Bolalar ombudsmanining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi

 

2022 yil 11 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi hamda Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Bolalar ombudsmanining (Bolalar ombudsmani)  2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Tadbirda deputatlar, Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari xodimlari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov ishtirok etgan ushbu majlisda mamlakatimizda bolalar mehnati to‘liq bartaraf etilib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

2021 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillaridan, bolalar hamda ular qonuniy vakillaridan 182 ta murojaat kelib tushgan. Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan 123 ta so‘rov davlat tashkilotlariga yuborilgan.

Shu bilan birga, bola huquqlarini ta’minlash, voyaga yetmaganlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosining nazoratini olib borish va tegishli organlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat boshqaruvi organlari va huquqni muhofaza etuvchi organlarga 47 ta so‘rov jo‘natilgan.

Bolalar ombudsmani bola huquqlarini ta’minlash yuzasidan yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda 31 ta monitoring o‘tkazgan.

Monitoringlar 6 ta hududda – Samarqand, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan. Shu jarayonda 600 nafarga yaqin fuqaro bilan uchrashilib, ulardan qariyb 150 nafari bilan yakka tartibda suhbatlashilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech