O‘zbekiston vakili Minskda inson huquqlari bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etdi
13-may kuni Minsk shahrida “Insonning sog‘lig‘ini saqlash huquqi: zamonaviy chaqiriqlar va davlat mas’uliyati. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashinuvi” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir MDHda Sog‘liqni saqlash yili doirasida tashkil etildi.
Konferensiyada Hamdo‘stlikda inson huquqlarini himoya qilish faoliyatining ilg‘or amaliyotlari bilan almashish, ombudsmanlarning o‘zaro hamkorligi masalalari hamda sog‘liqni saqlash huquqi sohasidagi yoshlar tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
MDH Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari I. Petrishenko konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Anjuman ishida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, O‘zbekiston, xalqaro tashkilotlar vakillari, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi kotibiyati hamda Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada mamlakatimizdan – Inson huquqlari bo‘yicha komissiya a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillaboyev qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi shafeligida o‘tkazilgan tadbir integratsiya jarayonlarida inson huquqlari mavzusining o‘rni tobora ortib borayotganining o‘ziga xos ifodasi ekanini qayd etdilar. Binobarin, MDH Ustavi asosida tuzilgan Komissiya Hamdo‘stlik doirasida inson huquqlari monitoringini olib borishning muhim maslahat mexanizmi va ochiq muloqot uchun maydonga aylandi.
2026-yil – MDHda Sog‘liqni saqlash yili, deb e’lon qilindi. Bu qaror ishtirokchi davlatlarning tibbiyot va huquq sohalaridagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga intilishini aks ettiradi. Shu bilan birga, milliy huquqni himoya qilish tizimlarini takomillashtirish hamda tibbiyot sohasidagi davlat siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashinuvi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiya ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi o‘zini ombudsmanlar va huquqni himoya qiluvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali platformasi sifatida namoyon etdi.
Bu yerda fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashdan tortib sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishgacha bo‘lgan dolzarb masalalarni hal etish uchun yagona ekspertlar makoni yaratilmoqda. Ushbu mavzularning Hamdo‘stlik darajasida ko‘rib chiqilishi davlatlarimizning milliy qonunchiligi va huquqiy an’analarini inobatga olgan holda umumiy yondashuvlarni topishga yordam beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский