«Temur tuzuklari» – yengilmas harbiy-nazariy tafakkur manbai

8-aprel kuni Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Amir Temurning jahon harbiy san’atiga qo‘shgan hissasi" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjuman buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlandi.

Tadbirda temurshunos olimlar, tadqiqotchilar, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro diplomatik korpus vakillari, harbiy attashelar, mamlakatimiz kuch tuzilmalarining rahbarlari, Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qatnashdi va so‘zga chiqdi. Akademik A.Saidov dastavval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida, jumladan, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini o‘zbek tilida (lotin va kirill alifbolarida), shuningdek, fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish belgilanganiga e’tiborni qaratdi.

Amir Temurning huquqiy qarashlari va qonunchilik tizimi butun Temuriylar saltanatida hayotning barcha jabhalarida o‘z aksini topib, ulkan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan. Jumladan, Buyuk Ipak yo‘li xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilganki, bu bilan savdo-tijorat rivojiga katta hissa qo‘shgan Sharqu G‘arb mamlakatlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirgan.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasida ushbu Asosiy Qonun "davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib" qabul qilindi, deb ta’kidlangan. O‘zbek davlatchiligi rivoji tarixiy tajribasining eng muhim qismi – Amir Temur va Temuriylardan meros huquqiy, siyosiy va tarixiy manbalar, ayniqsa, “Temur tuzuklari", "Boburnoma", "Jahongir tuzugi", "Humoyunnoma", "Zafarnoma" kabi ko‘plab nodir asarlardan iboratdir.

Amir Temurning huquqiy qarashlari va amaliy faoliyati har doim adolat va insof me’yorlari bilan hamohang bo‘lgan. Ulug‘ Sohibqiron o‘z davlati hududlarida tuzuk-to‘ra va shariat qoidalari ustuvorligini amalda ta’minlagan. Bu haqda, jumladan: “Sipohiylarimni hamisha jangga tayyor holda tutdim; oylik haqlarini so‘rattirmay vaqtida berardim. Chunonchi, Rum yurishida sipohiylarimga o‘tgan va kelajakda qiladigan xizmatlari uchun yetti yillik oziq-ovqatlarini birvarkayiga berdim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da.

Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi bilan harbiy ish sohasida ulkan o‘zgarishlar yuz bergan, ular Sharqu G‘arb harbiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotida katta rol o‘ynagan. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston mahsuli – “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari tashkil etilgani bejiz emas.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Temurbeklar maktabi” yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan bo‘lishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori bo‘lishi zarur”.

A.Saidov o‘z ma’ruzasi yakunida alohida ta’kidlaganidek, Prezidentimiz ilgari surgan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurish g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida shiddatli islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotgan hozirgi davrda “Temur tuzuklari” kitobi bo‘yicha yoshlarimizga, navqiron harbiylarimizga muntazam saboq berilayotgani nihoyatda dolzarb va muhim yutuq hisoblanadi. Zero, Sohibqiron Amir Temur o‘z davrida davlatchilik falsafasi tarixida yangi dunyoqarashga asos solgan va uni amalda muvaffaqiyatli tatbiq etgan ulug‘ zotdir.

Konferensiyada, shuningdek, “Amir Temurning jang strategiyasi”, “Amir Temur va Temuriylar davrida ijtimoiy, madaniy va harbiy-siyosiy vaziyat”, “Amir Temurning qal’alarni egallash mahorati” kabi o‘nlab mavzular muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech