Jahonning turli mamlakatlarida akademik Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yil boshidan buyon Rossiya shaharlarida tashkil etilayotgan taqdimot tadbirlari shular jumlasidandir.
2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi va g‘oyalari, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida xalqimizning beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi o‘z mujassamini topgan.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.
Shu ma’noda, 2021 yilda “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MChJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida katta adadda chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli salmoqli kitob poytaxtimizda muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2022 yil 22 fevral kuni mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Chelyabinsk shahridagi Janubiy Ural davlat universitetining anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan G‘alaba bog‘iga bag‘ishlangan mazkur kitobning navbatdagi taqdimoti o‘tkazilgan.
Tadbirda Chelyabinsk viloyatining Iqtisodiy taraqqiyot vaziri N.Lugacheva, Chelyabinsk viloyati Qonunchilik palatasining Ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari I.Egorov, Chelyabinsk viloyati ta’lim vaziri o‘rinbosari Ye. Sidorchuk, Janubiy Ural davlat universiteti, Janubiy Ural davlat agrar universiteti, Janubiy Ural davlat tibbiyot universiteti rektorlari, Chelyabinsk davlat madaniyat instituti prorektori, Chelyabinsk viloyati madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish qo‘mitasi raisi A. Fedichkin, Chelyabinsk viloyati arxiv ishlari qo‘mitasi raisi S.Ivanov, Janubiy Ural savdo-sanoat palatasi raisining vitse-prezidenti I.Aristov, Chelyabinsk va Kurgan viloyatlari musulmonlari idorasi raisi R. Raev, Chelyabinsk viloyatining bir qator muzey va kutubxonalari rahbarlari, biznes, ishbilarmon doiralar va jamoat vakillari, shuningdek, Janubiy Ural davlat universiteti talabalari hamda N.Jukovskiy va Yu.Gagarin nomidagi Harbiy-havo kuchlari akademiyalarining Chelyabinsk shahridagi filiali kursantlari – jami 120 dan ortik kishi ishtirok etgan.
Ishtirokchilarga dastlab kitob muallifi A.Saidovning shaxsi, uning O‘zbekiston diplomatiyasi va yurisprudensiyasida tutgan o‘rni hamda xalqaro mavqei borasida ma’lumot berilgan. So‘ngra kitobning yozilish sabablari, undagi statistik raqamlarning yangi arxiv ma’lumotlari asosida keltirilganligi, O‘zbekistonning G‘alaba yo‘lida har bir sohada qo‘shgan hissasi haqida atroflicha so‘z yuritilgan.
Kitob 2020 yili koronavirus pandemiyasi davriga qaramasdan Prezident Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” majmuasiga bag‘ishlab yozilgan. Shu bois uning sahifalarida bog‘ suratlari keng namoyish etilgan, majmua tarkibidagi har bir yodgorlik ma’no-mohiyati chuqur ochib berilgan.
Kitob taqdimotida Ikkinchi jahon urushi davrida yurtimizga evakuatsiya qilingan rus, ukrain va belarus ziyolilarining o‘zbek xalqi va uning yuksak insoniy xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan she’rlari va so‘zlaridan iqtiboslar keltirildi.
Shuningdek, “G‘alaba bog‘i”ning barpo etilishi va taqdim etilgan kitobning chop etilishi zamirida, avvalambor, o‘sib kelayotgan yosh avlodda Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini rivojlantirish, ularni tarixiy xotirani unutmaslik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam ekani alohida ta’kidlandi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Chelyabinsk viloyati rasmiy shaxslari va jamoat vakillari jang maydonlarida qon to‘kkan o‘zbek o‘g‘lonlari va front ortida Uralda, xususan, Chelyabinsk viloyati hududida ham mehnat qilib, g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan o‘zbek xalqi farzandlarining o‘rni va ahamiyati doimo e’tirof etilishini bildirdilar.
Chelyabinsk viloyati Qonunchilik palatasining Ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari I.Egorov O‘zbekiston qadrdon do‘st va ishonchli hamkor ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Rossiya va O‘zbekistonni faqatgina iqtisodiy aloqalar emas, balki umumiy xotira rishtasi ham bog‘lab turadi.
O‘z navbatida, Janubiy Ural davlat universiteti rektori A.Shestakov so‘nggi paytlarda universitet maydonchasida ushbu turdagi muhim tadbir o‘tkazilmaganini ma’lum qilib, taqdim qilingan kitob muallifiga alohida minnatdorchilik izhor etdi.
“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimotidan so‘ng Chelyabinsk viloyati hokimiyati mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlari, viloyat kutubxonasi hamda milliy va diniy jamoat tashkilotlari rahbarlariga kitoblar esdalik sifatida taqdim qilindi. Yuqori sifat va jozibador ko‘rinishda nashr etilgan salmoqli kitob mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida Ikkinchi jahon urushi davrida sobiq ittifoqning aksariyat g‘arbiy respublikalaridan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yosh bolalar va еtimlarga boshpana bergan hamda ularni o‘z tarbiyasiga olgan o‘zbekistonlik Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan “Sen еtim emassan” badiiy filmi namoyish etildi. Tadbir qatnashchilariga mazkur film ham nihoyatda manzur bo‘ldi.
Kitob taqdimoti va badiiy film namoyishidan ko‘zlangan maqsad – Rossiya va sobiq ittifoqning boshqa respublikalari singari O‘zbekiston ham Ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga o‘z farzandlarining qoni va mehnati bilan munosib hissa qo‘shganligini hamda o‘zbek onalari rus, belarus, yahudiy va boshqa millatga mansub еtim bolalarni qalbiga bosib parvarish qilganini yana bir bor rossiyaliklarga, xususan, o‘sib kelayotgan avlodga еtkazishdan iborat edi. Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani va Chelyabinsk ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani ko‘zlangan maqsadga erishilganidan dalolat beradi.
Haqiqatan ham, “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi Ikkinchi jahon urushida beqiyos mardlik va jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik jangchilar, front ortida matonat va buyuk insonparvarlik fazilatlarini namoyon qilgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va keng miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu kitob turli mamlakatlar ilmiy-ijodiy doiralari tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.02.2022
- Ko'rishlar: 2563
- Chop etish