2022 yil 2 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lganligining 30 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yichaO‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu tadbirning ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Muloqotda Milliy markaz doktorantlari qatnashdi.
Ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va BMT o‘rtasidagi 1992 yil 2 martda asos solingan hamkorlikning asosiy bosqichlari va istiqbolli yo‘nalishlari keng muhokama qilindi. Ishtirokchilar BMT doirasida e’lon qilinayotgan O‘zbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashida O‘zbekiston Respublikasi a’zoligining asosiy vazifalari, O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan keng fikr almashdilar.
BMT dunyoda kechayotgan har qanday siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish, mintaqaviy mojarolarni bartaraf etish, tabiiy ofatlarning oldini olish, qashshoqlikka qarshi kurashish kabi keng qamrovli muammolarni hal etish yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda. BMTga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi yagona va eng obro‘li xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida BMTning faol a’zolaridan biriga aylanganligi, BMT minbari mamlakatimizning global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surishda muhim platforma vazifasini bajarayotganligini alohida e’tirof etdilar.
Eng muhimi, O‘zbekistonning BMT minbari ilgari surayotgan progressiv tashabbuslari hayotda o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Masalan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyoni barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish haqidagi g‘oyasi asosida 2018 yilning 20 iyunida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” deb nomlangan rezolyusiya qabul qilindi.
Mamlakatimiz rahbarining “Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq fojeaviy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish” yuzasidan bildirgan taklifi asosida esa 2018 yil 27 noyabrda Nyu-Yorkda BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tashkil qilindi.
Yana bir misol. Prezidentimizning taklifi asosida 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilindi. Mazkur rezolyusiyani Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq mamlakatlar qo‘llab-quvvatlab,uning hammuallifi bo‘ldilar.
O‘zbekiston yetakchisining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi muhim taklifi ham hayotga to‘liq tatbiq etildi. So‘nggi uch yil ichida mazkur muloqot uchrashuvlarini o‘tkazish doimiy tus oldi va u mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Mintaqadagi barcha davlatlarning rahbarlari ishtirok etayotgan maslahat uchrashuvlarida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, suv-energetika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kabi mintaqa hayotiga oid muhim masalalar ochiq muhokama etilib, muhim kelishuvlarga erishilmoqda.
Qayd etilganidek, BMT tomonidan 2015–2030 yillarda Barqaror taraqqiyot maqsadlarini elon qilingan bo‘lib, u insoniyatni himoya qilish va uning farovonligini oshirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlarni mamlakatimiz hayotiga tatbiq etishning aniq taktika va strategiyasi belgilab olingan. Chunonchi, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonni BMT tuzilmalari orqali dunyo hamjamiyatiga keng tanitish bilan bog‘liq ibratli amaliyotni izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro hamkorligida inson huquqlari masalasi alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, 2020 yilda mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangandan so‘ng ushbu sohadagi hamkorlik yuqori bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekistonning ushbu muhim xalqaro tuzilmaga saylanishi, shubhasiz, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini izchil ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ko‘p ishlar qilindi. Birgina sohaning qonunchilik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha 30 dan ziyod qonunlar qabul qilindi. Parlamentimiz tomonidan 10 dan ortiq xalqaro shartnomalar, chunonchi, Xalqaro mehnat tashkilotining muhim Konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
Bundan tashqari, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, gender tenghuquqlilikni ta’minlash, fuqaroligi yo‘q shaxslarga fuqarolik berish, diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda ayblangan shaxslarni ozodlikka chiqarish, kam ta’minlangan aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Shak-shubhasiz, bu ishlar kelgusida ham izchil
davom ettiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 46-sessiyasidagi nutqida inson huquqlari sohasi bundan buyon ham BMT bilan o‘zaro hamkorligimizning muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi va bu borada O‘zbekistonning asosiy taklif va tashabbuslarini e’lon qilindi. Davlatimiz rahbarining ushbu nutqi mamlakatimiz inson va uning huquqlari yo‘lida o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga qaytmasligini, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qilishini va uni faol ilgari surishini yana bir bor namoyon etdi.
Davra suhbatida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda nafaqat BMT bilan, balki uning tarkibiga kiruvchi bir qator ixtisoslashgan muassasalar bilan ham o‘zaro samarali hamkorlik tobora chuqurlashib bormoqda. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, aholini ommaviy emlash masalalarida yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, YuNISEF bilan bolalar salomatligini asrash, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shuningdek, YuNESKO bilan ham izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Zero, bir qator qadimiy shaharlarimiz va buyuk ajdodlarimiz yubiley tadbirlari ushbu xalqaro tashkilot shafe’ligida keng nishonlanmoqda. Mamlakatimiz hududida joylashgan hamda jahon madaniyati namunalarining durdonalari bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga va Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.03.2022
- Ko'rishlar: 3719
- Chop etish