Milliy markazda Tojikiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Ijro apparati Inson huquqlari kafolatlarini ta’minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Parviz Olimzoda boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tarixan tarkib topgan yaqinlik va strategik sheriklikka tayanib, inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy soha va migratsiya masalalarida ikki tomonlama hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qo‘shma forumlar, treninglar va tajriba almashish orqali Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida yagona hamkorlik maydonini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv 14-may kuni Tojikiston delegatsiyasining Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumidagi ishtiroki doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining Ijtimoiy muammolarni tahlil qilish va prognozlashtirish, migratsiya va jamoatchilik fikrini o‘rganish boshqarmasi boshlig‘i K. Xolmatiyon, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori M. Turg‘unov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D. Muratova hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kichik ilmiy xodimi S. Jamshidova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov Tojikiston Respublikasida inson huquqlarini mustahkamlash sohasidagi izchil islohotlar natijalarini alohida ta’kidladi. Tojikiston va O‘zbekiston nafaqat qo‘shni, balki yagona madaniyat va tarix rishtalari bilan bog‘langan qardosh xalqlar ekanini qayd etdi. Asrlar davomida mushtarak tarix, til va madaniyat zaminida shakllangan do‘stona munosabatlar bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri qabul qilinishi natijasida inson huquqlariga oid normalar soni uch baravarga ortgani qayd etildi. Uchrashuv davomida A. Saidov inson huquqlari sohasidagi ta’lim masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy ma’ruzani hamkorlikda tayyorlashni hamda ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro tajriba almashinuvini faollashtirishni taklif qildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, inson huquqlari sohasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari darajasidagi doimiy va samarali muloqot bu borada tomonlarga yuksak namuna bo‘layotgani e’tirof etildi.
Tojikiston Respublikasi Prezidentining Ijro apparati Inson huquqlari kafolatlari boshqarmasi bosh mutaxassisi P. Olimzoda inson huquqlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirishga qaratilgan konstruktiv muloqot va sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildirdi. U “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumining barcha mavzulari Tojikiston uchun muhim, dolzarb va katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining Ijtimoiy muammolarni tahlil qilish va prognozlashtirish, migratsiya hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish boshqarmasi boshlig‘i K. Xolmatiyon O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ijtimoiy soha va migratsiya masalalarida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Uchrashuv davomida inson huquqlarini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ham keng muhokama qilindi.
Shu bilan birga, mintaqaviy darajada inson huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha ikki tomonlama forum va treninglarni tashkil etishni davom ettirish, shuningdek, Tojikiston vakillarining bo‘lajak beshinchi Samarqand forumida ishtirok etishi imkoniyatlari xususida ham so‘z yuritildi. Mazkur inson huquqlari bo‘yicha forum 2026-yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi hamda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi sheriklikning strategik xususiyatini, shuningdek, Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida yagona mintaqaviy hamkorlik makonini shakllantirishga bo‘lgan umumiy intilishni tasdiqladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский