Ustoz jurnalist, atoqli ijodkor, yozuvchi va tarjimon, publitsist Karim Bahriyev haqgo‘y, o‘z prinsiplaridan sira og‘ishmaydigan, kamtarin va samimiy inson sifatida adabiyot, jurnalistika va umuman keng jamoatchilik e’tiborini qozongan inson.
Karim Bahriyevning 144 mamlakatning 494 nafar shoiri ijodini qamrab olgan “Dunyo she’riyati. Antologiya” nomli 3 jilddan iborat muhtasham to‘plami adabiyotimiz uchun o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur jamlanmaning taqdimoti paytida zalga kitobxon sig‘may ketgani fikrimizning yana bir yorqin isboti bo‘ldi.
Adabiy to‘plam taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda taniqli olim, akademik, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z, taniqli ijodkor Abdulla A’zam, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar mazkur to‘plam adabiyotimiz, badiiy tarjima sohasida yirik ijodiy tadqiqot, izlanish, muhim qadam ekanini alohida e’tirof etdilar.
– Ushbu uch jildli adabiy to‘plam haqida ustoz ijodkor, akademik, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning kitob so‘zboshida aytilgan gaplaridan o‘tkazib biron gap aytish mushkul, – dedi atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Har bir haqiqiy she’rdan yig‘i ovozi keladi. Bu kitobni o‘qir ekansiz, har bir xalqning dardli ekanini va shoirlarni ana shu dard shakllantirishini anglaysiz. Ijodkor duch kelgan she’rni emas, balki ruhiyatiga mos kelgan, satrlardagi iztiroblarni yuragidan o‘tkazgan she’rlarnigina ularning asl mohiyatini saqlab qolgan holda tarjima qilganini anglash mumkin. To‘plamdagi ayrim tarjimalar hatto originalidan ko‘ra ancha mukammalroq va yaxshiroq ekanini kitobxon darrov anglaydi. Karim Bahriyevning mahorati – she’r ruhini topa bilganida. Chinakam she’riyat o‘lmaydi, degan so‘zlar Karim Bahriyevning aynan mana shu tarjimalarida mujassam.
Adabiy anjumanda e’tirof etilganidek, 144 mamlakatning salkam 500 nafar shoiri ijodidan namunalarni ona tilimizga tarjima qilish hali dunyo tajribasida juda kam uchraydigan muhtasham yondashuvdir. Mazkur o‘ta murakkab va mas’uliyatli ijodiy jarayonga muallif o‘ttiz yil umrini bag‘ishladi.
– O‘zbek she’riyati dunyoning eng buyuk she’riyati sanaladi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. – Karim Bahriyevning bu tarjima asari zamirida juda katta matonatli mehnat bor. Bu kitobning mehnatida ijodkorning umr yo‘ldoshi Ilmira Rahmatullayevaning ham hissasi bor, deb o‘ylayman.
“Dunyo she’riyati. Antologiya” nomli 3 jildli kitob taniqli shoir Karim Bahriyevning ko‘p yillik mehnati mahsuli. Shuningdek mazkur antologiyaga folklor namunalari, xalq qo‘shiqlari, bayotlar va o‘nlab shoiri noma’lum she’rlar ham kiritilgan. Antologiya shunisi bilan ham ahamiyatliki, namunalar bir tarjimon tomonidan 11 ta til orqali amalga oshirilgan.
Bu kitobdagi har bir shoir iste’dod sohibi va har bir she’riyat asari hayajonli, dardliligi sabab o‘zbekchaga o‘girilib, o‘zbek o‘quvchisiga havola etilgan.
Adabiy anjumanda Karim Bahriyev ijodi, uning yangi tarjima asari xususida batafsil so‘z yuritildi. Tadbir ishtirokchilariga “Dunyo she’riyati. Antologiya” nomli to‘plam tuhfa etildi. Darhaqiqat, mazkur muhtasham she’riy jamlanma mamlakatimiz adabiy hayoti, badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos voqelik bo‘lgani aniq.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 24.09.2025
- Ko'rishlar: 97
- Chop etish