Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Raqamli transformatsiya: inson huquqlari va yangi huquqiy kafolatlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkentda inson huquqlarini ta’minlash, qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish hamda raqamli transformatsiya sharoitida yuzaga kelayotgan yangi huquqiy masalalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Dastlab “Qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar yetakchiligi” mavzusida muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning parlamentlari, davlat boshqaruvi organlari, Ombudsman va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarida faoliyat yuritayotgan yetakchi ayollar qatnashdi.

Muloqotda xotin-qizlarning strategik qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, ularning yetakchilik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ovozining ta’sirini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugun gender tenglik faqat xotin-qizlarga teng imkoniyat yaratish masalasi emas. Ayollarning qarorlar qabul qilishdagi munosib ishtiroki jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini to‘liqroq ifoda etish, qabul qilinayotgan qarorlarning inklyuzivligi va ijtimoiy ta’sirchanligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ulkan natijalarni bermoqda. Xususan, mamlakatimiz “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni, “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida esa 103-o‘rindan 52-o‘rinni egallagan.

Shundan so‘ng asosiy tadbir — Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer jamg‘armasi vakolatxonasi hamkorligida “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Unda 25 dan ortiq davlatdan Ombudsmanlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugun raqamli texnologiyalar insonning ta’lim olishi, mehnat qilishi, davlat xizmatlaridan foydalanishi, axborot olishi va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Ayni paytda shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, kiberbulling, onlayn zo‘ravonlik va kamsitish, zararli kontent, raqamli xizmatlardan teng foydalanish kabi masalalar inson huquqlarini himoya qilishning yangi va dolzarb yo‘nalishlariga aylanmoqda.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari sohada keyingi yillarda qonunchilik asoslari takomillashib borayotganini alohida e’tirof etdilar. Xususan, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda  xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini yaratilganini ta’kidladilar.

“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun takomillashtirilgani, “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingani raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari va shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Muhokamalar davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvni mustahkamlash, texnologik taraqqiyot natijasida aholining ayrim qatlamlari yangi imkoniyatlardan chetda qolib ketmasligi, raqamli inklyuziyani ta’minlash va milliy huquqni himoya qilish institutlarining bu jarayondagi rolini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Shu ma’noda, milliy qonunchilikda mustahkamlanayotgan huquqiy kafolatlar bilan konferensiya kun tartibi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bor. Ya’ni, raqamlashtirish jarayoni chuqurlashgani sari inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari ham yangi voqelik va tahdidlarga mos ravishda takomillashib borishi zarur.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini uchta tematik sessiyada davom ettirdi. Ularda raqamli dunyoda ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarni onlayn zo‘ravonlik, kibertahdidlar va raqamli kamsitishdan himoya qilish, yoshlarning internetdagi xavfsizligi, kiberbullingning oldini olish va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda axborot va elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Anjuman yakunida raqamli transformatsiya sharoitida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, raqamli inklyuziyani rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ishtirokchilarning umumiy yondashuvlarini o‘zida aks ettirgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Nashr sanasi 21.08.2026 Ko'rishlar 39
Ulashish