2022 yil 12 yanvar kuni Toshkentda “Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi islohotlarning mustahkam poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tashkil etildi.
Oflayn va onlayn tarzda o‘tgan ochiq muloqotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochar ekan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasi 7 ta ustuvor yo‘nalishdagi 94 ta maqsadni qamrab olgani va unda Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida hamda saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslar aks etganini ta’kidladi. Strategiyada, jumladan, bir qator konsepsiya, dastur, strategiya va qonun hujjatlari qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Ma’lumki, «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida keyingi besh yillikda mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi Internetdagi regulation.gov.uz, 2022-2026.strategy.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Yangi O‘zbekiston «adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur sharti» degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.
Davra suhbatida «Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqaparvar davlat barpo etish» mavzusida ma’ruza qilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov ta’kidlaganidek, yaqin kelajakda Yangi O‘zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat va munosib obro‘-e’tiborga ega, har tomonlama obod va farovon, tinch va osoyishta mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan mazkur tarixiy hujjat loyihasi bo‘yicha fikr bildirish – ertangi kuniga, oilasi iqboliga, ona yurti va jonajon xalqi taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir sog‘lom fikrli fuqaromiz uchun sharaflidir.
Videokonferensaloqa tarzida ishtirok etgan xorijdagi O‘zbekiston yoshlari, xususan, Yaponiya, Ukraina, Singapur, AQSh va Xitoy davlatlarida tahsil olayotgan magistrlar va mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi yuzasidan iliq mulohazalar bildirdilar.
Xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular bilan doimiy aloqa hamda hamkorlik olib borish masalalariga doir 81-maqsad mohiyatan ijtimoiy davlat barpo etishni ko‘zlagan Yangi O‘zbekistonimiz uchun eng to‘g‘ri yo‘nalishlardan hisoblanishi ni alohida e’tirof etildi.
Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ekspertlar tomonidan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi loyihasi yuzasidan mamlakatimiz rivojiga xizmat qiluvchi, ilmiy asoslantirilgan va aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
Tadbirda parlament deputatlari, senatorlar, shuningdek Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Ilmiy-ekspert kengashi hamda «Qonunchilik muammolari axborotnomasi» jurnali tahrir hay’ati a’zolari, Institut ilmiy xodimlari, xorijiy mamlakatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston yoshlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.01.2022
- Ko'rishlar: 2778
- Chop etish