Botir Omonturdiev: “Nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida”

Avval ma’lum qilinganidek, Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining onlayn shakldagi 71-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasi uch kun davomida ko‘rib chiqildi. Ushbu muhokama jarayonlarida mamlakatimiz delegatsiyasi bilan bir qatorda, Davriy ma’ruzani tayyorlashga hissa qo‘shgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.

BMT Qo‘mitasi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi onlay-studiyasidan qatnashgan O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari Botir Omonturdiev o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi:

  • Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan buyon nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz va jamiyatimizning alohida diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Ayni chog‘da, 2017 yildan boshlab Harakatlar strategiyasi doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nogironligi bo‘lgan shaxslarga bo‘lgan e’tiborni tubdan oshirishiga qaratilgan bir qancha qonun hujjatlarini imzoladi.

Ayniqsa, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. BMTning Nogironlar to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingani nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash sohsidagi islohotlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqdi.

BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining 71-sessiyasida O‘zbekistonning Uchinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi jarayonida ishtirok etar ekanman, ayni shu fikrlar xayolimdan kechdi. O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa huquqlarini ta’minlash yo‘lida izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, yurtimizning  nogironligi bo‘lgan insonlarini rozi qilishga qaratilgan ko‘plab xayri ishlar qilinmoqda. Bu haqda so‘z borganda, xususan, keyingi besh yilda nogironlar, ko‘zi ojizlar, karlar jamiyatlarining ishchi-xodimlari davlat subsidiyasi orqali ish haqi bilan ta’minlanganini bir amaliy misol sifatida keltirishim mumkin.

Dastlab Harakatlar strategiyasi, endilikda Taraqqiyot strategiyasi doirasida qabul qilingan qonunlar, Prezidentimiz farmon va qarorlariga asosan, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, og‘ir sharoitga tushgan oilalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga har tomonlama imtiyozlar, shart-sharoitlar, qulayliklar doimiy ravishda yaratib berilmoqda.

Ta’lim sohasida, imtiyozli uy-joy olishda, ishga joylashish va madaniy huquqlarimizni istifoda etish sohalarida ham barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, BMT Qo‘mitasi yig‘ilishida xalqaro ekspertlar bildirgan fikr-mulohazalar O‘zbekistonda amaldagi milliy qonunlar va xalqaro shartnomalar talablari maqbul darajada bajarilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Aytaylik, ushbu muhim global sammitda erkin ishtirokimiz ta’minlangani ham O‘zbekiston rahbariyatining, bir tomondan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyalashish jarayonini jadallashtirishga qaratilgani siyosatidan dalolat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini anglatadi.

Qolaversa, bu – davlatimizning Vatanimiz fuqarolarining siyosiy, shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, boringki, barcha huquqlarini kamsitishlarsiz amalga oshirish tamoyiliga so‘zsiz rioya qilinishiga qat’iy sodiqligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

 

Oydin Ibrohimova yozib oldi

 

Powered by GSpeech