KAMIDA 10 TA KITOB O‘QISHIMIZ KERAK!

Yil davomida!! Har birimiz!!!

 

14-fevral – Xalqaro kitob ulashish kuni

 

Joriy yilda ushbu xalqaro sana O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini izchil bajarishga kirishilgan qizg‘in pallada nishonlanmoqda. Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini oshirishdan iborat.

 Yurtimizda 1 odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilandi. Agar o‘tgan yili kitobsevarlikda peshqadamlik namoyon etgan AQSHda bir kishi yil davomida 17 ta, Hindistonda esa 16 ta atrofida kitob o‘qiganligiga e’tibor qaratilsa, mamlakatimizda ham bu sohada maqbul ko‘rsatkichlarga erishish uchun zarur qadamlar qo‘yilmoqda.

Xususan, Prezidentimiz Qaroriga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Umumta’lim muassasalarida «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.

Qarorga muvofiq, barcha vazirlik va idoralarda, jumladan, “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yiladi. Kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi va tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.

Ma’lumki, Xalqaro kitob ulashish kuni (International Book Giving Day) – kitob o‘qishni, kitoblar sovg‘a qilishni va shu asnoda o‘zgalarga ham ezgulik sog‘inishni va ma’rifat ulashishni yaxshi ko‘radigan barcha insonlarni o‘zaro birlashtiradi. Bu muhim kunni bayram qiladiganlar ko‘lami muntazam ortib bormoqda.

Xalqaro kitob ulashish kuni munosabati bilan insonlar do‘stu yaqinlari, qarindoshu begonalarga kitoblar tuhfa etadi. Odatda, bunday noyob sovg‘alardan kutubxonalar, bolalar uylari, maktablar va boshqa ta’lim muassasalari ham bebahra qolmaydi.

Yangi sana bo‘lgani uchun uning kelib chiqish tarixi ancha navqiron. BMT ta’sis etgan yirik xalqaro sanalar yoki davlatlar tasdiqlagan milliy bayramlar, diniy ayyomlar va turli kasb kunlaridan farqli ravishda Xalqaro kitob ulashish kunini bayram qilish tashabbusini 2012-yilda oddiygina bir inson – amerikalik fuqaro Emmi Brodmur ilgari surgan.

AQSHda bolalar kitoblari bo‘yicha saytga asos solgan E.Brodmur uch nafar farzandning onasi bo‘lib, bir kuni bolalari undan: “Nima uchun dunyoda insonlar bir-biriga kitob hadya etadigan alohida bayram mavjud emas?”, deb so‘rab qolishadi. Shu o‘rinli savol zamiridagi uyg‘oq g‘oya, o‘z navbatida, yorqin tashabbusga aylanadi va nihoyat amaliyotga ko‘chadi.

Emmi xonim o‘ziga yaxshi tanish blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, hamkasb va hamkorlari bilan kengashib, 2012-yil 14-fevraldan e’tiboran “Xalqaro kitob ulashish kuni”ni nishonlashga kirishadi. Shuning uchun dunyoning turli mamlakatlarida kitobsevar insonlar, noshirlar, kitob do‘konlari egalari, xayriya fondlari va ijtimoiy tashkilotlar qo‘llab-quvvatlayotgan mazkur sanada avvalo bolajonlarga kitoblar hadya etilishi xayrli an’anaga aylangan.

Ushbu ma’rifat bayramining ulug‘ shoh va shoir ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunga to‘g‘ri kelganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam. Zero, Mirzo Boburning birgina “Boburnoma” kitobi yoq jahon ma’rifat ahlining necha-necha avlodlari uchun muhtasham va noyob tuhfadir.

Keyingi yillarda yurtimizda kitoblar hadya etish bilan bog‘liq ushbu ezgu taomillar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tahsinga sazovor. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi to‘qqiz yilda qabul qilingan strategik dasturlar doirasida beqiyos ko‘lamdagi ma’rifiy tadbirlar amalga oshirildi, kitobxon hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun zarur adabiyotlarni nashr etish va keng miqyosda tarqatish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda taqdim etilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlab boramiz”, deb ta’kidlandi. Shu asosda yangidan ishlab chiqilgan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030 strategiyasiga muvofiq:

  • kutubxona fondlaridagi kitoblardan 100 foiz elektron tarzda foydalanish imkoniyatini yaratish;

  • “Mutolaa” loyihasi orqali kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va 4,2 million nafar yoshlarni qamrab olish;

  • “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik to‘plamining 51–100 jildlarini nashr etish;

  • vatandoshlar jamoat birlashmalariga yetkazib beriladigan badiiy adabiyotlar sonini 150 mingtaga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, turli darajalardagi rahbarlar, deputatlar o‘zlari o‘qigan maktabiga kitoblar sovg‘a qilish, shu orqali kutubxonalar tashkil etish, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish ishiga bevosita hissa qo‘shmoqdalar. Prezidentimiz bu borada ham shaxsiy namuna bo‘lib kelayotganining tasdig‘i uchun bir hayotiy misolga to‘xtalamiz.

Gap shundaki, 2025-yil 9-iyunda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan yuzma-yuz uchrashuvi haqida, jumladan, shunday samimiy so‘zlarni aytdi: “Men juda ko‘p davlatlar rahbarlari bilan uchrashganman. Lekin birinchi marta menga kitob sovg‘a qilindi. Mazkur kitob ajoyib bir tarixni o‘zida aks ettirgan. Unda o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Bolgariyaning imkoniyatlari, sanoati, yuksak texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Shuning uchun bu kitobni nafaqat mamnuniyat, balkim o‘zim uchun uy vazifasi sifatida ham qabul qildim”.

O‘zbekiston Prezidenti xorijiy davlatlar boshliqlari va hukumatlar rahbarlariga, taniqli davlat va jamoat arboblari hamda ilmu ma’rifat namoyandalariga kitoblar tuhfa etishdek ibratli amal ijobatiga o‘z faoliyatining dastlabki davridanoq astoydil kirishganligi bejiz emas. Davlatimiz rahbari, jumladan:

  • 2017-yilda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga – Mahtumqulining «Elingga baxsh ayla» nomli kitobini;

  • 2017-yilda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir  Putinga – I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyining dunyo san’at ixlosmandlari e’tiborini qozongan bebaho eksponatlariga bag‘ishlangan “Sahrodagi Luvr” albom-kitobini;

  • 2017-yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga o‘zining qalamiga mansub “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” nomli kitobning o‘zbekcha nashrini;

  • 2017-yilda Qozog‘istonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyevga – uning o‘zbek tilida chop etilgan «XXI asr bo‘sag‘asida» nomli kitobini;

  • 2017-yilda Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Almazbek Atambayevga –  «Manas» qirg‘iz xalq eposining o‘zbek tilidagi tarjimasini;

  • 2018-yilda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga – Abdurahmon Jomiyning “Muhabbat maxzani” asarini;

  • 2018-yilda Belarus davlat rahbari Aleksandr Lukashenkoga – Yakub Kolasning O‘zbekistonda nashr etilgan «Qadrdon qo‘shiqlar»(«Rodniye pesni») kitobi ilk nusxasini;

  • 2018-yilda Fransiya Senati raisi Jerar Larshega – Fransiya Konstitutsiyasining o‘zbek va fransuz tillarida chop etilgan nusxasini;

  • 2019-yilda Germaniyaning o‘sha vaqtdagi federal kansleri Angela Merkelga – atoqli nemis adibi Iogann Volfgang fon Gyotening «Faust» asarini;

  • 2019-yilda GFRning Bavariya yeri bosh vaziri Markus Zyoderga –  Germaniya muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiy yodgorliklari haqidagi kitob-albomni;

  • 2019-yilda Yaponiya parlamentining quyi palatasi raisi Tadamori Osimaga – Yaponiya Konstitutsiyasining o‘zbek tilidagi nashri birinchi nusxasini;

  • 2019-yilda Yaponiyaning Nagoya universiteti kutubxonasiga – Yaponiya Konstitutsiyasi, «Yapon she’riyati guldastasi», «Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya to‘plamlarida», «O‘zbekiston yaponiyalik qalbida» kabi o‘zbek tilida chop etilga bir qancha kitob va albomlarni;

  • 2020-yilda “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyibga – Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining XIII asrga oid nusxasi – faksimilesini;

  • 2021-yilda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga – “Daha Adil Dünya Mümkün” (“Dunyo yanada adolat bo‘lishi mumkin”) kitobining o‘zbek tilida chop etilgan nashrini;

  • 2021-yilda Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga – Yanosh Aran yozgan «Ajoyib ohuning hikoyati» asarining o‘zbekcha tarjimasini;

  • 2022-yil Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga – turkiy xalqlar madaniy merosi hisoblangan «Dada Qo‘rqut kitobi»ning o‘zbek tilidagi nashrini; 

  • 2022-yilda Pokiston bosh vaziri Imron Xonga – urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini;

  • 2025-yilda Fransiya Prezidenti Emmanuel  Makronga – fransuz mumtoz adibi Viktor Gyugoning «Kulayotgan odam» romani o‘zbekcha nusxasini;

  • 2025-yilda AQSH prezidenti Donald Trampga – Trampning «The Art of the Deal» kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasini sovg‘a qilgan.

  • Bu ma’naviy-ma’rifiy tuhfalarning barchasi, shubhasiz, ushbu davlatlar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan. 

Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu amallarning barchasi kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda katta rol o‘ynashi tayin. Bu, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan va Uchinchi Renessans poydevorini tiklashga azmu jazm etgan bunyodkor yurtdoshlarimiz uchun juda muhim.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech