Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Folker Tyurk: Sun’iy intellekt insoniyat uchun taqdirulamal tahdidga aylanishi mumkin

Kuni kecha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk sun’iy intellekt ustidan nazoratni kuchaytirishga doir tobora kuchayib borayotgan da’vatlarga qo‘shildi. Uning ogohlantirishicha, agar bu inqilobiy texnologiya nazoratsiz qoldirilsa, insoniyat uchun ekzistensial, ya’ni taqdirulamal tahdidga aylanishi mumkin. BMT “Yangiliklar sayti” shu haqda ma’lum qildi.

Oliy komissar Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida so‘zlar ekan, jumladan, “Majburiy qoidalar, mustaqil nazorat va aniq cheklovlar bo‘lmasa, texnologiya boshqarib bo‘lmas holga kelishi mumkin”, deya qayd etdi. F. Tyurkning fikricha, sun’iy intellekt tizimlari shu qadar qudratli bo‘lib ketishi mumkinki, natijada ularni yaratuvchilar ham nazorat qila olmay qolish ehtimolini istisno etib bo‘lmaydi.

Shuningdek, “Sinov muhitidan chiqib ketadigan yoki o‘zini o‘chirmasliklari uchun yaratuvchilarini shantaj qiladigan sun’iy intellekt – bu haddan tashqari qudratli sun’iy intellektdir”, – dedi u. – “Bugun men juda kech bo‘lmasdan turib, sun’iy intellektning xavfsizligi va himoyasi uchun mustahkam kafolatlarni yaratish yo‘lida barcha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiraman”.

F. Tyurk sun’iy intellekt texnologiyalariga “mezbonlik” qilayotgan mamlakatlarni hamda ularning ta’minot zanjirlarida ishtirok etuvchi davlatlarni yangi texnologiyaning tarqalishiga aniq chegaralar o‘rnatish uchun hamkorlikda ishlashga undadi. Binobarin, “Bizga mustaqil tekshiruv va soha ichida xavfsizlik bo‘yicha imkon qadar yaqin hamkorlik zarur”, – dedi u.

Biroq Oliy komissarning so‘zlariga ko‘ra, muammo texnik xavfsizlik doirasidan ancha kengroq. “Bir hovuch erkaklar sun’iy intellekt ustidan deyarli cheksiz hokimiyatga ega”, – dedi u texnologik qudratning tobora kuchayib borayotganini hamda to‘planayotgan va qayta ishlanayotgan ulkan hajmdagi ma’lumotlarni nazarda tutib.

Uning aytishicha, “insoniyatga xizmat qiladigan, aksincha emas” texnologiyalarni rivojlantirish zarur. Bundan tashqari F. Tyurk bandlik, demokratiya va atrof-muhit muhofazasi masalalariga e’tibor qaratishga chaqirib, inson huquqlari asosiy mezon bo‘lib qolishi kerakligini qat’iy ta’kidladi.

BMT Oliy komissari sun’iy intellektning harbiy harakatlarda qo‘llanilishi, xususan, inson aralashuvisiz odamni hayotdan mahrum qilish haqida qaror qabul qila oladigan qurollarning ishlab chiqilishidan xavotir bildirdi.

F. Tyurk BMT Kengashi a’zolariga murojaat qilar ekan, “Men inson ishtirokisiz odamlarni hayotdan mahrum etishga qodir qurollarni zudlik bilan taqiqlash chaqiriqlariga qo‘shilaman”, – deya qayd etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 09.09.2026 Ko'rishlar 231
Ulashish