3 mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni

Kundalik hayotda inson atrof tabiiy muhit ifloslanishi yoki unga zarar yetkazilishi holatlari bilan ko‘p ham to‘qnash kelavermaydi yoki har doim ham buni anglab yetmaydi. To ekologik halokat unga shaxsan ta’sir ko‘rsatmaguncha inson ekologik muammolar mavjud emas, deb yuraveradi. Insonning psixologiyasi shunaqa.

Ekologik masalalarda yetarlicha ma’lumot va axborotga ega emaslik ham insonning bu borada harakatsizligining asosiy sabablaridan biridir. Ekologik inqirozdan chiqib ketish uchun ma’muriy qarorlar yetarli bo‘lmasligi mumkin, buning uchun tizimli yondfshuv, jamiyat har bir a’zosining hissasi juda muhim.

Atrof-muhit va tabiat boyliklari, eng avvalo, jamiyat manfaatlari nuqtai nazaridan muhofaza qilinadi. Ona tabiatning in’omlaridan nafaqat biz, balki kelajak avlodlarimiz ham  bahramand  bo‘lishi  kerak.  Iishlab  chiqarishning  juda  tez  sur’atlarda  rivojlanayotgani, aholi sonining ortib borayotgani, tabiiy boyliklarning kamayib, atrof-muhitning chiqindi moddalar bilan ifloslanayotgani tabiat muhofazasini kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalardan biriga aylantirdi.

Chunki ekologik toza muhit Vatan va kelajak avlod taqdirini belgilovchi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Atrof-muhitning sof holda saqlanishi kelajak avlodning har tomonlama sog‘lom o‘sishi garovidir.

Ekologik mas’uliyat insonning o‘zini o‘zi boshqarish, xatti-harakatining uzoq va yaqin oqibatlarini ko‘ra bilish, o‘z va o‘zgalar faoliyatiga nisbatan tanqidiy yondashuv demakdir. Bunda aynan faoliyat uchun jazo olishdan qo‘rqish emas, balki tabiatga nisbatan o‘z xohishiga ko‘ra odob-axloq chegarasidagi talablarga rioya etish ekologik mas’uliyatning asosini tashkil etadi.

Pedagoglarning  xalqaro  ekologik  harakati  umumiy  ta’lim  tizimida  ekologik  ta’limni ustuvor deb biladi. Shu bois global ekologik inqiroz asnosida barcha davlat va hukumatlarga ta’lim sohasida aholisining milliy mentaliteti, diniy qarashlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqqan holda muvofiq ekologik ta’lim siyosatini ishlab chiqishni tavsiya etadi.

Bugungi kunda ekologik ta’lim va ta’lim tizimini ekologiyalashtirish tushunchalari mavjud. Ular bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa-da, ammo ba’zi bir jihatlari bilan farq qiladi.

  Aslida tabiatning yovvoyisi bo‘lmaydi. U xoh insonlar yashaydigan hudud, xoh bizdan olis manzil bo‘lsin bir butun zamin – Ona yerimiz hisoblanadi. Inson qadami yetib borgan yohud kamroq o‘zlashtirilgan hududlardagi hayvonot va o‘simlik olami biz uchun yovvoyi sanalsa-da, butun tiriklik olamidagi umumiy zanjirning bir halqasidir. Demak, yovvoyi sifatida qaralgan hayvon va o‘simliklarni ham birdek qadrlash, asrab-avaylash talab etiladi.

3 mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni. Bunday umuminsoniy bayramning paydo bo‘lishi sayyoramizdagi biologik xilma-xillikni saqlash zarurligini anglab yetish bilan bevosita bog‘liq. 2013 yil 20 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘z rezolyusiyasi bilan keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish maqsadida 3 martni – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni deb e’lon qildi.

O‘sha yili tabiiy xilma-xillikni muhofaza qilish sohasida muhim bir xalqaro hujjat qabul qilinganining 40 yilligi ham keng nishonlanganini ta’kidlash lozim. Bu o‘rinda 1973 yil 3 mart qabul qilingan Yovvoyi fauna va floraning yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlar bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya haqida so‘z bormoqda. 

Yovvoyi tabiatning mutlaq qiymati ekologik, genetik, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy, ma’rifiy, madaniy, rekreatsion va estetik jihatlarga borib taqaladi. Shu bois ko‘pincha odamlar shovqin-suronli shaharlardan kimsasiz, yovvoyi tabiat qo‘yniga oshiqadi.

Tabiatning betakror manzaralari bu olam, hayot naqadar go‘zalligini ko‘rsatadi. Ana shu chiroyga daxl qilish esa insoniylikka xos aslo xos emas. Binobarin, tabiatning sofligini asrab-avaylash va kelajak avlodga butunligicha yetkazish uchun barchamiz mas’ulmiz.

 Ulug‘ alloma ajdodlarimiz hali ekologiya fani dunyoga kelmagan davrlarda tabiat va undagi muvozanat, o‘simlik va xayvonot dunyosi, tabiatni e’zozlash haqida qimmatli fikrlarni aytganlar.

Xususan, Muhammad Muso Xorazmiy: “Bilginki, daryoning ko‘zlari yoshlansa, uning boshiga g‘am, kulfat tushgan bo‘ladi”, deb ta’kidlagan. Buyuk alloma suvlarni ortiqcha sarflash hozirgi kundagi Orol fojiasi kabi noxush hodisalarni keltirib chiqarishini nazarda tutgan bo‘lsa, ehtimoldan holi emas.

Abu Nasr Forobiy odam a’zosining tuzilishi va unda kelib chiqadigan o‘zgarishlar, ya’ni kasalliklar, ovqatlanish tartibining buzilishi, kasallikning oldini olish chora-tadbirlari, shuningdek, tabiiy va sun’iy tanlash haqida muhim ma’lumotlarni bitib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy asarlarida o‘simlik va hayvonlarning biologik xususiyatlari, ularning tarqalishi, tashqi muhit bilan o‘zaro aloqasi va xo‘jalik ahamiyati haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni topish mumkin.

Abu Ali ibn Sino inson sog‘ligini saqlash, parhez, gigiena to‘g‘risida, kasalliklarni, jumladan, asab kasalliklarini davolashda jismoniy usullarni qo‘llash yaxshi natija berishini qayd etgan. O‘simliklardan tabiiy davalovchi doridarmonlar tayyorlashni ko‘rsatib bergan. Tashqi muhit ta’siri muhimligini, ayrim kasalliklar suv va havo orqali tarqalishi haqida fikrlarni bayon etgan.

 Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvi har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Mana shunday betakror go‘zallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish xar birimizning muhim burchimizdir.

 Tabiatning o‘zi zargarga o‘xshaydi. Uning bag‘ridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, o‘rmonlar, hayvonot olami o‘ziga xos olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilishning oldini olish, tabiatni muhofaza qilish yumushlaridan hech qachon hormaylik.

 

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech