Qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursida 1 ming 200 nafar mutaxassis o‘qitilmoqda

2021 yil 16-17 dekabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.

Ushbu mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, BMTning Aarkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi.

O‘quv kursida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti, Bosh prokuratura Akademiyasi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘linmasi ekspertlari, Jazoni ijro etish departamenti, Farg‘ona va Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmalari, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mazkur o‘quv kursi 3 bosqichda tashkil etilmoqda.

Jumladan, joriy yil 17 noyabrdan – 17 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi 1 ming 200 nafar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun shunday mashg‘ulotlar rejalashtirilgan.

O‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashishda ilg‘or xalqaro amaliyot va milliy tajribani qo‘llashga oid amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga mo‘ljallangan.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech