Terrorizm va inson huquqlari mavzusi – Toshkent xalqaro konferensiyasi muhokamasida

2022 yil 4 mart kuni Toshkent shahrida “BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini davom ettirdi. Xalqaro anjumanning ikkinchi kuni uchinchi va to‘rtinchi sho‘ba majlislari bo‘lib o‘tdi.

To‘rtinchi sho‘ba majlisi “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi ta’minlanishi – terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi” mavzusiga bag‘ishlandi. Majlisga YeXHTning Transmilliy tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Yelena Kupchina moderatorlik qildi.

Muhokamalar avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston  Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Qozog‘iston Respublikasining Nur-Sulton shahar sudi sudyasi Shinar Yergalieva, Tojikiston Respublikasining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori Guzel Maytdinova, O‘zbekiston  Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiev, Qirg‘iz Respublikasi Akiykatchisi (Ombudsmeni) o‘rinbosari Albert Kolopov, shuningdek,  YeXHTning Bishkekdagi Dasturiy ofisi rahbari Aleksey Rogovning ma’ruzalari tinglandi.

Xususan, A.Saidov xalqaro konferensiyada inson huquqlari masalalariga katta e’tibor berilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoevning Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan o‘zaro uyg‘un va hamohang ekaniga e’tiborni qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, BMTning Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e’tirof etgani bejiz emas.

Toshkent xalqaro anjumani O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining ayni shu sessiyasida ilgari surgan tashabbusi doirasida tashkil etildi. Konferensiyaning BMT shafeligida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilayotgani O‘zbekiston olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan e’lon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha mazkur xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganidek, “Bundan 15 yil muqaddam dunyoning barcha mamlakatlari BMTning Global aksilterror strategiyasini bir ovozdan ma’qullagan edilar. Ushbu hujjat terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan keng qamrovli, umume’tirof etilgan ilk huquqiy asos bo‘ldi. 2011 yilda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati uni ro‘yobga chiqarishga doir Qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqlab, birinchi bo‘lib mazkur dasturiy hujjatni mintaqalashtirish bo‘yicha namuna ko‘rsatdilar”.

Bu o‘rinda mintaqa mamlakatlari terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z milliy tizimlarini shakllantirgani va mamlakatlarning BMT tavsiyalariga to‘liq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqilgani hamda izchil amalga oshirilayotganini alohida qayd etish lozim. Natijada bugun ko‘plab nufuzli xalqaro reytinglarda Markaziy Osiyo dunyoning eng xavfsiz mintaqalari qatoridan o‘rin egallamoqda.

O‘zbekiston BMTning Global aksilterror strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Eng asosiysi, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi oltinchi ustuvor yo‘nalish “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” deb nomlangan. Ushbu ustuvor yo‘nalishning “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish” sarlavhali 82-maqsadida belgilangan amaliy chora-tadbirlar bu borada kelgusida yangi natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda bir qator nufuzli xalqaro va milliy ekspertlarning terrorizm va inson huquqlari mavzusining turli jihatlari bilan bog‘liq fikr-mulohazalari tinglandi. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning xalqaro anjuman ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi.

Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda, BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov masalalari bo‘yicha mutaxassisi Arturo Laurent, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining aksilterror masalalari bo‘yicha  maslahatchisi Yoxannes Xayler o‘z fikrlarini onlayn tarzda bildirdilar.

Xalqaro konferensiyada bevosita ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Jahongir Jo‘raev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i Yevgeniy Kolenko, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Baxtiyor Bobojonov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova ham so‘zga chiqdilar.

Shu bilan Toshkent xalqaro anjumani o‘z ishini yakunladi.

Ikki kunlik global anjuman tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMT Aksilterror boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech