Milliy markaz Andijonda profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening o‘tkazdi
26–27-iyun kunlari Andijon shahrida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) profilaktika inspektorlari uchun “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, xalqaro standartlar va milliy qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.
Seminar-trening ochilishida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Trening aynan mazkur milliy dastur doirasida tashkil etilayotganligi ta’kidlandi.
Seminar-treningga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i Dilorom Xudayberganova moderatorlik qildi.
Tadbirni Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nilufar Mo‘minova ochdi. U profilaktika inspektorlarining jamiyatda huquq-tartibotni ta’minlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, mahalla instituti bilan hamkorlikning ahamiyati hamda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Seminarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev so‘zga chiqib, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi.
M.Tillaboyev seminar-trening davomida inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari va maxsus tartib-taomillari bilan hamkorlik qilishning amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Xususan, O‘zbekiston milliy qonunchiligini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalariga to‘liq moslashtirish jarayoni mamlakatimiz demokratik islohotlarining ustuvor yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ham fikr bildirildi. Xususan, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi.
Ma’ruzachi, shuningdek, mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlari, shu jumladan “Raqamli mahalla” elektron platformasi orqali murojaatlarni sun’iy intellekt yordamida saralash va ularning ijrosini nazorat qilish tizimining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Oliy Majlis Bola huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakili Muhammadali Odilov “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi. U bolalar huquqlarini himoya qilishda davlat organlari va jamoatchilik hamkorligining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti Huquq-iqtisod fakulteti Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi katta o‘qituvchisi Manzura Sodiqova “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — davlat va jamiyatning oliy burchi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada inson sha’ni va qadr-qimmatiga hurmatni ta’minlashning huquqiy asoslari tushuntirib berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning profilaktika inspektorlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Umid Fozilov “Qiynoqlarga qarshi kurash va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada huquqni muhofaza qilish tizimida insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash masalalari tahlil etildi.
Seminar-trening ishtirokchilar uchun nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki amaliy faoliyatda uchraydigan muammolar yuzasidan fikrlashish, o‘zaro tajriba almashish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab olish imkonini ham berdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский