Endi har oyda “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 25-martda “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, jumladan, 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:

  • mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;

  • ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

2026-yil 1-avgustdan “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

2026-yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishi ta’minlanadi.

Ma’lumot uchun: avtoulovlarning havoni ifloslantirish bilan bog‘liq zararini kamaytirish, tabiat sofligini asrash, shuningdek, insonlar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida dunyoda 1995-yildan buyon har yili “Avtomobilsiz kun” tadbirlari o‘tkazib kelinadi.

O‘zbekistonda ham Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yildan e’tiboran har oyda “Avtomobilsiz kun” o‘tkazish joriy etilgan.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi 37-sonli qarori ham qabul qilingan. Ushbu aksiya ekologik toza transport vositalaridan foydalanish orqali har birimiz o‘zimiz nafas olayotgan havo tozaligiga hissa qo‘shishimizga sharoit yaratayotgani bilan muhimdir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech