Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va tashqi siyosat: maqsad-vazifalar ijrosida parlamentning o‘rni

2022 yil 2 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi tashqi siyosatning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirishda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi, Markaziy Osiyo Xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi.

Ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” 2026 yilgacha bo‘lgan bunyodkorlik jarayonini qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi. Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yo‘nalish belgilab olingan bo‘lib, har bir yo‘nalish zamirida inson qadrini ta’minlashdek ulug‘ maqsad mujassam. Kelgusida Taraqqiyot strategiyasi doirasida bir qator konsepsiya va dasturlar, 13 ta kodeks, 12 ta qonun va o‘nlab qonun hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Taraqqiyot strategiyasida ko‘pgina sohalar qatori mamlakatimizning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosati bilan bog‘liq bir qator maqsad va vazifalar ham qamrab olingan. Xususan:

  • mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirish;
  • Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish;
  • an’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish;
  • tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratish;
  • iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish;
  • O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kengaytirish belgilangan.

Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, Jahon hamjamiyati auditoriyasida mamlakatimiz imijini oshirishga qaratilgan axborotlar yetkazish samaradorligini oshirish, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz va konsullik muassasalarimiz tomonidan O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, Taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarda Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida yaqin qardoshlikni qadrlash, qo‘shni mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishish bo‘yicha muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, Oliy Majlisga shu yo‘nalishda qabul qilingan davlatlararo shartnoma va ahdlashuvlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi ustidan parlament nazorati o‘rnatish mas’uliyatini yuklaydi.

Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekistonning BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, iqlim, ekologiya, terrorizm, korrupsiya, migratsiya, kambag‘allik kabi global muammolarni hal etish borasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish vazifasi qo‘yilgan.

Ayniqsa, O‘zbekiston rahbariyatining BMT doirasidagi tashabbuslarini amalga oshirishni ta’minlash, BMT va uning muassasalari bilan iqtisodiy-moliyaviy va konsultativ hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vazifalarning ijro etilishida ham parlamentning rolini yanada oshirish zarur.

Taraqqiyot strategiyasida yana bir muhim masalaga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu – mamlakatimiz tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirishdir.

Davra suhbati ishtirokchilari ushbu muhim vazifani amalga oshirish uchun barcha manfaatdor vazirlik va idoralarning sa’y-harakatlarini safarbar qilish lozimligini alohida ta’kidladilar. Faqat samarali idoralararo hamkorlik orqaligina ushbu vazifani to‘la-to‘kis amalga oshirish mumkin.

Tadbir yakunida Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan O‘zbekiston Respublikasining ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosati bilan bog‘liq maqsadlarni amalga oshirishda Oliy Majlis oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech