O‘zbekistonning Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi o‘rni yuksaldi

“Transparency International” xalqaro tashkiloti 2021 yil uchun  “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingini e’lon qildi. (https://www.transparency.org/en/cpi/2021) Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda segmentuz sayti.

Bu bejiz emas. Chunki so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekiston Respublikasida davlat faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Xususan, 2016 yil oktyabrda davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatidagi ilk saylovoldi ma’ruzasida mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar barobarida O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya masalasiga barchaning e’tiborini qaratdi.

Aynan shu davrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlandi. O‘tgan qisqa davrda bu borada izchil qadamlar qo‘yildi. Jumladan:

  • 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida korrupsiyaga qarshi kurash mamlakat oldida turgan asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
  • 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.
  • 2017 yil 2 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
  • 2018 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya qabul qilingani 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidagi taklifi asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida qo‘mitalar tashkil qilindi.
  • 2019 yil 27 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolanib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud tizim yanada takomillashtirildi.
  • 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimi shakllantirila boshlandi.

Davlat xizmatchilari uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxati belgilandi.

Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etildi.

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab, yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirila boshlandi, 2020 yil 1 apreldan boshlab ushbu loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.

2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari:

korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxatini shakllantirdi;

idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralari ko‘rildi.

Muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda jamiyat va davlatning birlamchi umumiy maqsadiga aylangandir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech