“Mazkur qonunlarning qabul qilinishi qiynoqqa solish oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilar huquqlarining himoyasini kuchaytirishga, ularga yetkazilgan moddiy, ma’naviy va boshqa zararning qoplanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ijro tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi hamda sud va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishi ta’minlanadi”.
Joriy yil 4 mart kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qilar ekan, senatorlar va soha ekspertlari shunday fikr bildirdilar.
Muhokamalarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmatining xabariga qaraganda, majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilingan.
Ta’kidlanganidek, 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksida ko‘plab havolaki normalar mavjudligi, barcha zarur masalalar aniq tartibga solinmagani, uni amaliyotda qo‘llashda bir qator muammolar yuzaga kelayotgani kabi asoslarga ko‘ra mehnat qonunchiligini takomillashtirishga zarurat tug‘ilgan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalardan iborat.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilari manfaatlarining muvozanati ta’minlanadi, ularning ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortadi va tomonlarning mehnatning natijadorligiga qiziqishi rag‘batlantiriladi.
Bundan tashqari, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilish yengillashadi, shuningdek shu sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish mumkin bo‘ladi.
Fuqarolarning mehnat faoliyatiga jalb qilinishining yangi shakllarini faol rivojlantirishni tartibga solish, egiluvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun, jumladan ish beruvchilar tomonidan xodimlarni mehnat jarayoniga jalb qilishning soddaroq, oddiyroq shakllarini tanlashga zamin yaratadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.03.2022
- Ko'rishlar: 2921
- Chop etish