Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar yuzasidan “muqobil” ma’ruzalar tayyorlash va Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillari

28-avgust kuni Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar yuzasidan “muqobil” ma’ruzalarni tayyorlash va aholining atrof-muhitga doir qarorlarni qabul qilishda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillari” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari uchun tashkil etildi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazildi. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” talablaridan kelib chiqildi.

Seminarda mamlakatimizning turli hududlaridan jami 30 nafar vakil ishtirok etdi. Ular orasida Assotsiatsiyaning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlari hamda unga a’zo NNT faollari bor.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ochdi. Ochilish marosimida, shuningdek, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin  Ishanxojayev hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Erkin Isakulov  so‘zga chiqdi.

So‘zga chiqqanlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ularni amalda ta’minlash har qanday demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekaniga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik inson huquqlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Xususan, A. Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 60-yilligi munosabati bilan mamlakatimizda maxsus chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani haqida to‘xtaldi. Mazkur qutlug‘ sanaga hamohang tarzda o‘tkazilayotgan o‘quv-seminar inson huquqlarini himoya qilish nafaqat davlat organlarining, balki butun jamiyatning, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlarining umumiy vazifasi ekanini yana bir bor amalda tasdiqlashini alohida qayd etdi.

Shuningdek, A. Saidov fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari haqida batafsil so‘z yuritdi. Bunda 2023-yildagi umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada suveren, demokratik va huquqiy davlat qurish maqsadi belgilangani, milliy qonunchilik tarixida ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida XIII bob kiritilib, ushbu institutlarning maqomi konstitutsiyaviy jihatdan qat’iy belgilab qo‘yilgani e’tirof etildi.

Bundan tashqari, A.Saidov tomonidan «Inson qadrini yuksaltirish» g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining bosh mezoniga aylanganligi, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida inson huquqlari sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha 18 ta shartnomasidan 11 tasi ratifikatsiya qilgani va shundan 7 tasi asosiy, 4 tasi fakultativ protokol ekani, Milliy markaz tashkil topgandan buyon BMTning tegishli ustav va shartnomaviy organlariga jami 52 ta milliy ma’ruza taqdim etilgani ma’lum qilindi.

Tadbir doirasida qayd etilganidek, ushbu hisobotlar doirasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalarning O‘zbekiston Respublikasida bajarilishi yuzasidan 140 dan ortiq xalqaro va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan BMTning tegishli qo‘mitalariga “muqobil” ma’ruzalar taqdim etilgan. Ulardan 22 tasi O‘zbekiston hududida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Artur Yatsevich tomonidan seminar ishtirokchilariga amaliy ma’lumotlar taqdim etdi. Xususan, u inson huquqlari sohasidagi xalqaro monitoring mexanizmlari, ustav organlari bilan hamkorlik qilish tartib-qoidalari, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan “muqobil” ma’ruzalar tayyorlashning zamonaviy metodologiyasi va xalqaro standartlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berdi.

Seminarning ikkinchi yo‘nalishi Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakili atrof-muhitga oid axborotdan foydalanish, atrof-muhitga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonlarida jamoatchilikning ishtirok etish huquqi hamda ekologik huquqlarni himoya qilish borasida odil sudlovga murojaat qilish imkoniyatlari — Orxus konvensiyasining uchta asosiy ustuni haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar inson huquqlari bo‘yicha “muqobil” ma’ruzalar tayyorlash ko‘nikmalarini egallab, Orxus konvensiyasi tamoyillarini amalda qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.

Seminar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni tegishli davlat organlariga yetkazish haqida kelishib olindi. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlari va atrof-muhit sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.08.2026 Ko'rishlar 41
Ulashish