Yangi O‘zbekistonda bola huquqlariga e’tibor – dolzarb va doimiy
25-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan 50 nafar talaba ishtirok etdi.
Mashg‘ulot davomida inson huquqlarini muhofaza etish va hurmat qilish milliy qonunchilikda qanday aks ettirilganligi haqida ma’lumot berildi. Jumladan, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni, BMT ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etayotganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda Butunjahon ota-onalar kuni har bir inson uchun chuqur ma’no anglatuvchi sanalardir. Ushbu bayramlar insonni o‘z hayoti, o‘z burchi va o‘z munosabatlari haqida o‘ylashga undaydi. Ayni sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilik tomonidan ushbu mavzularga alohida e’tibor qaratilishi muhim ahamiyatga ega.
Talabalar Milliy markazning inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, Milliy markazda milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlari bo‘yicha tavsiyalari va prokuratura organlari bilan hamkorlik to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, ularning bajarilishi va milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalarni ham o‘rgandilar. Shu tariqa inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar ishtirokidagi mahorat darsida talaba-yoshlarga qonunchilik va huquqiy amaliyot borasida atroflicha bilim olish imkoni yaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский