Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya – muhim
18-dekabr – Xalqaro migratsiya kuni
Har yili 18-dekabrda butun dunyoda Xalqaro migratsiya kuni nishonlanadi. Bu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2000-yili belgilangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — dunyodagi migrantlarning huquqlari va farovonligini himoya qilishga e’tibor qaratish, migratsiya jarayonlarini barqaror, xavfsiz va qonuniy yo‘llar bilan ta’minlashdan iborat.
Migratsiya bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining, ilmiy va texnik taraqqiyotning, shuningdek, madaniy almashuv va global hamkorlikning ajralmas qismiga aylangan. Migrantlar nafaqat o‘z oilasi va shaxsiy hayoti uchun, balki yangi ish joylari, ta’lim imkoniyatlari va innovatsiya jarayonlariga hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, ular yashaydigan jamiyatlar uchun ham qo‘shimcha iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradi.
Biroq migratsiya bilan bog‘liq masalalar hamisha ham muammosiz bo‘lmaydi. Notinchlik, muhojirlarning huquqlari buzilishi, ijtimoiy himoyaning yo‘qligi va noqonuniy migratsiya kabi salbiy holatlar bu jarayonning xavfsiz va samarali rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, xalqaro hamjamiyat bugungi kunda migratsiyani tartibli boshqarish, uning ijobiy tomonlarini kuchaytirish va har bir shaxsning huquq va qadr-qimmatini himoya qilishga haqli e’tibor qaratmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shunday ta’kidlaydi: «Ushbu Xalqaro migrantlar kunida keling, har bir migrantning huquqlarini birgalikda himoya qilaylik va migratsiyani barcha uchun munosib va xavfsiz qilaylik». Bu kun bizga migratsiya jarayonlarining ijobiy va salbiy tomonlarini qaytadan tahlil qilish, zamonaviy muammolarga e’tibor qaratilgan yechimlar ishlab chiqish va barcha migrantlar uchun huquq va xavfsizlikni ta’minlash zarurligini eslatadi.
Migrantlar kunining kelib chiqish tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, migrantlar huquqlarini tan olish yo‘lidagi birinchi qadam 1990-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Mehnatkash-migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganda qo‘yildi. Ushbu hujjat migrantlar va ularning oilalarini huquqiy himoya qilish, kamsitish va ekspluatatsiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xorijiy ishchi kuchining asosiy oluvchilari bo‘lgan mamlakatlarning hech biri Konvensiyani imzolamagan va ratifikatsiya qilmagan. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlarning aksariyati Meksika, Marokash va Filippin kabi migrantlarning kelib chiqish mamlakatlari hisoblanadi.
Migrantlar kuni aynan migratsiya nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy zarurat, balki rioya qilish va himoya qilishni talab qiladigan huquq ekanligi haqida xabardorlikni oshirish vositasi sifatida ta’sis etilgan. Shu kuni migrantlar huquqlari, ularning tarixi va jamiyatga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.
Migratsiya masalalari inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish bilan bevosita bog‘liq. Inson huquqlariga oid barcha xalqaro hujjatlarda turli shakllarda migratsiyaning asosiy komponenti — harakat erkinligiga e’tibor qaratilgan.
Masalan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasida: «Har bir inson har bir davlat doirasida erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqiga ega», deyiladi. Bu huquqning qoidalari yanada keng va aniq tarzda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12 va 13-bandlarida aks ettirilgan.
Harakatlanish va yashash joyini tanlash erkinligi — insonga tug‘ilganidanoq tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas huquqdir. Keng ma’noda, bu huquq insonga qonuniy yashaydigan mamlakat hududida erkin harakatlanish, shuningdek, o‘z belgilagan vaqtincha yoki doimiy yashash joyida tinch va xavfsiz istiqomat qilish imkonini ta’minlaydi.
Migratsiya sohasida bir qator xalqaro shartnomalar ishlab chiqilgan va amal qiladi. Ular, xususan:
· 1990 yilgi BM Konvensiyasi — barcha mehnatkash migrantlari va ularning oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish;
· Xalqaro mehnat tashkilotining 1975 yilgi Konvensiyasi — migratsiya sohasidagi huquqbuzarliklar va mehnat migrantlari uchun teng sharoitni ta’minlash;
· Xalqaro mehnat tashkilotining 1949 yilgi 97-sonli Konvensiyasi — mehnat migrantlari huquqlari;
· BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi va uning qo‘shimcha bayonnomalari — noqonuniy ravishda migrantlarni olib kirish va odam savdosining oldini olish;
· 1951 yilgi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya va uning 1967 yilgi bayonnomasi;
· 1961 yilgi Fuqarosizlik holatini kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiya kabi hujjatlarni o‘z ichiga oladi.
Migratsiya jarayoni bilan bog‘liq vazifalarning favquloddaligi va murakkabligi mintaqalaru mamlakatlar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan harakatlar va hamkorlikni talab qiladi. BMT mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida muloqot-u hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, hamkorlik sohasida tajriba almashish va imkoniyatlarni kengaytirishga ko‘maklashish orqali bu borada faol rol o‘ynamoqda.
2016-yil 19-sentyabrda Bosh Assambleya qochoqlar va migrantlarni himoya qilish choralarini kuchaytirish maqsadida qochoqlar va migrantlar masalalari bo‘yicha tarixda birinchi marta bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi yig‘ilishida bir qator majburiyatlarni qabul qildi. Ushbu majburiyatlar Nyu-York deklaratsiyasida mavjud. Unda jahon yetakchilarining insonlar hayotini saqlab qolish, inson huquqlarini himoya qilish va mas’uliyatni global darajada adolatli taqsimlashga qaratilgan siyosiy irodasi o‘z ifodasini topgan.
Migratsiya nafaqat inson huquqlari, balki davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois 2018-yili Marokashda xalqaro hamjamiyat tomonidan "Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnoma" ma’qullangan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 70 milliondan ortiq kishi migrant sifatida yashamoqda. Jahon bo‘ylab tarqalgan pandemiya davrida esa, karantin choralari sababli ularning bir qismi mehnat qilgan davlatlarda ijtimoiy himoyasiz, zaruriy iste’mol mahsulotlarisiz va turmush sharoitisiz qolgan hamda ularning o‘z vatanlariga qaytish imkoniyati cheklangan. Mazkur holatlar migratsiya jarayonlarini tartibli boshqarish va migrantlarning huquq va xavfsizligini ta’minlashning ahamiyatini yanada oshirdi.
Migratsiya har doim butun dunyo hamjamiyati hayotining bir qismi bo‘lib kelgan. Qadim zamonlardan beri odamlar yangi imkoniyatlar va yaxshiroq hayot izlab ko‘chib yurishadi. Iqlim o‘zgarishi, demografik omillar, beqarorlik, urushlar, o‘sib borayotgan tengsizlik va odamlarning yaxshi hayotga intilishi, mehnat bozorlaridagi qondirilmagan ehtiyojlar – bularning barchasi migratsiya bundan keyin ham davom etishini anglatadi.
Faktlar shuni ko‘rsatadiki, migrantlar hamma joyda jamiyatni boyitadi va iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlanishning kuchli harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Bundan tashqari, xalqaro migratsiya ko‘p hollarda kelib chiqish mamlakati uchun ham, borish mamlakati uchun ham foydalidir.
Migrantlar ko‘pincha o‘z mamlakatlari bilan mustahkam aloqalarni saqlab qoladilar, shu bilan birga ular boy bilim, tajriba va ko‘nikmalarni olib keladigan yangi jamoalarni qabul qiladilar. Shunga qaramay, butun dunyoda muhojirlarga nisbatan adovat kuchayib bormoqda.
Xalqaro migrantlar kuni ko‘plab mamlakatlarda hukumatlararo va nodavlat tashkilotlar tomonidan migrantlarning inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek, immigrantlar huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni tushuntirish bo‘yicha turli aksiyalar va ishchi seminarlar o‘tkazish orqali nishonlanadi. Qolaversa, ayni sana doirasidagi tadbirlar har yili muayyan mavzuga bag‘ishlanadi.
Iqbol ABDUMAJIDOV,
Milliy markazning Inson huquqlari sohasida
xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i
Ўзбекча
English
Русский