22-sentyabr – Butunjahon avtomobilsiz kuni

Ushbu xalqaro sana butun dunyoda allaqachon shunchaki nomigagina o‘tkaziladigan tadbir emas, balki haqiqiy ekologik aksiyaga aylanib ulgurgan. Bu xalqaro kunning da’vati transportning inson hayotidagi o‘rni va sayyoramizga ta’siri oqibatlari haqida chuqur fikrlashga qaratilgandir.

Har yili shu sanada turli mamlakatlarning millionlab aholisi shaxsiy avtomobilda yurishdan tiyilish orqali o‘z shaharlari havosining tozaligiga va atrof-muhit muhofazasiga hissasini qo‘shadi. Bunday tashabbus o‘zida boy tarix, ayni aksiya tadbirlarida turli xil shakllarda ishtirok etish tajribasi va tom ma’noda erishilayotgan natijalarni mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.

Xususan, «Avtomobilsiz kun» tarixi haqida fikr yuritganda, mazkur aksiyani o‘tkazish g‘oyasi XX asrning energiya bo‘hroni yuz bergan va Shveysariya hukumati fuqarolarni yonilg‘i tanqisligi sharoitida mashinalardan foydalanmay turishga chaqirgan davrda tug‘ilganligini qayd etish lozim.

Ayni chog‘da, oradan necha o‘n yillar o‘tib, 1994-yili Ispaniyaning Toledo shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyada amerikalik siyosatshunos va shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis Erik Britton ilk bor «Avtomobilsiz kun» aksiyasini muntazam o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish konsepsiyasini ommaga e’lon qilgan. Bu taklif tobora kuchayib borayotgan ekologik muammolarga yechim topish va havoni ifloslantiradigan transport vositalari harakatini davriy cheklash yo‘lidagi amaliy tavsiya sifatida qabul qilindi.

Bugungi kunda ushbu aksiyada sayyoramizdagi 2 mingta shaharning 100 milliondan ortiq aholisi ishtirok etmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – transportning tabiatga keltiradigan zarari haqida eslatish, qolaversa, shaharda harakatlanishning boshqa xildagi va beziyon imkoniyatlari mavjudligini amalda namoyon qilishdir.

Shahardan harakatlanishning boshqa xildagi va beziyon imkoniyatlari, deganda nimalarni tushunish mumkin?

Bu o‘rinda, dastavval, kamida bir kecha-kunduz mobaynida transportni boshqarishdan tiyilib, shaharda harakatlanishning yangi usullarini kashf etish haqida so‘z borayotganiga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Bunda jamoat transporti – avtobus, tramvay, trolleybus va metro poyezdlari xizmatidan foydalanish eng oson yo‘l hisoblanadi. O‘z navbatida, aksiya doirasida harakatlanishning ushbu birlamchi qulay va arzon usuliga alohida e’tibor qaratilishini rag‘batlantirish uchun hokimiyat tomonidan yo‘l haqi kamaytirilishi mumkin.

Shaharda harakatlanishning yana bir ommabop usuli – velosiped haydashdir. Bu usul, bir tomondan, ekologiya tozaligini ta’minlash yo‘lida qo‘l kelsa, ikkinchi tomondan, inson salomatligini yaxshilash uchun ham foydalidir. Jahonning, shu jumladan, O‘zbekistonning yirik shaharlarida velosipedchilar yo‘laklari barpo etilayotgani, ommaviy velomusobaqalar uyushtirilayotgani bu borada katta ma’rifiy va amaliy ahamiyat kasb etadi.  

Shaharda harakatlanishning uchinchi beziyon turi – piyoda sayr. Bunday sayr yordamida qisqa masofalarni mashaqqatsiz zabt etsa bo‘ladi. Qolaversa, hozirgi zamonaviy sharoitda ko‘chalarda ko‘paygan elektrosamokat va elektrovelosipedlardan ham bemalol foydalanish mumkin. Muhimi, harakatlanishning ushbu usuli ekologiyaga yetkaziladigan zarar miqdori kamayishiga olib keladi, shuningdek, yo‘lovchilarda kundan kun o‘zgarib va chiroy ochib borayotgan shahar manzaralaridan zavq olish imkoniyati ortadi.

Bir kunga transport vositasini boshqarishdan voz kechishning tabiatga va sog‘liqqa qandaydir nafi bormi o‘zi?

Mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, transport haydashdan atigi bir kungina voz kechish ham sezilarli darajada foyda keltiradi. Avvalo, ekologiya jihatidan yondashilsa, havoni bulg‘aydigan zararli chiqindilar miqdori kamayadi va bu natija juda muhimdir. Chunki, statistika ma’lumotlariga qaraganda, shaharlarda havoning ifloslanishi omili 80 foiz holatda avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu ma’noda, transport vositasini boshqarishdan voz kechish inson sog‘ligi uchun ham keraklidir. Ayniqsa, piyoda yurish yoki velosiped haydash jismoniy faollikni oshiradi. Natijada yurak-qon tomir tizimi mustahkamlanadi, har xil qisilishlar barham topadi va kayfiyat yaxshilanib, bardamlik ortadi. O‘z navbatida, ko‘chalarda mashinalarning ozligi shahar yo‘llarida tiqilinch va shovqinlarning  kamayishiga olib keladi.

Shuni ham qayd etish joizki, «Avtomobilsiz kun» aksiyasi avtomobillardan butunlay voz kechishga da’vat etmaydi. Bugungi zamonaviy turmush sharoitlarida buning imkoni ham yo‘q.

Eng muhimi, har yili bir kun bo‘lsa ham, inson o‘rganib qolgan mashinasi rulidan voz kechib, harakatlanishning boshqa usullariga murojaat qilish uchun o‘zida xohish-iroda topishidir. Shundagina insonga, jamiyatga va tabiatga foyda hamda manfaat ko‘p bo‘ladi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech