Islomobod deklaratsiyasi mamlakatlarni korrupsiyaga qarshi qonunchilikni kuchaytirishga chaqiradi

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 7-xalqaro seminari yakunida Korrupsiya va inson huquqlari bo‘yicha Islomobod deklaratsiyasi  qabul qilindi.

Deklaratsiya barcha mamlakatlarni korrupsiya bilan kurashishga qaratilgan kuchli qonunlar qabul qilish va adolatsizlikka hamda korrupsiyaning boshqa salbiy oqibatlariga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga da’vat etadi.

2022 yil 6-7 yanvar kunlari Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan seminarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi, IHTga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar, Pokistonning davlat tashkilotlari, ilmiy doiralari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy muassasalardan jami 200 dan ziyod vakil ishtirok etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan videomurojaatida qayd etilganidek, har yili butun dunyoda salkam 1 trillion dollar hajmidagi mablag‘ pora uchun sarflanmoqda.

«Albatta, ushbu muammo va uning oqibatlari nihoyatda ulkan, zero korrupsiya iqtisodiyotning samarasizligiga va izdan chiqishiga olib keladi», - dedi M.Bachelet. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining fikricha, pora miqdorining o‘sishi narx-navoni qimmatlashtirib, xizmat va tovarlar sifatini yomonlashtiradi. O‘z navbatida, bunday holat tarqqiyotga jiddiy xalal beradi.

          Islomobod deklaratsiyasi IHTga a’zo barcha davlatlarni sud, prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi salohiyatini mustahkamlashga chaqiradi. Hujjatda, shuningdek, mustaqil aksilkorrupsiya organlarini ta’sis etish va ularga korrupsiya bilan bog‘liq, shu jumladan, transmilliy jinoyatlarni tergov qilish vakolatini berish muhimligiga e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, Deklaratsiyada inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy muassasalarning korrupsiyaning inson huquqlariga ko‘rsatadigan ta’siridan aholini xabardor qilish borasidagi ahamiyatiga yuqori baho berilgan. Ushbu institutlar o‘zlarining arizalarni ko‘rib chiqish, surishtiruv o‘tkazish hamda tahlil qilish sohalaridagi muayyan tartib-taomillari ko‘magida ayni masala bo‘yicha ma’rifiy mashg‘ulotlar o‘tkazish va tayyorgarlik ishlarida yordam berish imkoniyatiga egaligi ta’kidlangan.

Islomobod deklaratsiyasi matnini tayyorlash va muhokama etish jarayonida Pokiston, O‘zbekiston, Iordaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Falastin va boshqa bir qator mamlakatlar vakillari so‘zga chiqib, o‘z taklif-mulohozalarini bildirdi.

           Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboev Deklaratsiya matniga IHT doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, ayni sohada axborot-ma’rifat targ‘iboti ishlarini rag‘batlantirish zarurligi to‘g‘risidagi qoidalarni kiritishni taklif qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech