Har qanday ota-ona farzandining sog‘lom va zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo‘lib voyaga yetishini istaydi. O‘zbekistonda bu ulkan maqsadni amalga oshirish istiqlolning ilk yillaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zero, bolalari sog‘lom yurt qudratlidir.
Ayniqsa, keyingi davrda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida muhim natijalar qo‘lga kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Hammasi o‘zimizning, O‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o‘rgatsak, ularning yo‘lini ochib bersak, ertaga foydasi o‘zimizga, jamiyatimizga tegadi».
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan. Asosiy Qonunimizning 45-moddasida, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgan. Bosh Qomusimiz¬ning 65-moddasiga binoan esa: «Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi».
Milliy huquqiy tizimimizda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada yuzdan ziyod me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini inobatga olgan holda, qariyb 20 ta qonun qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Bular jumlasiga «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida», «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida» (yangi tahrirda), «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida», «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlarni kiritish mumkin. Bundan tashqari, Oila kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat ijroiya kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston mustaqil¬likka erishgandan so‘ng 1992 yil 9 dekabrda o‘zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari konvensiyasidir. Uni jahon bolalarining o‘ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘ndan ortiq xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan.
Xususan, O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va uning ikkita Fakultativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidasiga to‘liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konvensiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan singdirildi.
Ayni paytda bolalarning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalaridan xabardorlik darajasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida inson va bola huquqlariga bag‘ishlangan darslar o‘tilmoqda.
Shu jihatdan, 2017 yilda «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani ayni yo‘nalishdagi islohotlar uzviy va qat’iy, izchil va bosqichma-bosqich asosda davom etayotganining yorqin tasdig‘idir. Yangi Qonunda yoshlarga oid siyosatni, ya’ni navqiron avlodning rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyatni rivojlantirishda ularning intellektual, ijodiy salohiyatidan unumli foydalanishni nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi belgilab berilgani g‘oyatda muhimdir.
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan konstitutsiyaviy islohotlar bu borada tubdan yangi huquqiy yangilanishlarni ko‘zda tutmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yishimiz zarur.
Yanada muhimi, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerak.
Qolaversa, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarur.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, iqtidorli olim Muslim Atayev tomonidan nashrga tayyorlangan «Islomda bolalar huquqi» nomli kitob bu borada yana bir mo‘’jaz va muhim amaliy qadamdir. Kitobda, avvalo, ulug‘ alloma Majduddin Ustrushaniyning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati, u yashagan davr, allomaning ustoz va shogirdlari, boy ilmiy merosi, xususan, «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan.
Ma’lumki, Imom Ustrushaniy (Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniy) XII asr oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustrushanalik ulug‘ allomadir. Majduddin Ustrushaniy fiqh ilmi jadal rivojlangan Qoraxoniylar davrida Ustrushanada tavallud topgan, fiqh ilmidan dastlabki saboqni mahalliy faqihlardan o‘rgangan.
Ishonchli qo‘lyozma manbalarga qaraganda, Mahmud va uning o‘g‘li Muhammad Ustrushaniyning ustozi Burhoniddin Marg‘inoniy hisoblanadi. Ustrushaniylar shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Eng muhimi, Imom Ustrushaniyning nafaqat «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari, balki «Kitab al-fusul», «Qurrat al-aynayn fi islah ad-dorayn», «al-Fatovo», «al-Qurud va-d-duyun» va «Al-as’ila val-ajviba» kabi boshqa asarlari ham o‘z davrida katta shuhrat qozongan.
Ammo, mana shu juda boy, noyob va nodir ilmiy-ma’rifiy, madaniy va ma’naviy meros shu paytgacha o‘rganilmay kelingan edi. E’tiborli jihati shundaki, Muslim Atayev o‘z ilmiy izlanishlari bilan ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Natijada bu boradagi tarixiy ma’lumotlar tartibga solindi, tizimlashtirildi va o‘zaro qiyosiy tahlildan o‘tkazildi.
Albatta, Majduddin Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari bundan sakkiz yuz yil avval dunyo tarixida bola huquqlariga bag‘ishlab yozilgan ilk huquqiy manba ekanini alohida qayd etish darkor. Bunday nodir asar mavjud ekanining o‘ziyoq, fikrimizcha, olis tarixda yurtimizda zabardast ulamolar va fiqhshunos olimlar tomonidan ko‘pgina huquqiy munosabatlar, shu jumladan, islom huquqining tizimi, mohiyati, manbalari va rivojlanish bosqichlari mukammal o‘rganilib, bu borada nodir asarlar yaratilganini yaqqol tasdiqlab turibdi.
«Jomi’ ahkom as-sig‘or» islom huquqshunosligiga oid qimmatli manbadir. Shu bois bu kitob ilk marta 1982 yili iroqlik professor Abdulhamid Abdul Xoliq al-Bayzaliy tomonidan chop etilgan. Asarning ikkinchi nashri esa Qohirada «al-Azhar» universiteti professori Abu Mus’ab al-Badriy hamda o‘qituvchi Mahmud Abdurrahmon Abd al-Mun’im tomonidan tayyorlangan.
Shu o‘rinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va tarix fanlari nomzodi Muslim Atayev «Jomi’ ahkom as-sig‘or»ning Misrda chop etilgan ikkinchi nashri bilan Toshkentda saqlanayotgan 5 ta qo‘lyozma nusxalarini solishtirib ko‘rganiga alohida e’tibor qaratish darkor. Nega deganda, shu jarayonda asarning Misr nashrida jiddiy kamchiliklar borligi aniqlangan.
Ayni shu nuqtai nazardan, kitobning tuzatilgan va to‘ldirilgan arab tilidagi nashrini, shuningdek, o‘zbek kitobxoniga tuhfa etilayotgan ushbu nashrni tayyorlashda bunday nuqsonlar bartaraf etilgani tahsinga sazovor.
Xulosa qilib aytganda, Imom Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari voyaga yetmagan bolalarning haq-huquqlari xususida yozilgan fiqhiy asarlarning eng mukammalidir. Asarda hanafiy mazhabi bo‘yicha yosh bolalarga taalluqli fiqhga oid tarqoq holda berilgan yuzga yaqin manbalardan olingan 1 ming 280 dan ortiq fatvo o‘z mujassamini topgan.
«Islomda bolalar huquqi» kitobiga ana shu fatvolardan 400 ga yaqini saralab olingan va o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu matnlar bugungi davrimiz bolalari hayotida uchraydigan va aksariyat ota-onalarni qiziqtiradigan mavzularga bag‘ishlangani alohida diqqatga loyiqdir. Shu ma’noda, ushbu kitob o‘zbek kitobxoni uchun nihoyatda foydali va manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori, akademik
- Qo'shildi: 24.12.2021
- Ko'rishlar: 3490
- Chop etish