Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Halqlar do‘stligi – birligimiz va taraqqiyotimiz garovi

«Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu – muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir»

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Har yili 30-iyulda mamlakatimizda alohida ruh va samimiyat bilan nishonlanadigan Xalqlar do‘stligi kuni jamiyatimizning eng bebaho boyligi – millatlararo totuvlik, din-u e’tiqodlar o‘rtasidagi hurmat va hamjihatlikka yanada chuqur e’tibor qaratish imkonini beradi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek: «Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatimizda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi».

Ushbu fikr mamlakatimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlik nafaqat ma’naviy qadriyat, balki amaldagi hayotiy haqiqat ekanini yaqqol namoyon etadi. Eslatib o‘tish joizki, bu sana 2021-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilingan va shu tariqa dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida qabul qilingan 30-iyul respublikamizda o‘ziga xos milliy bayramga aylangan.

O‘zbekiston zamini qadim-qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lab turguvchi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgani bois, turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va millatlarning qovushgan makoni bo‘lib kelgan. Asrlar davomida bu tuproqda yashagan turli xalqlar bir oila farzandidek totuvlikda, bir-birining urf-odat va qadriyatlarini hurmat qilgan holda umrguzaronlik qilganlar. Bugungi kunda ana shu bebaho tarixiy meros zamonaviy O‘zbekistonning bosh tamoyili – millatlararo totuvlik siyosatining mustahkam poydevoriga aylangan.

Shi bilan birga, davlatimiz rahbari o‘z tabriklarida yana bir bor butun xalqimizni chin qalbdan muborakbod etib, ko‘p millatli jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlikning mamlakatimiz uchun qanchalik bebaho ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Umummilliy birdamlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili sifatida alohida qayd etildi.

Shuningdek, yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shayotgani yuksak qadrlandi. Keyingi yillarda «Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda» degan ezgu g‘oya asosida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modeli yaratilgani ta’kidlanib, bu borada 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan insonparvar g‘oyalar zamirida xalqimizning mustahkam birligi, tinch-osoyishta hayoti va farovon kelajagi mujassamdir. Prezidentimiz o‘z chiqishlarida doimo xalqimizni hamjihatlikka, bunyodkorlik va ezgu ishlarga da’vat etib, mamlakat taraqqiyotining asosiy omili sifatida jamiyat birligini belgilab kelmoqda. Bu boradagi eng yorqin tamoyil – «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» degan ulug‘vor g‘oyadir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida qayd etilganidek, «O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi». 

Ayni shu Konstitutsion normaning amaldagi yorqin ifodasini davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-mart kuni Navro‘z bayrami munosabati bilan so‘zlagan nutqida ham ko‘rish mumkin. Tadbirda davlatimiz rahbari «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!» – deb, har bir yurtdoshimizni millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, umumiy maqsad yo‘lida birlashib, bunyodkorlikka faol hissa qo‘shishga chaqirdi.

Prezidentimizning bu boradagi fikrlari o‘ta chuqur va tarixiy ahamiyatga ega. Jumladan, yaqinda, 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida Yurtboshimiz: «Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda. Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir», – deb alohida ta’kidladi. Ushbu hayotiy haqiqatlar bugungi konferensiya mavzusining naqadar dolzarb va mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ekanini yana bir bor isbotlaydi. 

Ushbu da’vatlar bugungi kunda nafaqat ichki siyosat, balki xalqaro maydonda ham o‘zining munosib e’tirofini topmoqda.

Xususan, 2022-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Samarqand birdamlik tashabbusi» ushbu yo‘nalishdagi tarixiy qadam bo‘ldi. Ushbu tashabbusning bosh g‘oyasi – davlatlar va xalqlarning bugungi kuni hamda istiqboli uchun umumiy mas’uliyatni chuqur anglash, ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor bo‘lgan barcha tomonlarni global hamkorlikka keng jalb etishga qaratilgan.

Yangi O‘zbekistonda milliy birlik va bag‘rikenglik siyosatining navbatdagi mantiqiy davomi sifatida 2025-yil fevral oyida Prezident tomonidan «Vijdon erkinligini ta’minlash va din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi» tasdiqlandi. Ushbu tarixiy hujjat ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali Yangi O‘zbekistonda demokratiya, erkinlik, ijtimoiy adolat va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan barqaror ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yurtboshimiz tashabbusining amaliy ifodalaridan yana biri – mamlakatimizning turli hududlarida «Umummilliy birdamlik bog‘lari» ning tashkil etilishidir. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-apreldagi qarori bilan 2025–2030-yillarda mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich istirohat bog‘lari barpo etish dasturi tasdiqlangan. Ushbu bog‘lar nafaqat aholi, ayniqsa bolalar va yoshlarning madaniy hordiq chiqarishi, balki ularni milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim maskanlarga aylanmoqda.

«Umummilliy birdamlik» tushunchasi bugungi kunda Yangi O‘zbekiston strategiyasining tayanch g‘oyalaridan biriga aylandi. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida belgilangan. Zero, ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatda barqaror taraqqiyotga faqat o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlik orqali erishish mumkin. Shu ma’noda, bugungi konferensiya mavzusi nafaqat dolzarb, balki mamlakatimiz kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega.

Umummilliy birdamlikning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida jamiyatni jipslashtirish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada, eng avvalo, 2023-yilda umumxalq referendumi yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari konstitutsiyaviy maqomga ko‘tarildi. Birinchi marta fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, ular mustaqil konstitutsiyaviy institut sifatida tan olindi. Shuningdek, davlatning barcha xalqlarning tili, urf-odat va an’analarini hurmat qilish majburiyati mustahkamlandi.

Bugungi kunga qadar 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, irqiy va milliy kamsitishga qarshi huquqiy kafolatlar yanada kuchaytirildi.

Xabaringiz bor, 2026-yilning yanvar–fevral oylarida mustaqillik davridagi ilk to‘liq va raqamlashtirilgan aholini ro‘yxatga olish jarayoni amalga oshirildi. Mazkur ro‘yxatga olish 1989-yildan buyon — ya’ni so‘nggi 37-yil ichida — o‘tkazilgan birinchi raqamli ro‘yxatga olish bo‘lib, uning dastlabki natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi ilk bor 39 million kishidan oshdi. Bu — mustaqillik yillarida aholimiz sonining deyarli ikki baravar oshganini ko‘rsatadi. Aholining milliy tarkibi esa mamlakatimizning betakror ko‘p millatliligidan dalolat beradi: bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari totuv va ahil yashab, birgalikda mehnat qilmoqda. Xususan, o‘zbeklar aholining 89,4 foizini, tojiklar 3,3 foizini, qoraqalpoqlar 2,2 foizini, qozoqlar 1,8 foizini, ruslar 1,6 foizini, qirg‘izlar 0,6 foizini, turkmanlar 0,5 foizini, boshqa millat vakillari esa 0,8 foizini tashkil etadi.

Bu raqamlar ortida esa har bir insonning o‘z tili, madaniyati va an’analarini erkin saqlab qolish huquqiga ega ekanligi turibdi.

Umummilliy birdamlikning institutsional mexanizmlari

Mamlakatimizdagi millatlararo hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi institutsional infratuzilma ham yildan yilga kengaymoqda.

2025-yilda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi qayta tashkil etildi, shuningdek, «Vatandoshlar» jamoat fondi ta’sis etildi. 2024-yilda mehnat migratsiyasini tartibga soluvchi, fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi hamda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Migratsiya agentligi faoliyati ham qaytadan yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar huzuridagi mavjud kengashlar «Umummilliy birdamlik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoat kengashlari» deb qayta nomlandi hamda ular millatlararo totuvlikni mustahkamlashda maslahat organi sifatida faoliyatini yuritib kelmoqda.

Bundan tashqari, barcha hududlarda «Do‘stlik uylari» tashkil etilib, mazkur muassasalar millatlararo do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Umummilliy birdamlik: ta’lim va tarbiya

Bugungi kunda O‘zbekistonda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritib, ular xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan. Teleradioyeshittirishlar 12 tilda, matbuot nashrlari 14 tilda olib borilmoqda, umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda tashkil etilgan. «Kelajak soati» ta’lim tashabbusi doirasida haftalik mashg‘ulotlar bilan 11,8 million o‘quvchi qamrab olingan. Alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy jihatdan zaif guruhlarga e’tibor ham kuchaytirilmoqda: 16 ming 317 nafar lo‘li/roma millatiga mansub bolalar majburiy ta’lim bilan qamrab olindi, Vatanimizga bosh olib kelgan 157 nafar ko‘chirilgan afg‘onistonlik fuqaro kasb-hunar ta’limi va tadbirkorlikni boshlash uchun qo‘llab-quvvatlandi, 42 nafar falastinlik bola esa ta’lim tizimiga integratsiya qilindi. Davlat xizmatida hozirda 35 millat vakili bo‘lgan qariyb 5 ming kishi faoliyat yuritmoqda, parlament deputatlarining 12,7 foizi esa notitul millat vakillaridir.

Umummilliy birdamlik va fuqarolik jamiyati institutlari 

Alohida ta’kidlashni lozimki, fuqarolik jamiyati institutlari bugungi kunda umummilliy birdamlikni mustahkamlash borasidagi islohotlarning eng yaqin hamkoriga aylanmoqda. Mamlakatimizda ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 ming nodavlat notijorat tashkiloti erkin faoliyat yuritib, ularda 70 mingga yaqin inson mehnat qilmoqda — jumladan, nogironlar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida 652 ta, yoshlar yo‘nalishida 650 ta, huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida 839 ta, madaniyat, tarix va ma’rifat yo‘nalishida 564 ta NNT mavjud. Ularning tadbirlar o‘tkazishda adliya organidan ruxsat olish talabi bekor qilinib, xabarnoma tartibiga o‘tkazilgani, shuningdek har yili qabul qilinadigan davlat dasturlarining 350 ta bandi ijrosida bevosita ishtirok etayotgani — fuqarolik jamiyatiga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasidir.

Umummilliy birdamlik: monitoring va baholash asoslari

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari yuzasidan tayyorlanadigan davriy ma’ruzalar va milliy harakatlar rejalari loyihalarini ishlab chiqishga fuqarolik jamiyati vakillari faol jalb etilmoqda — bugungi kunga qadar BMTning tegishli kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga 50 dan ortiq milliy ma’ruza taqdim etilgan, ularning tavsiyalari asosida esa 7 ta milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilib, ijro etilmoqda. Faqat 2024–2026-yillarda markaz fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda 15 ta tadbir, jumladan BMTning bir qator konvensiyalari ijrosi yuzasidan bir necha bor mustaqil monitoringlar tashkil etdi.

Umummilliy birdamlik va xalqaro hamkorlik

Xalqaro miqyosda ham mamlakatimizning bu boradagi sa’y-harakatlari munosib e’tirof etilmoqda. Joriy yilning aprel oyida Jenevada BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi 117-sessiyasida O‘zbekistonning 13–14 davriy hisoboti ko‘rib chiqildi — mazkur hisobot 40 dan ortiq davlat organi va fuqarolik jamiyati institutining bevosita ishtirokida tayyorlangan edi. 

Qo‘mita a’zolari O‘zbekistonning hisobotini yuqori professionallik va ochiqlik ruhida taqdim etganini alohida qayd etib, mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni, xususan, fuqarolarning irqiy, milliy va diniy mansubligidan qat’iy nazar ularning teng huquqlarini ta’minlash, nisbatan zaif qatlamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, til, madaniyat va ta’lim sohasidagi ko‘pmillatlilik siyosatini ijobiy baholadilar.

Xususan, Qo‘mita a’zolari tomonidan O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda erishgan yutuqlari alohida ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida Qo‘mita tomonidan O‘zbekistonga bir qator ijobiy va amaliy tavsiyalar berildi. Jumladan, aholining barcha qatlamlari, xususan, kam ta’minlangan oilalar va millatlar vakillarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, sud-huquq tizimida tenglik prinsipini mustahkamlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida irqiy va milliy tenglik mavzusidagi ta’lim-targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizning BMT va uning tuzilmalari bilan ochiq, ishonchli va samarali hamkorlik qilishga tayyorligini namoyish etadi. Shuningdek, O‘zbekistonning ushbu sessiyadagi faol ishtiroki xalqaro maydonda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi obro‘sini oshirdi va xalqaro standartlarga muvofiq islohotlarni davom ettirish muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Barchaning fikricha, hukumat va fuqarolik jamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlari mamlakatda tinchlik, barqarorlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu kabi xalqaro baholar va tavsiyalar O‘zbekistonning kelajakdagi inson huquqlari sohasidagi siyosatini yanada takomillashtirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro majburiyatlarning amaldagi holati va inson huquqlari sohasidagi islohotlar samaradorligini baholash maqsadida mamlakatimizga bir qator nufuzli xalqaro ekspertlar tashrif buyurgan. Jumladan, ikki nafar BMT Bosh komissari, to‘rt nafar BMTning maxsus ma’ruzachisi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistondagi ahvolni o‘rganib, yuqori baho berdilar.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining 169 ta vazifasidan 92 foizi bevosita inson huquqlari bilan bog‘liq holda amalga oshirilmoqda.

Bu o‘rinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosdagi tashabbuskorona faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. Prezidentimiz 5 marotaba BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75-, 76-, 78- va 80-sessiyalarida, shuningdek BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining

46-sessiyasida so‘zga chiqib, jahon minbaridan 100 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm va inson huquqlarini himoya qilish kabi muhim sohalarni qamrab oladi.

Mazkur global tashabbuslar mahsuli o‘laroq, o‘tgan davr mobaynida mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik muhitini ta’minlash hamda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qator amaliy natijalarga erishildi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan shu bugunga qadar BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingan bo‘lib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo mintaqasiga taalluqlidir. Jumladan, joriy yilning 24-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyaning qabul qilinishi bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mamlakatimizda tashqi siyosatda erishilayotgan shu kabi yutuqlar qatorida, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti ichki ijtimoiy hayotda ham o‘z ifodasini topmoqda. «Ijtimoiy fikr» mustaqil tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etgan fuqarolarning 90 foizi mamlakatimizdagi millatlararo munosabatlar holatini ijobiy baholaydi. Shu yilning o‘zida 23-30-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan «Do‘stlik» festivali va «Bag‘rikenglik haftaligi» kabi tadbirlarda 700 mingdan ortiq kishi ishtirok etib, madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamladi.

Albatta, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, ochiq va konstruktiv muhokamaga loyiq bo‘lgan bir qator vazifalar ham saqlanib qolmoqda. Xususan, mintaqadagi migratsiya jarayonlari va ko‘chirilgan shaxslarni ijtimoiy integratsiya qilish, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatning aholi turmush tarziga ta’sirini yumshatish, shuningdek davlat xizmatchilarining ayrim toifalari orasida inson huquqlari sohasidagi bilim va malakasini yanada oshirish borasidagi ishlarni davom ettirish zarur.

Zero, bugun dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan o‘ta tahlikali sharoitda mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz». Ushbu strategik yo‘nalishlar umummilliy birdamlik g‘oyasining amalga oshishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan keskin sinovlar va global tahdidlar sharoitida birdamlik va ahillik har qachongidan ham muhimroqdir. Bu haqda so‘z yuritganda, buyuk bobomiz Alisher Navoiyning asrlar osha yangrab kelayotgan quyidagi hikmati yodga tushadi:

«Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, 

Yor o‘ling bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish».

Hazrat Navoiy insoniyatni dushmanlik va kelishmovchiliklarga emas, balki o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga, ahillik va hamjihatlikda yashashga chaqiradi. Chunki faqat birdamlikkina haqiqiy taraqqiyot va tinchlikni ta’minlay oladi.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda erishilgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik — bu nafaqat o‘tmishdan meros qolgan ulug‘ qadriyat, balki bizni kelajakka ishonch bilan yetaklovchi strategik boyligimizdir. Ushbu ulkan boylikni asrab-avaylash, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash esa — barchamizning muqaddas burchimizdir.

 

Akmal SAIDOV,

 O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, akademik

«Hurriyat» gazetasining-2026-yil 30-sentyabr kungi 39 (1517)-soni

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi 

Nashr sanasi 02.10.2026 Ko'rishlar 235
Ulashish