Inson huquqlariga amal qilish va uni himoya qilishning dolzarb masalalari

 2021 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi ana shu mavzuga bag‘ishlandi. Onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilgan tadbir Milliy markaz tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti huzuridagi Yuridik institutning Xalqaro huquq kafedrasi mudiri, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva davlat xalqaro munosabatlar universiteti Xalqaro huquq kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori,  Aslan Abashidze ishtirok etdi.

Anjuman ishida Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Davlat va huquq instituti, Bosh prokuratura Akademiyasi rahbarlari hamda profeesor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari – bevosita, shuningdek, Jamoat xavfsizligi universiteti, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti mutaxassislari “zum” internet dasturi orqali qatnashdi.

Majlisda inson huquqlariga amal qilish va uni himoya qilishning xalqaro mexanizmlari muhokama qilindi. BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi faoliyati, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining BMT shartnomaviy organlariga davriy ma’ruzalar taqdim etish borasidagi tajribasi tahlil qilindi.

Professor A.Abashidze keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda hayotning barcha sohalarida, shu jumladan inson huquqlarini rivojlantirish yo‘nalishida ulkan natijalarga erishilganini alohida qayd etdi. O‘zbekiston nafaqat xalqaro majburiyatlariga izchil va qat’iy amal qilish, shu bilan birga muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surish borasida ham jahon hamjamiyatiga namuna bo‘lmoqda.

Uchrashuv yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirishda qo‘shgan hissasi va inson huquqlari bo‘yicha magistratura mutaxassisligini ochishdagi ko‘magi uchun professor A.Abashidzega “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Ma’lumot uchun: Aslan Huseynovich Abashidze (1958 yil 18 noyabrda Adjariyada tug‘ilgan) — Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan yurist. BMTga ko‘maklashish Rossiya assotsiatsiyasining Xalqaro huquq komissiyasi raisi, Rossiya Ta’lim va fan vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Ekspertlar kengashi a’zosi, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Maslahatchisi hisoblanadi. Olim xalqaro huquq bo‘yicha taniqli mutaxassis sifatida ko‘plab ekspertlar kengashlari tarkibida faoliyat olib boradi.

Aslan Abashidze O‘zbekistonning katta do‘stidir. Rossiyalik olim boshqaradigan ta’lim muassasalari bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida samarali hamkorlik ko‘p yillardan buyon izchil rivojlanib kelmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech