar faoliyatiga tusliklar yaratilib, binoni bo‘shatish talabi quyilmoqda. Muntazam ravishda elektr ta’minotidan uzish, xodimlarga bosim o‘tkazish, hatto kutubxona eshiklarini qulflab kuyish holatlari kuzatilyapti.

Bu o‘rinda qonun nuqtayi nazaridan tadbirkorni ham ayblab bo‘lmaydi. Chunki “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga ko‘ra tadbirkorlik subyekti mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bulg‘an mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

Mahalliy hokimliklarning chiqargan zo‘rma-zo‘raki qarorlari esa bir tomondan tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘lsa, ikkinchi tomondan nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini ham cheklamoqda.

Bundan tashqari, viloyatning Shahrisabz, Nishon, Qarshi, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan maxsus kutubxonalar hozirgi kunda bir xonali, sig‘imi cheklangan binolarda joylashgan. Ularda eng zarur infratuzilmaviy talablar — uquv zali, maxsus jihozlar, tegishli shart-sharoitlar umuman mavjud emas.

Viloyat markazi va barcha tumanlardagi maxsus kutubxonalarda eng asosiy hisoblangan sanitariya va tex­nik shart-sharoitlar (suv tarmog‘i, isitish tizimi, tabiiy gaz, kanaliza­siya va xk.) yaratilmagan. Aksariyati ta’mirtalab holatga tushib qolgan. Bu esa nafaqat mehnat va gigiyena talablariga zid, balki jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga nisbatan davlat kafolatlarining buzilishidir.

Mazkur masala Senatning yaqinda bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi yalpi majlisida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Majlisda hozir bo‘lgan Madaniyat vaziri o‘rinbosari Avazxon Tojixonov ushbu holatdan vazirlikning xabari borligini va uni bartaraf qilish vazifasi Qashqadaryo viloyati hokimligiga yuklatilganini aytish bilan cheklandi. Masala yuzasidan munosabati so‘ralgan Qashqadaryo viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Zokirov esa kutubxonalardagi ahvolni o‘nglash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar borasida tayinli bir gap aytolmadi. Faqat ko‘zi ojizlar jamiyatining moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun 100 mln. so‘m ajratib berilganini aytib o‘tdi xolos.

Vaholanki, butun bir viloyat miqyosida bu mablag‘ yetarli bo‘larmikan? Bu savolga javob berishni mutasaddilarning o‘ziga havola qilgan holda statistikaga murojaat etamiz.

Mamlakatimizda 2024 yilgi Davlat byudjetidan Madaniyat vazirligiga 1 trln. 100 mlrd. 445 mln. 300 ming so‘m ajratilgan. Yil yakuniga kelib Senat tomonidan davlat xarajatlari 9,98 trln. so‘mga kengaytirilgan va shuning doirasida Madaniyat vazirligi uchun moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rag‘batlantirish uchun yana 100 mlrd. so‘m ajratilgan. 2025-yil byudjet taqsimotida esa ushbu vazirlik uchun 1 trln. 172 mlrd. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Quryapsizmi, shunga qaramasdan vazirlikda ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalardagi muammolarni bartaraf etishga mablag‘ topilmagan. Viloyat hokimligi esa shunchaki hisobot uchun 100 mln. so‘m ajratib kuya qolgan!..

Qashqadaryo viloyati deganda, kuz oldimizga har tomonlama katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan zamin keladi. Neft-gaz sanoati, paxta va g‘allachilik, turizm sohalarida viloyatning salohiyati juda katta. Ammo ijtimoiy himoyaga muhtoj, yorug‘ dunyoni qurish baxtidan mahrum, nurga tashna, imkoniyatlari cheklangan insonlarga sharoit yaratish masalasi, afsuski, e’tibordan chetda qolmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1 -moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yilgan. Ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biri esa aholining muhtoj qatlamlarini va ehtiyojmand shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishdir.

Bosh qomusimizda belgilab quyilgan bu vazifalar davlat ijro hokimiyati organi bo‘lmish Qashqadaryo viloyati hokimligiga taalluqli emasmi?

 

Bu savollarga ulardan javob kutib qolamiz.

 

Xamrokul KARSHIYEV

(«Xalq so‘zi).

«Xalq so‘zi» gazetasining 2025-yil 8-avgust kungi 161 (9056)-soni

Powered by GSpeech