Surxondaryoda profilaktika inspektorlari inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini oshirdi

9-iyul kuni Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti majlislar zalida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha MFY profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, ushbu seminar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida tashkil etildi.

O‘quv seminari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyunda o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani haqida tinglovchilarga batafsil axborot berildi.

Ma’ruzalarni Ichki ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakili, xalqaro va milliy huquq sohasida eng yuqori tajribaga ega soha namoyandalari, olimlar va ekspertlar guruhi taqdim etdi.

Seminar-treningda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyati, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarni shakllantirishga qaratildi.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ko‘nikmalarini hosil qilish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech