2022 yil 12 yanvar kuni “Yuksalish” umummilliy harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamkorligida keng jamoatchilik bilan muloqot o‘tkazildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu tadbirdan maqsad – Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini muhokama qilish hamda ekspertlar ishtirokida bu boradagi taklif va tavsiyalarni umumlashtirishdir.
Muloqot avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasinining muhim jihatlariga to‘xtaldi.
Ma’lumki, so‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, Prezidentimizning 4 mingdan ziyod qaror va farmoni qabul qilindi. Milliy iqtisodiyotni isloh qilish yo‘nalishida tashqi savdo, moliya va soliq siyosatini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlashni bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Endilikda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihani keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish davom etmoqda. Fuqarolarga o‘z takliflarini bildirish imkoniyatlari ham yaratildi.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” umumiy tamoyilini birlashtiruvchi 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 94 ta muhim vazifa belgilangan. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish shular jumlasidandir.
Yangi strategiya doirasida 23 ta yangi dastur va konsepsiyalarni qabul qilish, 13 ta yangi qonun va 12 ta kodeks, shu jumladan, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Bu fuqarolik jamiyati institutlarining muhim poydevorini tashkil etadigan hujjat bo‘ladi.
Tadbirda davlat va jamiyat qurilishini yanada isloh qilish, iqtisodiyot, sud-huquq tizimini, ijtimoiy sohani liberallashtirish, pragmatik tashqi siyosat yuritish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bayon etildi. Muhokamalar davomida e’tirof etilganidek, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki global miqyosdagi munosabatlarga kirishmoqda, global masalalarda o‘zining tashabbuslari bilan chiqmoqda va nuqtai nazarlarini bildirmoqda.
Jamoatchilik bilan muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari, Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi vakillari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.01.2022
- Ko'rishlar: 2907
- Chop etish