Maorifsiz inson - qanotsiz qush

28-SENTABR – XALQARO AXBOROTDAN ERKIN FOYDALANISH KUNI

 

Axborotni erkin olish va tarqatish har bir demokratik jamiyatning asosiy tayanchlaridan biridir. 2019-yilda BMT Bosh Assambleyasi 28-sentabrni “Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni” sifatida e’lon qilgani ham bu huquqning jahon miqyosida e’tirof etilganini ko‘rsatadi.

Zamonaviy jamiyatda axborot eng muhim resurslardan biriga aylandi. U davlat va jamiyat faoliyatining ochiqligini ta’minlaydi, fuqarolarning huquqiy ongi hamda siyosiy faolligini oshiradi. Shu bois, demokratik davlatlarda axborotga ega bo‘lish huquqi inson huquqlari qatorida mustahkam o‘rin egallaydi.

Sharq uyg‘onish davri mutafakkirlari ham asrlar avval axborot va bilimning bebaho ahamiyatini yuksak qadrlaganlar. Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida inson baxti va jamiyat taraqqiyotini ilm bilan bog‘lagan. Ibn Sino “Donishnoma” asarida ilmni jamiyat rivoji va inson salomatligi uchun ochiq tarzda tarqatish zarurligini ta’kidlab, bilim yashirilsa, uning qiymati yo‘qolishini uqtirgan. Alisher Navoiy esa, ma’rifat va ilmni insonni ulg‘aytiradigan, jamiyatni birlashtiradigan kuch sifatida e’tirof etgan. U “Maorifsiz inson – qanotsiz qush” deya ta’kidlab, ilm va axborotning erkin tarqalishi qanchalik muhim ekanini yoritgan. Abu Rayhon Beruniy esa, ilm-fan va kuzatuv orqali haqiqatni ochish zarurligini uqtirgan.

“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonun har bir fuqaroning axborot izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqini, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun esa, har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va saqlash huquqini kafolatlaydi.

Axborotdan erkin foydalanish demokratiyaning asosiy shartidir. Biroq bu huquq mas’uliyatni ham talab qiladi. Internet orqali istalgan ma’lumotga ega bo‘lish mumkin, ammo ularning ishonchliligini tekshirish - har bir fuqaroning burchi. Chunki XXI asr – raqamli texnologiyalar, internet va global tarmoqlar asri. Raqamlarga e’tibor qaratsak, Google qidiruv tizimida kuniga 16,4 milliard qidiruv amalga oshiriladi, Wikipedia onlayn ensiklopediyasida 65 milliondan ortiq maqola mavjud, YouTube platformasiga esa, har daqiqada 500 soatlik video yuklanadi. O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari 93 foizdan, mobil internet foydalanuvchilari esa 95 foizdan oshgan. Millionlab odamlar ma’lumot olish, yangiliklarni kuzatish, ilmiy tadqiqotlarga kirish uchun internetdan foydalanmoqda.

Axborotdan erkin foydalanish inson huquqlarining ajralmas qismi bo‘lib, har bir kishiga bilim olish, to‘g‘ri qaror qabul qilish imkonini beradi. Bu huquq demokratik jamiyatning poydevori, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotining muhim omilidir. Axborot erkinligi – inson huquqi, kiberxavfsizlik esa uning ishonchli qalqonidir. Ikkalasi uyg‘un holda amal qilgandagina, jamiyat ochiq va xavfsiz bo‘ladi. Bu esa XXI asr demokratik taraqqiyotining eng muhim shartlaridan biridir.

28 - sentabr – Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni bizga faqat axborot olish huquqini emas, balki uni mas’uliyat va xavfsizlik bilan qo‘llash zarurligini ham eslatadi. Bu yo‘lda har bir shaxs, jamiyat va davlat o‘z hissasini qo‘shishi lozim.

 

Malika TALIPOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech