Akademik Akmal Saidov Sankt-Peterburg yuridik forumida ishtirok etdi
24-26-iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida XIV Peterburg xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimizdan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov qatnashmoqda.
Peterburg forumi huquq sohasidagi eng yirik ekspert maydonlaridan biri bo‘lib, o‘nlab davlatlarning yuridik hamjamiyati vakillarini birlashtiradi.
Bu yilgi xalqaro yuridik forum “Huquqiy makonda bo‘lish vaqti” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Forum xalqaro huquq va raqamlashtirishdan tortib, qonunchilikni rivojlantirish va parlamentlararo hamkorlikkacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.
Akademik Akmal Saidov tadbirning ishbilarmonlik dasturi doirasida MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida hamda Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkinning “Huquq sivilizatsiyasiga olib boruvchi mashaqqatli yo‘l” mavzusidagi ochiq ma’ruzasi muhokamalarida so‘zga chiqdi.
Forum doirasida A. Saidov, shuningdek, bir qator mamlakatlarning huquqiy idoralari va parlament institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar chog‘ida huquqiy integratsiya, inson huquqlarini himoya qilish va qonunchilikni takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский