Namanganda profilaktika inspektorlari uchun ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi

30-iyun kuni Namangan shahrida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari uchun tashkil etilgan “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini yakunladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbir huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Seminar-treningda viloyatning 7 ta tumanidan 200 nafardan ortiq profilaktika inspektori ishtirok etdi. Tinglovchilar sohadagi xalqaro standartlar va milliy qonunchilik normalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘z malakalarini oshirdilar.

Tadbirning yakuniy kuni ham qizg‘in muhokamalar bilan o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan inson huquqlarini ta’minlash borasidagi zamonaviy yondashuvlar va mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlarining o‘rni xususida fikr almashildi.

Ikkinchi kun davomida Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev tomonidan “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va mexanizmlar”; Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Umid Fozilov tomonidan “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”; Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov tomonidan “Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishning xalqaro-huquqiy va milliy normativ asoslari”; Milliy markaz bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov tomonidan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning profilaktika inspektorlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar tashkil etildi

Seminar-treninglar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyun kuni o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlis bilan uyg‘un tarzda olib borilmoqda. Majlisda qayd etilganidek, mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilayotgani, ularning huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, Namangan texnikumida ham o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgani alohida ahamiyatga molik.

Shu ma’noda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilayotgan seminar-treninglar nafaqat profilaktika inspektorlarining huquqiy savodxonligini oshirishga, balki ularning aholi bilan ishonchli muloqot o‘rnatish, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish borasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlarning hududlardagi davomi sifatida baholanmoqda.

Tadbirda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar bilan manzilli ishlashda faollik ko‘rsatgan 7 nafar MFY profilaktika inspektori faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Ularga Milliy markaz tomonidan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar taqdim etildi.

Tadbir davomida olingan bilim va ko‘nikmalar profilaktika inspektorlarining kundalik faoliyatida inson huquqlariga hurmat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech