Bioiqtisodiyot va huquq
2026-yil 22-may kuni Rossiya Federatsiyasining Oltoy davlat universitetida “Bioiqtisodiyot va huquq” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman ushbu Universitetning Yuridik instituti tomonidan tashkil etildi.
Tadbir Rossiya va xorij olimlari, akademik hamjamiyat, davlat hokimiyati organlari vakillari, amaliyotchi huquqshunoslar hamda ekspertlarni bioiqtisodiyot, bioxavfsizlik va yangi texnologiyalarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun bir joyga to‘pladi.
Konferensiya ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ishtirok etdi. Taniqli o‘zbek huquqshunosi o‘z so‘zida biotexnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamli platformalar va genetik tadqiqotlarning jadal rivojlanishi inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro-huquqiy va milliy mexanizmlarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirayotganini ta’kidladi.
Yalpi majlis doirasida bioiqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, texnologik suverenitetni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari, biotexnologiyalarni huquqiy tartibga solish hamda global texnologik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatning huquqiy madaniyatini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Biotexnologik rivojlanishni huquqiy jihatdan ta’minlashning zamonaviy muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan “Bioiqtisodiyot va huquq” nomli jamoaviy monografiya taqdimoti tadbirning asosiy voqeasi bo‘ldi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida intellektual mulk va texnologiyalar transferi, ekologik va fuqarolik-huquqiy javobgarlik, bioiqtisodiyot sohasida soliqqa tortish, shuningdek, yangi texnologiyalar hamda biotexnologiyalarni huquqiy tartibga solishning xorijiy tajribasini o‘rganish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar xalqaro ilmiy-ekspert hamkorligini yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish hamda bioiqtisodiyot, huquq va inson huquqlari masalalari bo‘yicha fanlararo muloqotni ilgari surishdan o‘zaro manfaatdorlik mavjud, degan fikrni tasdiqladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский