Gender tenglik qonunchiligini takomillashtirish: milliy tajriba va xalqaro amaliyot

Bugungi kunda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash yuzasidan izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash hamda aholining gender tenglik bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilanib, izchil amalga oshirib kelinmoqda.

2022 yil 25 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida  bo‘lib o‘tgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.  Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbir Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov gender tenglik qonunchiligini takomillashtirish borasidagi milliy amaliyot va xorijiy tajribaning ilg‘or jihatlari haqida atroflicha to‘xtaldi. Bu borada alohida huquqiy to‘plam va qo‘llanmalar tayyorlash hamda nashr etish takliflarini ilgari surdi.

Davra suhbatida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar hamda xalqaro tajriba va amaliyot tahlil qilindi. Gender tenglik sohasidagi kamsitishlar va ayollar huquqlarining buzilishi masalalari, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi hamda O‘zbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunchilik holati, uni takomillashtirish bilan bog‘liq muammolarning yechimlari alohida muhokama mavzusiga aylandi.

Shuningdek, «Oila va xotin-kizlar» ilmiy-tadqiqot instituti va Yuristlar malakasini oshirish markazi ekspertlari tomonidan davra suhbati ishtirokchilariga  “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi. Ayollar uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, ularni ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, mamlakat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvida ayollar hisobiga rahbar kadrlar safini kengaytirish, xotin-qizlarni jamiyatning faol qatlamiga aylantirishga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, tadbirda USAIDning “Huquqiy  islohotlar  dasturi” doirasida gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Dastur mutaxassislari tomonidan ishtirokchilar uchun gender ta’limning dolzarbligi, gender yondashuv borasida samarali ish olib borish saboqlari bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Ma’lumot uchun: USAIDning “Huquqiy  islohotlar  dasturi” O‘zbekistonda  qonun  ustuvorligini yanada rivojlantirish, huquqshunos mutaxassislar va o‘quv muassasalarining salohiyatini oshirish, fuqarolarning  odil  sudlovdan  foydalanish  imkonini  kengaytirish,  fuqarolik  jamiyati institutlarining  faoliyati  uchun  huquqiy  muhitni  takomillashtirish,  gender  tenglikni rag‘batlantirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. USAID ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyatining asosiy ishtirokchilari bilan hamkorlik qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech