Tarjimai hol

Uyg‘onmoqchi edim saharlab,

uyg‘oqligimni bilib qoldim.

Zilol suvga bosganimda lab,

chanqoqligimni bilib qoldim.

 

Ko‘ngil sundim goh piyolaga,

ruhim chaydim so‘ng shalolaga.

Talpindimu mushtoq dalaga,

irmoqligimni bilib qoldim.

 

Dasht-dalada kechdi bolalik,

ko‘rganim dashtligu dalalik.

Paxtalik, pillalik, tillalik

qashshoqligimni bilib qoldim.

 

Ertak tinglab o‘sdim ko‘rpada,

bilim oldim turfa-turfa-da,

ulug‘ zotlar yoygan surpada

urvoqligimni bilib qoldim.

 

Sho‘rolarning zamonin ko‘rdim.

Mustaqillik davronin surdim.

Ikki asr, ikki davrdin

saboqligimni bilib qoldim.

 

Bu hayot tinimsiz qayradi,

kertilsam – yovlarim yayradi.

Boq, qing‘ir u tig‘lar qaydadir?

Qayroqligimni bilib qoldim.

 

Yoshlik – sayyor, keksalik – turg‘un,

sarvatlarni kelardi ko‘rgim.

Vale, boqib ko‘nglimga bir kun –

zavroqligimni bilib qoldim.

 

Ruhlansam (buncha besabr men!) –

Havoladim misli abr, men.

Holbuki, yernishin qabrmen –

tuproqligimni bilib qoldim.

 

Bitibdirman bir nechta kitob –

umrim savollariga javob.

Baribir ham, negadir shu tob

jumboqligimni bilib qoldim.

 

El-yurtim, ko‘rk bo‘lgil ochunga!

Kaftlarim duoga ochilgan

va lekin barmoqlar sochilgan –

tarqoqligimni bilib qoldim.

 

Birlashing, sirlashing, barmoqlar;

yuzga nur ulashing, barmoqlar;

yashaylik Vatanni ardoqlab,

ardoqligimni bilib qoldim.

 

Uyg‘onmoqchi edim saharlab,

uyg‘oqligimni bilib qoldim...

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech