Axborot maydonidagi ta’sirchan kuch
BMT Bosh Assambleyasining 1996-yil 17-dekabrda qabul qilgan qaroriga muvofiq, 21-noyabr Butunjahon televideniye kuni sifatida e’lon qilingan.
Bosh Assambleya televideniyeni turli mojarolar, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlar, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga oid muhim axborotni jahon jamiyati e’tiboriga tezkor yetkazish imkonini beruvchi ta’sirchan vosita sifatida e’tirof etgan. Televideniye ayni vaqtda jamoatchilik fikrini shakllantirish va boshqarishning muhim mexanizmi hisoblanadi.
Televideniyening shakllanishi XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. 1930-yillar avvalida sobiq Sovet Ittifoqi olim va muhandislari B.Rozing, S.Katayev, A.Konstantinov, P.Timofeyev, P.Shmakov, amerikalik ixtirochilar V.Zvorikin va F.Farnsuort, britaniyalik muhandis A.Kempbell-Suinton hamda boshqa mutaxassislarning sa’y-harakati tufayli televizor amalda qo‘llanish bosqichiga yetkazilgan.
Dastlabki televizorlar tasvirni faqat oq-qora ko‘rinishda namoyish qilgan. 1950-yillar boshlarida AQSH, sobiq SSSR va bir qator boshqa mamlakatlarda rangli televideniye tizimlari ishlab chiqila boshlandi.
Qator manbalarda zamonaviy televizorning vatani sifatida poytaxtimiz Toshkent shahri tilga olinadi. 1928-yili toshkentlik kashfiyotchilar B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan elektron televideniye yaratilgan bo‘lib, tajriba tariqasida ishlatilgan bu ilk televizion uskuna “telefot” deb nomlangani diqqatga sazovor.
Bugungi kunda axborotni tezkor yetkazishda internet va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlari keskin kengaydi. Jamoatchilik har qanday voqea-hodisa haqida qisqa vaqt ichida onlayn manbalar orqali ma’lumot olmoqda. Shu bois televideniyening raqobatbardoshligini saqlash uchun unga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish talab etiladi.
Ommaviy axborot vositalari kuchli mafkuraviy ta’sirga ega vosita hisoblanadi. Ular ommaning tarbiyachisi, muhim jarayonlarning tashkilotchisi, dolzarb muammolarni yoritish va hal etishda ta’sirchan mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Shu orqali milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g‘oya va demokratik tamoyillar targ‘ib etiladi. Erkin va mustaqil OAV demokratiyaning o‘ziga xos mezoni bo‘lib, jamiyat taraqqiyotini rag‘batlantiradi va mustahkamlaydi.
Hozirgi global axborot muhiti milliy va xalqaro xavfsizlikka oid yangi yondashuvlarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Axborotga bo‘lgan talab, ayniqsa, bugungi kunda juda yuqori. Shunday sharoitda xolis va haqqoniy axborot tarqatish, jamoatchilik ehtiyojini qondirish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Demokratik jamiyatda ommaviy axborot vositalari, jumladan, teleradiokanallar erkin fikr, gumanistik g‘oyalar va ilg‘or tashabbuslarni ifoda etuvchi ochiq minbar sifatida baholanadi. Darhaqiqat, jahon miqyosidagi ulkan o‘zgarishlar, iqtisodiy rivojlanish va fan-texnikadagi ilg‘or yangiliklar aynan OAV orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Bugungi kunda ham televideniye jamoatchilik fikrini shakllantirish, yo‘naltirish va nazorat qilishning muhim vositasi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Sevara ISHMURATOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i
«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 20-noyabr kungi 21 (213)-soni
Ўзбекча
English
Русский