Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Beshinchi Samarqand forumi minbaridan

YEXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Kristof Kamp o‘z nutqida Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 60-yilligi hamda Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi doirasida milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilishning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.

U tenglik, inson huquqlarining bo‘linmasligi va inklyuziv rivojlanishning o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor qaratib, madaniy va lisoniy o‘zlikni himoya qilish bilan bir qatorda ta’lim olish, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy va iqtisodiy hayotda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar ta’minlanishi zarurligini ta’kidladi.

Kristof Kampning qayd etishicha, ayrim guruhlarning rivojlanish jarayonlaridan chetda qolishi ijtimoiy keskinlik manbaiga aylanishi mumkin. Holbuki, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokini va erishilgan natijalarning adolatli taqsimlanishini ko‘zda tutuvchi inklyuziv taraqqiyot nizolarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, tillar, madaniyatlar va jamoalar xilma-xilligi tarixan shakllangan mintaqa sifatida Markaziy Osiyoning o‘rni hamda ushbu sohadagi davlatlararo hamkorlikning ahamiyati alohida e’tirof etildi.

Nutqda ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli ta’lim masalasi muhim o‘rin egalladi. Oliy komissar YEXHTning ushbu yo‘nalishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan olib borayotgan ko‘p yillik faoliyatini qayd etar ekan, davlat tili bilan bir vaqtda ona tilini o‘rganish imkoniyati turli jamoalar vakillarining ijtimoiy va iqtisodiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uning fikricha, «Tenglik bir xillik degani emas: jamiyat o‘zidagi ozchilik jamoalarini himoya qilsa va ularni o‘z hayotiga jalb etsa, yanada kuchliroq bo‘ladi».

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 15.10.2026 Ko'rishlar 50
Ulashish