Faxriy jurnalist xonadonida uchrashuv

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Milliy markazning matbuot xizmati hamda «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali tahririyati xodimlari moddiy rag‘batlantirildi.

Hamkor jurnalistlar va  ommaviy axborot vositalari vakillariga qutlovlar yo‘llandi. Shuningdek, matbuot va televideniye sohasida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, rahbarlik lavozimlarida ishlagan soha peshqadamlari yo‘qlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzo soha faxriysi Sobir ota Qurbonovning xonadonida bo‘ldi. Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidovning bayram tabriknomasi topshirilgan ushbu uchrashuvda «Hayot va qonun» jurnali bosh muharriri Mahmudxon Toirov ham ishtirok etdi.

Sobir Qurbonov 1984-1987-yillarda O‘zbekiston Matbuot qo‘mitasi raisi bo‘lgan, shuningdek, bir muddat O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasiga rahbarlik qilgan. O‘zbekiston radio va televideniyesida sharhlovchi bo‘lib ishlagan.

Sobir ota pensiyaga chiqqanidan keyin ham O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Kengashidagi faoliyatini izchil davom ettirdi. So‘ngra “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisiga maslahatchi bo‘lib ishladi.

Sobir Qurbonov qator davlat mukofotlari sohibidir. Uning nomi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi «Ehtirom kitobi»ga kiritilgan. Otaxon jurnalist I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Yorug‘ va samimiy xotiralarga boy suhbat yakunida Sobir ota ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun ekanligini ta’kidladi. Yo‘qlov uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, yurtimizga tinchlik va baraka, soha vakillariga esa ijodiy zafarlar tiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech