JURNALNING YANGI SONI

 Xalqaro identifikatsiya raqamiga (doi®) ega bo‘lgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining joriy yildagi birinchi soni nashr etildi. Ushbu son 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yiliga bag‘ishlandi.

Jurnalning dastlabki sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdievning “Farovonlik va obodlik mahalladan boshlanadi” nomli maqolasi o‘rin olgan. Maqolada bugungi kunda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ahamiyati va samarali natijalari aniq misollar bilan bayon etilgan. Bu islohotlarni hayotga tatbiq etishda yurtimizda istiqomat qilayotgan 3 million nafarga yaqin nuroniylar ham faol va tashabbuskor ekani yoritib berilgan.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” ruknida o‘zbek, rus va ingliz tilida taqdim etilgan maqolalar ham o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi.

Xususan, akademik Akmal Saidovning “New Uzbekistan on the way of the ongoing reforms” nomli maqolasida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi batafsil tahlil qilinib, unda insonparvarlik eng ustuvor tamoyil ekani asoslab berilgan. Mamlakatimizda demokratik islohotlarning yangi bosqichini boshlab bergan Taraqqiyot strategiyasi mohiyatida xalqni rozi qilish, inson qadrini yuksaltirish g‘oyalari mujassamligi ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonovning “Strategiya razvitiya Novogo Uzbekistana slujit dostijeniyu novыx seley i vozmojnostey v razvitii nashey stranы” nomli maqolasida esa Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yetti ustuvor yo‘nalish birma-bir sharhlangan.

Akademik Qalandar Abdurahmonovning “Raqamli iqtisodiyot – yuksalishning asosiy “drayver”i” nomli maqolasi ham diqqatga sazovor. Unda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalari, ularni amalga oshirishda erishilayotgan natijalar va yangi taraqqiyot rejalari tahlil qilingan. Bugungi kunda aholi farovonligini oshirishda raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver”ga aylanib borayotgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ahamiyati, ushbu zamonaviy va samarali sohada kadrlar tayyorlash masalalari ochib berilgan.

Shuningdek, jurnal sahifalaridan o‘rin olgan M.Musaev, A.Saidov, A.Sattorov, A.Saitqosimov, F.Amonov, A.Egamberdiev, M.Kaxarova, R.Mirzaev, Z.Fayzievning o‘zbek tilidagi, J.Ramatov, A.Ibragimov, M.Shermatov, O.Nizomiddinxo‘jaev, Z.Zamonov, S.Ishmuratova, I.Zoirova, R.Umarovaning ingliz tilidagi, M.Vinogradov, K.Olimova, O.Norboev, O.Pirmatov, Sh.Tanimov, O‘.Ochilov, T.Qurbonov, F.Ismailovaning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.

Yana bir yangilik: jurnalning ushbu sonida e’lon qilingan eng sara ilmiy maqolalarga ilk bor xalqaro identifikatsiya raqami (doi®) berildi.

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yangi sonini www.dhrjournal.uz veb-sayti orqali onlayn to‘lov yo‘li bilan xarid qilishingiz mumkin.

Maroqli mutolaa zavqi hamrohingiz bo‘lsin!

 

 “Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali tahririyati

Powered by GSpeech