O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 16-17 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashrif doirasida Seul shahrida oliy darajada uchrashuv va muzokaralar o‘tkazib, Janubiy Koreya parlamenti rahbariyati va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Mun Chje In O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni qabul qildilar. Bu hujjatda o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadlari o‘rin olgan. “Yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va kuchli ijtimoiy himoya siyosati sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi hamda salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi.
Davlat tashrifining xususiyatlari
Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan keyingi davrda Janubiy Koreya vaqt sinovida toblangan ishonchli do‘stimiz va hamkorimizga aylandi. Ushbu mamlakat bugungi kunda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari safida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgani ham shundan dalolatdir.
O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga ikkinchi davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi alohida strategik hamkorlik va xalqlarimizning do‘stona munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. So‘nggi yillarda uzviylik va ko‘lamdorlik kasb etayotgan samarali hamkorlik aloqalarimiz alohida strategik darajaga ko‘tarilishiga xizmat qildi.
Shu o‘rinda mazkur tashrifning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratmoqchiman:
birinchi xususiyati: Prezidentlar uchrashuvlari faol va muntazam tus olgan bo‘lib, bu safar ikki mamlakat rahbarlari to‘rtinchi marotaba oliy darajada uchrashdilar. Ushbu oliy darajadagi uchrashuv avvalgi muloqotlar asnosida erishilgan kelishuvlar samaralarini sarhisob etish va hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab olish imkonini berdi;
ikkinchi xususiyati: ushbu davlat tashrifi misolida, pandemiya sharoitidan qat’i nazar, hamkorlik munosabatlarimiz susaymagani, to‘xtamagani, aksincha, muttasil rivojlanib borayotgani baralla namoyon bo‘ldi;
uchinchi xususiyati: davlat tashrifi o‘zaro muloqotlarimizning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda Janubiy Koreya mamlakatimizga ulkan yordam ko‘rsatganini e’tirof etar ekan, bunday ko‘makka faqat do‘stlar qodir ekanini ta’kidladi;
to‘rtinchi xususiyati: o‘zbek-koreys munosabatlari o‘zaro qat’iy ishonch asosida alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, yaqin va samimiy do‘stona munosabatlari hosilasidir;
beshinchi xususiyati: davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Koreys hamkorlarimiz tomonidan biz ilgari surgan biron-bir taklif rad etilmadi. Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonni barcha jabhalarda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi;
oltinchi xususiyati: davlat tashrifi juda samarali bo‘ldi. Qo‘shma bayonot va bir qator yangi yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi;
yettinchi xususiyati: davlat tashrifi asnosida o‘zaro hamkorlik aloqalarimizni yangi pog‘onaga ko‘tarish uchun muhim zamin yaratildi;
sakkizinchi xususiyati: davlat tashrifiga Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari katta e’tibor qaratdi. Jumladan, “Korea Post” jurnali alohida sonini O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifiga bag‘ishladi. Jurnal muqovasida ushbu e’tirof o‘z aksini topdi: “Prezident Shavkat Mirziyoev – davrimizning yetuk lideri”.
Shuningdek, “Korea Times” gazetasida: “O‘zbekiston rahbarining mintaqaviy siyosati – butun Mrkaziy Osiyoning yangilanish siyosatidir”, deya yuksak baho berildi. Boshqa bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida ham tashrif doirasidagi tadbirlar izchil va batafsil yoritib borildi.
Parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lida
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentlarning muntazam uchrashuvlari bunga muhim turtki bo‘ldi. Natijada parlamentlarimiz rahbarlarining o‘zaro tashriflari doimiy tus oldi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok ta’biri bilan aytganda, “Parlamentlar ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishi kerak”.
Birinchidan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasi parlamenti Spikeri bilan uchrashuvi chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari doirasida har tomonlama, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida samarali siyosiy muloqot va aloqalar faol davom ettirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Pandemiya sharoitida ham parlamentlarimizning ikki tomonlama va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasidagi hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanmoqda. Parlamentlarimiz vakillari tomonidan keyingi to‘rt yilda 8 marta o‘zaro rasmiy tashriflar amalga oshirilgan.
Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasi parlamenti Spikeri bilan uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va faollashtirish yuzasidan batafsil fikr almashildi. Pak Byon Sok O‘zbekiston bilan alohida strategik hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratishini bildirdi.
Ikkinchidan. Muloqot asnosida O‘zbekiston Prezidenti mezbon tomonni Seulda Osiyo-Tinch okeani parlamentariylari forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, O‘zbekiston parlamenti ushbu Forumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagida ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, Pak Byon Sok hozir Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi mazkur Forumda rais qilayotgani va mamlakatimizni bu yo‘nalishda to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Pak Byon Sokning fikricha, parlament a’zolari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni faol ilgari surishlari va oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar samarali bajarilishida jonkuyar bo‘lishlari lozim. Shu jihatdan, parlament diplomatiyasini yanada kuchaytirish o‘rinlidir.
Uchinchidan. O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” muhim o‘rin tutadi. Joriy yil iyun oyida ularning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Koreya Respublikasi parlamenti vakillari kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Jahon mamlakatlari parlamentlarining ayol spikerlari sammitida ishtirok etishini tasdiqladi. Shuningdek, qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishning yangi institutsional mexanizmlarini joriy qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Koronavirus bilan bog‘liq sharoitlar yengillashishiga qarab, O‘zbekiston parlamentlar tashabbusi asosida mintaqalararo forum o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Tomonlar bu borada hamkorlik qilish hamda “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
To‘rtinchidan. Pak Byon Sok 2022 yilda tarixiy sanalar – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muloqot asnosida Prezidentimiz Oliy Majlis Senatida Janubiy Koreya bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirishga mas’ul maxsus Qo‘mita tuzishni taklif qildi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, tegishli agentlik tashkil qilinadi. Mazkur lavozimga tayinlanadigan mansabdor shaxs Senat oldida hisobdor bo‘ladi. Parlament nazorati tartibida har chorakda ikki tomon vazirlarining hisobotlarini eshitish tartibi yo‘lga qo‘yilishi ham maqsadga muvofiq.
Parlamentlararo aloqalarimiz istiqbollari, o‘z navbatida:
- parlamentlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish;
- ikki davlat rahbarlari va hukumatlari tomonidan kelishilgan shartnoma va bitimlar ijrosi ustidan “do‘stlik guruhlari” va tegishli qo‘mitalar tomonidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish;
- imzolangan ikki tomonlama hujjatlar ratifikatsiya qilinishini tezlashtirish;
- xalqaro parlament tashkilotlarida o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash;
- saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
- Milliy Assambleya vakillarini O‘zbekistonda tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarga taklif etish;
- xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar majlislari va konferensiyalarda o‘zaro bir-birini qo‘llash va yagona yondashuvni ilgari surish kabi dolzarb vazifalar izchil bajarilishini ta’minlash taqozo etiladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston parlamentining ibratli jihatlari ham e’tirof etildi. Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida xotin-qizlar 19 foizdan iborat bo‘lgani holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari tarkibining 32 fozini – ayollar, 6 fozini esa yoshlar tashkil etadi.
Shunday qilib, mazkur tashrif O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi va bu yuksak salohiyatdan amaliy foydalanish talab etiladi. Binobarin, parlamentlararo aloqalar ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismidir.
Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri parlament diplomatiyasi to‘g‘risida
Prezidentimiz bilan hamsuhbat bo‘lgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikerining shaxsiyati haqida muxtasar so‘z yuritamiz. Binobarin, u o‘z yurtida mehnatsevar deputat, so‘zi bilan ishi uyg‘unligiga amal qiladigan talabchan rahbar, matbuotga ochiq, oilaparvar, juda bosiq-vazmin inson sifatida ma’lum va mashhur.
Pak Byon Sok parlament Spikeri sifatida o‘z faoliyatining uchta asosiy yo‘nalishini belgilab olgan:
birinchi yo‘nalish – aholini koronavirus pandemiyasidan himoya qilish;
ikkinchi yo‘nalish – xalq bilan hamjihat ishlaydigan parlament ishini tashkil etish;
uchinchi yo‘nalish – o‘z xalqining barqaror kelajagiga yo‘l ochadigan parlamentga asos solishdir.
Shuningdek, Pak Byon Sok Konstitutsiyani isloh qilish g‘oyasini faol ilgari surmoqda. U dunyoda parlament diplomatiyasini kengaytirish tarafdori bo‘lgan zamonaviy siyosatchilardan hisoblanadi. U Shvesiya, Germaniya, Vetnam, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn kabi ko‘plab xorijiy mamlakatlarga muntazam tashrif buyuradi.
Ayniqsa, Pak Byon Sok joriy aprel oyida mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifini mamnuniyat bilan tilga oldi. “Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevni o‘z millatining Buyuk Sardori deb bilaman”, dedi Janubiy Koreya parlamenti yetakchisi.
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Prezidentining mamlakat hayoti barcha sohalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan shiddatli islohotlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydilar. Pak Byon Sokning e’tirof etishicha, “aynan Shavkat Mirziyoevning tashabbusi va rahbarligida O‘zbekistonda yangi davr – samaradorlik (konstruktivizm) va taraqqiyot davri boshlandi”.
O‘zbekiston Prezidentining mohirona va izchil siyosati tufayli qisqa fursatda Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy muhit vujudga keldi. O‘zbekiston mintaqaviy transport va moliya markaziga aylandi. O‘zbekistonning gender siyosati esa xorijiy davlatlar uchun namuna bo‘lishga munosibdir. Bularning barchasi “O‘zbekiston Prezidenti mintaqadagi eng faol davlat rahbari ekanini yorqin isbotlab turibdi”.
Mulqot davomida O‘zbekiston Prezidenti alohida strategik sheriklikdan ittifoqchilik asosidagi hamkorlikka o‘tish g‘oyasini har tomonlama asoslab berdi. Bunga javoban Koreya parlamenti Spikeri: “Men bilgan davlat arboblari ichida Siz eng mohir diplomatsiz”, deya Prezident Shavkat Mirziyoevning ushbu g‘oyasini yoqlab keltirgan dalillarini e’tirof etdi.
“Elektron parlament”: Janubiy Koreya tajribasi
Janubiy Koreya parlamenti O‘zbekistonda “Elektron parlament” mexanizmlarini joriy qilishga ko‘maklashishga tayyor. Bu haqda so‘z borganda, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida samarali qonun ijodkorligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun tatbiq etilgan “Elektron parlament” tizimi haqida muxtasar to‘xtalish lozim. Bu tizim:
birinchidan, majlislar zalida yalpi sessiyalarni zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida o‘tkazish tartibi;
ikkinchidan, qonun ijodkorligiga doir ma’lumotlarni tarqatishning elektron usuli;
uchinchidan, qonun loyihalarini raqamlashtirish tajribasi;
to‘rtinchidan, videokonferens-parlament aloqasini qo‘llashdan iborat.
O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi kutubxonasining faoliyati ham tahsinga sazovor. Kutubxona asosan qonunchilik to‘plamlari va qonun hujjatlarini to‘plash hamda saqlash, davriy nashrlar, turli adabiyotlar, ijtimoiy tadqiqotlar bo‘yicha interfaol materiallarni chop etish bilan shug‘ullanadi.
Parlament kutubxonasi mutaxassislari tomonidan mamlakatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlari faoliyatini tahlil qiladi va bu borada muayyan baho beriladigan statistik ma’lumotlar keng taraqatiladi. Kutubxonaga kelib tushadigan barcha ma’lumotlar Internetga joylashtirib boriladi va ulardan hammaning erkin foydalanishi ta’minlanadi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining yana bir muhim tarmog‘i – Tadqiqotlar xizmati bo‘lib, bir tomondan, u Milliy Assambleyaga kelib tushadigan so‘rovlarni o‘rganadi. Ikkinchi tomondan esa, qonun ijodkorligi va siyosiy masalalarga taalluqli axborotlarni jamlash, saralash va tarqatish ishlarini amalga oshiradi.
Shu nuqtai nazardan, Janubiy Koreya grantlari hisobiga Oliy Majlis faoliyatiga yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining tajribasini o‘rganish va tatbiq etish ayni muddaodir.
Qolaversa, Milliy Assambleya kutubxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi va milliy parlamentimizda xuddi shunday kutubxona faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunlarni aholiga yetkazish ishlarida katta natijadorlikka erishish imkoniyatlarini oshiradi.
Janubiy Koreya parlamentining qonun ijodkorligi, saylov tizimi va konstitutsiyaviy islohot, davlat boshqaruvini isloh qilish borasidagi tajribasini o‘rganish ham maqbuldir. Shuningdek, gender siyosati va fuqarolik jamiyati institutlarini ravnaq toptirish, inklyuziv ta’limni joriy qilish, mintaqa va qishloqlarni rivojlantirish hamda “Elektron parlament” loyihasini amalga oshirishdagi ilg‘or natijalari alohida e’tiborni tortadi.
Madaniy-ma’rifiy sohada hamkorlik: kecha, bugun, ertaga
O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, biz Janubiy Koreya mamlakati va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi olis masofadan qat’i nazar, koreys xalqi mentaliteti, ma’naviy qadriyatlari va an’analari bilan bizga juda yaqindir.
Xalqimiz koreys xalqining ajoyib insoniy fazilatlarini yuksak qadrlaydi. Bu o‘rinda, albatta, mehnatsevarlik va intiluvchanlik, fidoyilik va mardlik, qudratli ma’naviy shijoat va yuksak intellektual salohiyat haqida so‘z bormoqda.
E’tiborlisi shundaki, Koreya Respublikasining rasmiy shaxslari ham xalqlarimizni tarixiy rishtalar, o‘xshash an’analar, ma’naviy va madaniy yaqinlik bir-biriga bog‘lab turishini e’tirof etdilar.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya geografik jihatdan bir-biridan uzoq bo‘lsa-da, xalqlarining ko‘ngli yaqin, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida maqsadi mushtarak davlatlardir. Tarixiy manbalarga qaraganda, mamlakatlarimiz Buyuk ipak yo‘li zamonlaridan buyon o‘zaro bordi-keldi qiladi.
Bunga birgina misol: Samarqanddagi Afrosiyob muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlarda VII asr o‘rtalarida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya elchisini qabul qilish marosimi aks etgan.
Yana bir muhim tarixiy dalil: Mirzo Ulug‘bek bobomizning “Ziji Ko‘ragoniy” asarida tavsiflangan yulduzlar jadvali Choson davlatida qadimgi koreys taqvimini tuzish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
XX asrning shafqatsiz 1937 yili koreys millatiga mansub 74,5 ming nafar inson Uzoq Sharqdan O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini xalqlarmiz hali ham unutmaydi. Bu yerda ular o‘zlarining ikkinchi Vatanini topdilar.
Og‘ir va mashaqqatli zamonlarda o‘zbek xalqining mehribonligi, bag‘rikengligi va insonparvarligi majburan ko‘chirib kelingan koreyslarning ko‘p millatli jamiyatimizda o‘z munosib o‘rnini topishiga dalda hamda ko‘mak bo‘ldi. Bugungi kunda koreys diasporasi tomonidan Toshkentda “O‘zbek xalqiga minnatdorlik yodgorligi” o‘rnatilgan.
O‘zbekistonda 80 yildan ortiq vaqt davomida koreys diasporasi o‘z madaniyati, urf-odatlarini saqlab qolgan va buning uchun mamlakatimizda zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda Koreys madaniyati va san’ati uyi barpo etilgan.
O‘zbekistonda koreys xalqining tarixi, tili, madaniyati, kino san’ati, zamonaviy musiqasi va milliy taomlariga qiziqish tobora ortib bormoqda. Yurtimiz ta’lim muassasalarida koreys tilini o‘rganuvchi yoshlar, o‘z navbatida, Janubiy Koreyada o‘zbek tilini o‘rganishga bel bog‘lagan talabalar soni ko‘payib borayotgani quvonarlidir.
Masalan, Koreya Respublikasining Pusan, Tegu, Xankuk universitetlarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekistonning yettita oliy o‘quv yurtida talablar koreys tili bo‘yicha saboq olmoqdalar.
Shu o‘rinda Yevroosiyo va turkiy tillar instituti rahbari O In Kyong xonim O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha doktori ekanini qayd etish lozim. Ayni vaqtda tashrif doirasida Seul shahrida mashhur koreys adibi Li Mun Yol qalamiga mansub “Oltin qanotli qush” kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazilgani bu borada yanada muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayniqsa, Seul shahri markazida ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochilgani har ikki xalq ma’naviy hayotida ulkan tarixiy voeqa bo‘ldi. Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O‘sh, Dushanbe kabi shaharlari qatori dunyoning yana bir go‘zal shahrida atoqli ajdodimiz xotirasiga ko‘rkam yodgorlik ochilishi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi va davlatimiz rahbarining mazkur mamlakatga davlat tashrifiga bag‘ishlandi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish borasida muhim kelishuvlarga erishildi. Bunda, jumladan, O‘zbekiston Koreya Respublikasining raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “aqlli shaharlar”, autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan o‘z amaliyotida foydalanishdan manfaatdorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Janubiy Koreya tomoni qonun ustuvorligi, mintaqaviy xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik, ommaviy axborot vositalari erkinligi, gender tenglik sohasidagi islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, maktabgacha, o‘rta va oliy ta’lim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qo‘shma loyiha natijasida o‘tgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda kelgusida yoshi ulug‘lar uchun klinika, onkologiya markazi va tibbiyot universitetini o‘z tarkibiga oladigan noyob tibbiyot klasteri bunyod etiladi.
Koreya Respublikasining ta’lim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilg‘or tajribasi va bilimlari asosida to‘liq isloh qilindi. Mamlakatimizda Janubiy Koreyaning beshta yetakchi oliy o‘quv yurti filiali ishlab turibdi.
O‘zbekiston Prezidenti universitetlar o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.
Muzokaralar chog‘ida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy o‘sish lokomotivlaridan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma ob’ektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Davlatimiz rahbari 2022 yilni “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi. Bu takliflar Janubiy Koreya Prezidenti va parlament Spikeri tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 21.12.2021
- Ko'rishlar: 3705
- Chop etish