Oydin dil va oydin niyatlar kitobi
“She’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu o‘gitiga qat’iy amal qilgan holda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamiyatimizda nazmiy asarlar targ‘ibotini har tomonlama kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bunga birgina amaliy misol: keyingi davrda taniqli o‘zbek shoirlarining saylanma she’rlar to‘plamlarini “Shoir va zamon” ruknida izchil nashr etish yo‘lga qo‘yildi. Bu turkumidagi kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Tahrir hay’ati tomonidan nashrga tavsiya etilayotgani va Uyushma homiyligida chop etilayotgani alohida tahsinga loyiq.
Yaqinda shoir va tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Saylanma: Ey, Oy!” (Toshkent, “Adabiyot” nashriyoti, 2025. - 296 b.) nomli she’rlar to‘plami ham xuddi shu turkumda nashrdan chiqdi. Kitobda muallifning so‘nggi yillarda yozilgan she’rlari, shuningdek, oldingi 7 ta she’riy to‘plamiga kirgan ijod mahsullaridan ayrim namunalar jamlangan.
Istedodli G‘ulom Mirzoning ijodi o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Uning «Oyparast dil» va «Taayyun raqamlari» (2023), «Otamning bog‘i» (2019), «Qalb tomchilari» (2010), «Oftobga qaytaman» (2008), «Unutilgan hur» (1997), «Yaxshiyam siz borsiz» (1994) she’riy kitoblari, “Ey, darvesh” (2022) qissasi hamda o‘ndan ortiq publitsistik va tarjima asarlari chop etilgan.
Shoirning “Ey, Oy” saylanma kitobi bilan avvalgi she’riy to‘plamlari o‘rtasida mohiyatan uzviylik va mantiqan asoslilik bor. Yangi kitobda oldingi she’riy to‘plamlar orqali sizu bizga yaxshi tanish bo‘lgan “dil” obrazi endilikda yangi qiyofada, ya’ni oyparast dil maqomida namoyon bo‘lmoqda.
Saylanma shoirning “Ey, Oy” she’ri sarlavhasi bilan nomlangani bejiz emas. Ayni she’r orqali shoir Oyga:
“Ey, kunduzi koinotdek olis beshumor, tunlar esa tushlarimda charx urgan humoy!” (170-bet), deya to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiladi. Ya’ni, Oyni – Sharqda ezgulik ramzi bo‘lgan afsonaviy qush, baxt qushi, “davlat qushi” – humo (humoy) qushiga mengzaydi. Shoirning badiiy mubolag‘asiga ko‘ra, Somon yo‘li – Oyning shippagidan to‘kilgan g‘ubordir. Bu, o‘z navbatida, “Sen uyimga qachon kelib ketgan eding, Oy”(170-bet), degan savolni keltirib chiqaradi.
G‘ulom Mirzo boshqa ko‘plab she’rlarida ham Oyga jo‘shqin murojaatlar yo‘llaydi. Xususan, shoir “Bolaligim kechgan hovli” (17-bet) she’rida “Oy – oynayi jahon” (18-bet), “Qalandar ”(73-bet) she’rida “Oy – qilich” (73-bet), “Chillaning boshlanishi”(95-bet) she’rida “Oy – langar”(95-bet) degan o‘xshatishlarni qo‘llagan bo‘lsa, “Chiltashbeh” (21-bet) she’rida Oyga nisbatan qatorasiga 40 tadan ortiq metaforani ishlatgan. Shuningdek, “Oyda soat bormi?”(18-bet), “Shoir”(32-bet), “Oy, jamoling ko‘zimdan to‘sma”(58-bet), “Oy, yuzlaring – ko‘nglimdek tiniq”(64-bet) kabi she’rlarda adabiy qahramon Oy bilan go‘yoki jonli muloqotga kirishadi.
Ijodkor uchun Oy – ramz, she’riy obraz, ta’bir joiz bo‘lsa, ilhom parisi. Masalan, shoir bir she’rida “Kechasi oynadan bo‘ylama – ikki moh sig‘magay falakka”(60-bet), degan qiyosni keltiradi. Zero, adabiy qahramon uchun Yor bilan Oy go‘zallik bobida teng. Yana bir she’rda Yor – Oyga, adabiy qahramon esa zimiston kechaga taqqos etilgan.
Bu she’rlarda oshiq dilning devonaligi otashin she’riy misralarda oyparastlik timsolida taqdim etilganki, bunday badiiy yechim she’rxonni aslo bee’tibor qoldirmaydi. Bundan tashqari, “Eski janggoh”(134-bet) she’rida “Oy va Quyosh – g‘olib tug‘lar”(134-bet), deb ta’riflansa, “Qo‘rboshi”(140-bet) she’rida Oy – minoraning siniq parchasiga(140-bet) qiyoslanadi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobidagi “Oy farzandi” faslidan mana bu fikrlarni e’tiboringizga havola qilishni ma’qul, deb topdik: “Qadim-qadim zamonlarda ajdodlarimiz quyoshga, oyga, yulduz va sayyoralarga topinganlar. Dashtu sahrolar osha olis, mashaqqatli yo‘llarda kunduzi quyosh, kechasi oy va yulduzlar ularga mash’ala, qiblanamo bo‘lgan. O‘g‘lonlari ismini Kuntug‘mish, Oybek deb, qizlarini Oybarchin, To‘lganoy, Yulduzxon, Zuhro, Surayyo, Mushtariy, Sitora deb ataganlar. Ikki yuz yil avval Hindistonda yashab ijod qilgan hamyurtimiz Mirzo Asadulloxon G‘olib o‘z ajdodlarini eslab: “Men asli samarqandlikman, naslim Oybeklar zotidan”, — deya g‘urur bilan yozgan”.
Ustoz adibimiz ta’biri bilan aytganda, bizlar hammamiz Oy farzandlarimiz. Oydan tushgan kabi soddamiz. Dilimiz oydin, niyatimiz oydin. O‘zbek bejiz onani oyi deb, Oyni oymomo deb atamagan. Binobarin, G‘ulom Mirzo ayni milliy an’analarni nafaqat izchil davom ettirayotgan, balki yangi va kutilmagan obrazlar bilan tom ma’noda boyitayotgan novator kreativ(topqir)ijodkordir.
Shoirning yangi kitobidagi she’rlarning mazmuni haqida gap borganda, birinchi navbatda uning boy, o‘ziga xos va xilma-xil mundarijasi diqqatni o‘ziga tortishini qayd etish darkor. She’riy to‘plamga tartib berishda Sharq va G‘arbning bu boradagi ijobiy an’analariga birdek va izchil amal qilingan.
Saylanma “Qushlar guldek tokchada so‘lar”(4-bet), “Otamning bog‘i”(45-bet), “Sen – munosib afsonalarga”(55-bet), “Sensiz sas yo nafas bormu?”(66-bet), “XX asr manzaralari”(134-bet), “Ey, Oy!”(170-bet) kabi fasllarda jamlangan she’rlar bilan boshlanadi. Bu fasllar bir tomondan, yangi she’rlardan tashkil topgani bilan alohida e’tiborni o‘ziga tortsa, ikkinchi tomondan, har bir fasl nomiga “Tabiatga ehtirom ila”(45-bet), “Sevgi maktublari”(55-bet), “Xalq ohanglarida”(66-bet), “Ayrim chizgilar”(134-bet), “Dilxatlarim”(170-bet) singari tagsarlavhalar havola etilgani muayyan faslga mansub she’rlarning mazmun-mohiyatini anglashda qulaylik tug‘diradi.
Yana bir turkum fasllar nomidagi tagsarlavhalarda o‘sha she’rlar bitilgan yillar qayd etilgan. Bu o‘rinda “Dunyo to‘la erk, parvoz, shafqat” (2024-yil), “Bir ko‘ngli yuz ming bor to‘g‘ralganlarmiz” (2023-yil), “Insmi yo parisiz” (1996-2022-yillar), “Dilnoma” (1994-1996-yillar), “Ko‘klam o‘sma bo‘lib qoshingga cho‘kdi” (1990-1994-yillar) fasllari haqida so‘z bormoqda. Bularning barchasi saylanmada shoirning turli yillardagi she’rlari saralab olinganini yana bir bor tasdiqlaydi.
G‘ulom Mirzo nazmiy to‘plamga tabiat fasllari timsolida tartib berish an’anasiga ham amal qilgan. Xususan, “Yuragin varrakday ochganlar qani?”(83-bet) faslida, shoir iborasi bilan aytganda, “Bahor yallalari”(83-bet) kuylansa, “Bol tomar ishkomning barmoqlaridan”(95)-bet) faslida – “Yoz nag‘malari”(95-bet), “Sunbula – sochlari parishon suluv”(99-bet) faslida – “Kuz qo‘shiqlari”(99-bet), “Oqqushlar qo‘ndi go‘yo”(106-bet) faslida esa “Qish xirgoyilari”(106-bet) bilan bog‘liq she’rlar jamlangan.
Kitobda fasllarga tartib berishning yangicha mezonlarini ham kuzatish mumkin. Bunda biz G‘ulom Mirzoning “Onajonim – ohizindam”(109-bet), “Kuzgi Nasaf manzaralari”(159-bet), “Zomin daftari”(162-bet) kabi fasllardagi she’rlari “Mitti turkum”(162-bet) nomi bilan taqdim etilganini nazarda tutayapmiz.
O‘z navbatida, boshqa bir turkum she’rlar hajmiga qarab fasllarga taqsimlangan. Jumladan, “Quroqnoma”(231-bet) – sakkizliklar, “Umr tashbehlari”(240-bet) – oltiliklar, “Senda nondek issiq istara”(245-bet) – beshliklar, “Cho‘ziladi cho‘zmadek kunlar”(250-bet) – to‘rtliklar, “Oydek olisim”(257-bet) – uchliklardan iborat bo‘lsa, “Dovush”(265-bet) faslida toqsatrlar keltirilgan.
G‘ulom Mirzo tuzuvchi va tarjimon sifatida jahon adabiyoti namunalaridan bir qancha asarlarni tarjima qilgan va nashr ettirganini bilamiz. U bundan uch asr oldin Yevropada yaratilgan, mashhur nemis bastakori Georg Fridrix Gendel ijodiga mansub “Amir Temur” operasini 2014-yili o‘zbek tiliga o‘girgan va alohida kitob holida nashr ettirgan. Rus adabiyotining ulug‘ namoyandasi, Nobel mukofoti sovrindori Ivan Buninning “Temurxon” hikoyasi va yuzdan ortiq lirik she’rlarini tarjima qilgan. Ivan Buninning 2018-yilda nashr etilgan “Tiyramoh” nomli kitobining tuzuvchisi va tarjimonlaridan biri hisoblanadi.
G‘ulom Mirzo tarjimasida 2020-yilda "Jahon adabiyoti durdonalari: Lotin Amerikasi" kitobi chop etilib, ushbu mintaqa adiblarining she’r va hikoyalari yagona to‘plam holida o‘zbek kitobxoniga ilk bor taqdim etildi. Ushbu to‘plamda 54 nafar shoir va yozuvchining ijod namunalari jamlangan.
Uning “Ey, Oy” saylanmasida yangi tarjimalari e’lon qilingan. Rus tilida ijod qiluvchi taniqli shoir va tarjimon Rifat Gumerovning bir turkum she’rlari o‘zbek tilida taqdim etilgan.
Muxtasar aytganda, donishmandlardan biri: “Ochganingda huzurlanib, yopganingda ruhan boyligingni his etgan kitobgina yaxshi kitobdir”, degan ekan. G‘ulom Mirzoning yangi kitobi huzur, maroq va halovat bilan o‘qiladigan hamda o‘qigan kitobxonga yangi ruh, yangicha zavq-shavq bag‘ishlaydigan har tomonlama ma’qulu manzur kitob bo‘libdi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, akademik
«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 24-dekabr kungi 49 (1475)-soni
Ўзбекча
English
Русский