TOSHKENT, 19 fevral. /“Dunyo” AA/. Shu yil 16-17 fevral kunlari Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammit (GDS22) bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmatidan olingan maʼlumotga ko‘ra, xalqaro anjuman Norvegiya va Gana hukumatlari hamda Nogironlik muammolari bo‘yicha xalqaro alyans (IDA) tomonidan onlayn shaklda tashkil etildi.
Global sammitda BMT va uning mintaqalardagi muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari – jami 4 mingdan ziyod vakil ishtirok etdi.
Sammitni Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore ochar ekan, mazkur xalqaro anjuman butun dunyodagi imkoniyati cheklangan insonlar hayotini yaxshilash bo‘yicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga yo‘l ochishini taʼkidladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, o‘z navbatida, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilishning qator ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surdi. Xususan, Bosh kotibning fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamma joyda har qanday imkoniyatlardan teng foydalana olishiga sharoit yaratish uchun investitsiyalar zarur. Bu esa katta miqdordagi moliyalashtirishni taqozo etadi.
Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov O‘zbekiston tomonidan 2021 yil 7 iyun kuni BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining ratifikatsiya qilingani ushbu sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘lganini qayd etdi. 2020 yilda qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun mazkur Konvensiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda ushbu Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining aʼzosidir. Shu maʼnoda, mamlakatimiz Konvensiyani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha mazkur Milliy harakatlar rejasini tasdiqlashni zimmasiga oladi. Keyingi, yaʼni 2023 yilda O‘zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha dastlabki hisobotini tegishli tartibda taqdim etadi.
Global sammitda 20 nafar oliy darajadagi spiker ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining ijrosini taʼminlash va uning bajarilishini muntazam monitoring qilib borish juda muhimligini qayd etdi. Shunda imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini to‘liq taʼminlash masalasi insoniyatning barqaror va farovon jamiyat barpo etish borasidagi global faoliyatining diqqat markazida turishiga erishiladi.
- Qo'shildi: 21.02.2022
- Ko'rishlar: 2847
- Chop etish