To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar tartibli o‘tkaziladi

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinmoqda va hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16-sentyabrdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada navbatdagi qadam bo‘ldi.

Hukumatning yangi qarori, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 31-maydagi «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Bunda, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularning atmosfera havosiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida «Oqilona iste’mol» («Save food») dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi  tasdiqlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida 2026 — 2030-yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi. Bunda:

  • to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi;

  • aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari ko‘riladi;

  • aholi orasida o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish normativlari asosida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tushuntirish tadbirlari o‘tkaziladi;

  • oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil bo‘lgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga topshirilishi ta’minlanadi.

Qaror bilan tanishish asnosida ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan qariyb 111-yil oldin aytgan: “...Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganidek siz-da, hatto, lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangiz-da o‘g‘lingizni zamoncha o‘qumoqig‘a sa’y qilsangiz. To‘yga isrof qilinaturgon oqchalarni o‘qumoq yo‘lig‘a sarf qilsangiz!..”, degan so‘zlarini esladik («Oyina» jurnali, 1914 yilgi 21-son, “Yoshlarg‘a murojaat” maqolasi). 

Aytmoqchimizki, baribir, bu boradagi kamchilik va illatlar oradan bir asrdan ortiq vaqt o‘tib ham to‘liq bartaraf bo‘lmadi. Zotan, to‘y-tantanalar, ma’raka-marosimlar o‘tkazishda isrofgarchilik, bazm­bozlik, ortiqcha xarajatbozlik kabi bema’ni odatlar birdaniga paydo bo‘lgan emas. Ular yillar, asrlar davomida yig‘ilib illatga aylangan. Bu illatlar har bir davrda shakl-shamo­yilini, qiyo­fasini o‘zgartirgan holda o‘zini turli ko‘rinishlarda namoyon qilib turadi.

Aslida, to‘y – har bir xalq, millat hayotida nihoyatda e’zozlanadigan, baxt-quvonch olib keladigan, insonlarni bir-birlariga yaqinlashtirishga, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan, barchani yaxshilikka undaydigan, shodlik, xursandchilik bag‘ishlaydigan marosim. To‘y  jarayonida  insonparvarlik,  izzat-ikrom,  mehribonlik, mehmonnavozlik,  inoqlik  kabi  oliyjanob fazilatlar o‘z ifodasini topadi. Inson zotini qadrlash, hurmatlash va ulug‘lashda to‘ylar beqiyos ahamiyatga ega.

Nuroniylarimiz “Topganing to‘ylarga buyursin!” deb duo qiladi. To‘y bilan bog‘liq chiroyli urf-odatlarimiz azal-azaldan shakllanib kelgan va bu ezgu qadriyat xalqimizning boy ma’naviy merosi, madaniyati darajasiga ko‘tarilgan.

Ammo keyingi paytlarda dabdababozlik, manmanlik, kim o‘zarga to‘y qilish, katta isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi ortiqcha illatlar, turli odamlar tomonidan o‘ylab topilib, joriy etilayotgani va qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan urf-odatlar avj olayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, to‘y o‘tkazishda: insonparvarlik – narsaparastlikka, izzat-ikrom – manmanlikka, mehribonlik – ta’na-yu zug‘umga, mehmonnavozlik – tilyog‘lamalikka,  inoqlik – gina-kuduratga o‘rin bo‘shatib berayotgani achinarlidir.

To‘g‘ri, to‘y-marosim, ma’rakani qanday o‘tkazish har bir shaxsning huquqi. Ammo shaxs­ning jamiyat, davlat, xalq oldidagi, minglab yillar davomida shakllangan qadriyatlar, milliy an’analar oldidagi burchi-chi? Sening huquqing – o‘zganing huquqi boshlangan joyda tugaydi, deydilar.

Binobarin, to‘y – bir kishining shaxsiy ishi bo‘lmay, u keng jamoatchilik tashabbusi va ishtiroki  bilan  o‘tadigan  tantana.  Shuning uchun  to‘ylarni  zamon  talabi  darajasiga  ko‘tarish  doimo  muhim  hisoblanadi. Va, albatta, to‘ylarni o‘ziga xos bayram tarzida tashkil etish, har tomonlama tartibga solish, ixchamlashtirish,  ayniqsa,  badiiy jihatdan boyitish hozirgi davr – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan  izchil islohotlarning dolzarb talabidir.

Shuni ham qayd etish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining 2019-yil 14-sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlangan. Ushbu Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega hisoblanadi.

Qo‘shma qaror va Nizomga muvofiq,  joylarda to‘y-hashamlarni 200-250 odamdan ko‘p bo‘lmagan, san’atkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, isrofgarchilik, ortiqcha hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazish belgilangan. Ma’rakalar ortiqcha isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazilishi darkor.

Bundan tashqari, 2020-yil mart oyida to‘y va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik joriy etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1921-moddasiga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va urf-odatlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya qilmaslik:

  • fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3,75 million so‘m);

  • mansabdor shaxslar va muassasalar egalariga 30 baravari (11,25 million so‘m);

  • takroran buzilganda esa 50 baravari (18,75 million so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Xulosa qilib aytganda, to‘ylarni tartibli tarzda o‘tkazish masalasiga yaqin yuz yildan buyon qayta-qayta murojaat qilinayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu, bir tomondan, yaxshi – chunki bunday hayotiy masalaga jamiyatimiz va davlatimiz befarq emasligi diqqatga loyiqdir.

Ikkinchi tomondan, ayni muammoga haligacha eng maqbul, har tomonlama jo‘yali va mo‘tadil yechim topilmaganligi tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, korrupsiyani  yengish uchun, birinchi navbatda, uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan o‘qildizlarini quritish shart.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech